a9e9b083c613ca734e6d2797e43c3da4Germaniyaning Gamburg shahrida mamlakatimizning iqtisodiy va sayyohlik salohiyatiga bag’ishlangan taqdimot bo’lib o’tdi. Unda mazkur davlat jamoatchilik, akademik va ishbilarmon doiralari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir chog’ida ishtirokchilarga respublikamizda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar, iqtisodiyotni modernizatsiyalash va sanoatni diversifikatsiya qilish jarayoni haqida batafsil ma'lumot berildi.

Shu nuqtai nazardan, mehmonlar e'tibori Toshkentda o’tkazilgan Xalqaro sarmoyaviy forum, IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsion birjasi hamda Germaniya-O’zbekiston ishbilarmonlar kengashi ikkinchi yig’ilishining yakuniy natijalariga qaratildi.

Bundan tashqari, O’zbekistonning yuksak sayyohlik salohiyati hamda respublikamizda mazkur soha infratuzilmasi, mehmonxona biznesi, transport va xizmat ko’rsatish sohalarini rivojlantirish bo’yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida ma'lumotlar aks etgan buklet va broshyuralar tadbir ishtirokchilari e'tiboriga havola qilindi.

Milliy hunarmandchilik va amaliy bezak san'atining turli namunalarini o’z ichiga olgan, shuningdek, mamlakatimizning betakror tarixiy obidalari, mustaqillik yillarida erishilgan muvaffaqiyatlar, amalga oshirilayotgan keng ko’lamli siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning natijalari, yurtimizning sarmoyaviy salohiyati haqidagi ma'lumotlar aks etgan O’zbekiston milliy bo’lmasi mehmonlarda katta qiziqish uyg’otdi.

Taqdimot chog’ida yurtimizning tarixiy va madaniy merosi hamda zamonaviy taraqqiyotiga bag’ishlangan hujjatli kinofilm namoyish etildi.

Tadbir mehmonlari o’zbek milliy taomlaridan bahramand bo’lish bilan birga ushbu sohaga oid milliy an'analarimiz bilan yaqindan tanishdilar.

“Jahon” axborot agentligi muxbiri ayrim ishtirokchilar bilan mamlakatimizning mustaqillik yillarida qo’lga kiritgan muvaffaqiyatlari hamda iqtisodiy sohadagi hamkorlik istiqbollari haqida suhbatlashdi.

Xususan, Germaniyaning “APA-KANDT” kompaniyasi direktori Antonius Verle O’zbekistonning yuksak iqtisodiy salohiyatini etirof etish barobarida quyidagilarni ta'kidlab o’tdi:

- Kompaniyamiz mashinasozlik mahsulotlari ishlab chiqarish hamda sellyuloza-qog’oz sanoati sohasiga ixtisoslashtirilgan. 40 yildan ortiq davr mobaynida xalqaro bozorda, shu jumladan, O’zbekistonda ham muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqdamiz.

O’zbekiston rahbariyatining mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiyalash va modernizatsiya qilishga qaratilgan sa'y-harakatlari yuksak e'tirofga loyiq. Respublikada har yili dunyoning qator mamlakatlari, shu jumladan, Germaniyadan tashrif buyurgan ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida turli xalqaro iqtisodiy forumlar, sanoat yarmarkalari va boshqa yirik tadbirlar o’tkazilmoqda.

O’zbekiston Germaniyaga eng muhim savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri sifatida qaragani holda, nemis sarmoyalarining mamlakat iqtisodiyotiga jalb etilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berayotganidan bag’oyat mamnunmiz. Hozirda bu borada «Made in Germany» nomi ostidagi nou-xau va ilg’or texnologiyalarga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Yaqinda Toshkentda bo’lib o’tgan Xalqaro sarmoyaviy forum, IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsion birjasi, shuningdek, Germaniya-O’zbekiston ishbilarmonlar kengashi ikkinchi yig’ilishining yakuniy natijalari xorijiy sarmoyadorlar va biznes vakillarining O’zbekiston bilan o’zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanligidan dalolat beradi. O’z navbatida, biz ham o’zbekistonlik sheriklarimiz bilan hamkorlikni izchil davom ettirish niyatidamiz.

 “Jahon” AA, Berlin