8ba266184c496cd47dd49e82f96d6666Hozirgi kunda Toshkent tom ma'noda megapolis shaharlardan biriga aylangan. Bu yerda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari nafaqat hudud aholisiga qulay yashash sharoitini yaratmoqda, balki poytaxtimizga tashrif buyurayotgan mehmonlarning ham havasini keltirayotir. Ayniqsa, keyingi yillarda  ko’kalamzorlashtirish, “yashil hudud”lar barpo etish yuzasidan ko’rilayotgan chora-tadbirlar tahsinga loyiq.

Umumiy maydoni 34,8 ming gektarni tashkil qiluvchi shaharning foydalaniladigan qismi 7 ming gektardan, ko’kalamzorlashtirilgan joylari esa 15,2 ming gektardan iborat ekanligi ana shundan dalolat beradi.

Ayni paytda Toshkent shahrida 220 turdan ortiq daraxt va butalar mavjud bo’lib, ularning aksariyati qarag’ay, qoraarcha, eman, qayrag’och, qoraqayin, katalpa, Sharq chinori hisoblanadi. Qolaversa, shaharni obodonlashtirish maqsadida bahor hamda kuz fasllarida ommaviy ravishda daraxt ko’chatlari ekilayotgani ham bosh kentimiz chiroyiga chiroy qo’shayapti.

Ma'lumki, zilziladan so’ng shaharda daraxt ko’chatlarining yetishmasligi natijasida shumtol, zarang, terak, chinor, tol kabi daraxtlardan keng foydalanilgan edi. Mutaxassislarning aytishicha, ularning ayrimlarida inson sog’lig’iga, atrof-muhitga salbiy ta'sir ko’rsatuvchi xususiyat mavjud. Shu bois keyingi yillarda bunday daraxtlar o’rniga ham foydali, ham manzarali daraxt va boshqa o’simliklar o’tqazishga alohida e'tibor qaratilayapti.

Ta'kidlash joizki, shahardagi istirohat bog’lari hamda ko’plab dam olish xiyobonlari xorijdan keltirilgan lola daraxti, magnoliya, jo’ka, qog’oz daraxti, yapon soforasi, -shamshod, sarv kabi ekzotik o’simliklar bilan boyitilayotgani uning husn-tarovatini oshirmoqda. Aslida ko’kalamzorlashtirish talablariga ko’ra, yashash joylarida aholi jon boshiga to’g’ri kelishi maqsadga muvofiq, deb hisoblangan yashil maydon me'yori 50 kvadrat metr qilib belgilangan bo’lsa-da, hozirgi kunda poytaxtimizda mazkur ko’rsatkich 69 kvadrat metrni tashkil etayotir. Shu ma'noda, O’zbekiston poytaxtida “yashil hudud”lar maydoni quruq va issiq iqlimga qaramasdan, Sankt-Peterburg, Pekin, -Moskva, Sietl kabi yirik shaharlardan 2-3 marotaba ortiq ekanligi faxrlanarli holdir.

Bundan tashqari, o’tgan yili Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo’mitasiga -dov-daraxtlarning kesilishi bilan bog’liq mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan bo’lsa, barchasi mutaxassislar tomonidan o’z vaqtida o’rganib chiqildi. Lekin aksariyat -hollarda daraxtlarning kesilishi masalasini joyida o’rganmasdan yoki surishtirmasdan turib, asossiz ravishda shikoyatlar qilish holati ham uchrashi bor gap. Ana shularning oldini olish maqsadida 2014 -yilning 20 oktyabrida Vazirlar Mahkamasining “Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o’tish tartibi to’g’risida”gi qarori qabul qilingani ayni muddao bo’ldi. Endilikda qo’mitamiz inspektorlari o’simlik dunyosini asrash yuzasidan doimiy nazorat ishlarini olib borayapti.

Yana bir e'tiborli jihati, shahrimizda ekoarxitekturaga ham jiddiy e'tibor qaratilayotir. Ya'ni poytaxtning Beruniy ko’chasidan Chig’atoy darvoza, Sariq suv, Qorasaroy ko’chalarigacha yangi avtomobil halqa yo’lining qurilishi, “Anhor” kanali qirg’og’ining Navoiy ko’chasidan “Shahidlar xotirasi” xiyobonigacha bo’lgan qismi tubdan obodonlashtirilishi, Choshtepa ko’chasining zamon talablari darajasida kengaytirilishi natijasida transport harakatlari yaxshilanib, aholi uchun ham talay qulayliklar -yaratildi.

Bunday sa'y-harakatlar hududni ekologik jihatdan toza shaharga aylantirishdek ezgu maqsadga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Zero, musaffo havo va go’zal manzaralar sog’lom turmush garovi sanalishi bejiz emas.

Shahlo ABDUJALILOVA,

Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish  qo’mitasining o’simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish guruhi mutaxassisi.