c51c97f0b7d76f62748146666c1d1bdeXitoy Xalq Respublikasida chop etiladigan «Dunfan Szabao» («Sharq tongi») gazetasida «O’zbekiston 2016-yilgi iqtisodiy ustuvorliklarning ijrosiga ishonadi» sarlavhali maqola bosilib chiqdi.

Maqola muallifi - mazkur nashrning Xalqaro yangiliklar departamenti direktori Vey Sin O’zbekistonda mustaqil rivojlanish yillari davomida iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni mustahkam himoya qilish, biznes yuritish uchun qulay sharoitlarni yaratish, sanoatni rivojlantirish maqsadiga yo’naltirilgan  chuqur o’ylangan strategiya amalga oshirilayotganini qayd etadi.

«Natijada respublikada yalpi ichki mahsulot o’sishining yuqori sur'atlari hamda makroiqtisodiy muvozanat ta'minlanmoqda, deb yozadi gazeta. 2015-yil yakunlari bo’yicha yalpi ichki mahsulot 8 foizga o’sdi, davlat byudjeti profitsiti va tashqi savdo aylanmasida ijobiy saldo ta'minlandi. Pul qadrsizlanishi darajasi prognoz ko’rsatkichlaridan oshmadi».

Vey Sin faol sarmoyaviy siyosat olib borilayotgani tufayli O’zbekiston iqtisodiyotiga chet el kapitalini yotqizish hajmlari tobora oshib borayotganini alohida ta'kidlaydi. «2015-yili 15 milliard AQSh dollaridan ziyod investitsiya jalb etildi. Ularning 21 foizdan ortig’i xorijiy investitsiyalardir. Ularning  katta qismi yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishga yo’naltirildi».

2015-yilda mamlakatimizda 980 mingdan ortiq ish o’rni tashkil qilingan bo’lsa, shuning 60 foizdan ziyodi qishloq joylarda yaratilgani ham muallifning e'tiboridan chetda qolmagan. Shuningdek, Xitoy jurnalisti respublikamizda qishloq xo’jaligi jabhasi, bank-moliya sohasi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi, aholi farovonligining yuksalishi bilan bog’liq boshqa atroflicha ma'lumotlarni ham nashr o’quvchilarining diqqatiga havola qilgan.

«Jahon» AA, Shanxay