Bugun “Toshkent” xalqaro aeroportiga "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi tomonidan xarid qilingan ikkinchi “Boeing-787-8 Dreamliner” samolyoti kelib qo‘ndi. 



Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi bosh direktori V.Tyan va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasini jadal rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilgani milliy aviakompaniyamiz parkini muntazam yangilab borish, uning infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xalqaro andozalar darajasida yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish, parvozlar xavfsizligini ta’minlash uchun keng imkoniyatlar berayotganini ta’kidladi. 

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi 1996-yildan buyon AQShning dunyoga mashhur “Boeing” korporatsiyasi bilan hamkorlik qilib kelmoqda va undan yigirmaga yaqin “Boeing” samolyotini xarid qildi. 

Mustaqilligimizning 25-yillik bayrami arafasida «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi ilk “Boeing-787-8 Dreamliner” samolyotini sotib olgan edi. Uning nomi inglizchadan tarjima qilinganda “Orzu layneri” degan ma’noni anglatadi. 

Ushbu havo kemasining aksariyat qismi noyob kompozitsion materiallardan ishlangan. Bu uning vaznini yengillashtirish, parvoz xususiyatlarini yaxshilash imkonini bergan. Samolyot ishonchlilik, xavfsizlik va tejamkorlik nuqtai nazaridan ham ko‘plab afzalliklarga ega. Shu bois u uzoq va juda uzoq masofalarga to‘xtovsiz ucha oladi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu zamonaviy havo layneri 16 soat uzluksiz parvoz qilishi mumkin. “Dreamliner” O‘zbekistondan AQSh, Kanada, Avstraliya va Afrika mamlakatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz qilishi mumkin.

Yangi samolyotlardan foydalanish uchun yer usti infratuzilmasi, muhandis-texnikaviy va uchuvchilar tarkibini tayyorlash bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasida yuqori malakali 18 uchuvchi va 2 uchuvchi-instruktordan iborat yangi guruh shakllantirildi.  

Uchuvchilarimiz milliy aviakompaniyamiz parkida mavjud bo‘lgan samolyotlardan texnik va texnologik jihatdan tubdan farqlanuvchi yangi “Boeing-787-8 Dreamliner” samolyotini qisqa muddat ichida muvaffaqiyatli o‘zlashtirdi. 

Mamlakatimizga olib keltirilgan birinchi “Boeing-787-8 Dreamliner” samolyotining tijorat ekspluatatsiyasi 5-sentabrda boshlandi. Xalqaro yo‘nalishdagi ilk parvozi 9-sentabrda Olmaota shahriga amalga oshirildi. Bugungi kunda ushbu samolyot Olmaota, Dubay, Dehli, Istanbul, Tel-Aviv, Moskva va boshqa yo‘nalishlarda parvoz qilmoqda. 

Bugun «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi parki yana bir yangi “Boeing-787-8 Dreamliner” samolyoti bilan boyidi. Sietldan Toshkentgacha 12 soatga yaqin davom etgan uzluksiz parvoz muvaffaqiyatli bajarildi. “Boeing-787-8 Dreamliner” samolyotini “Boeing” korporatsiyasi zavodida "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi bosh direktorining o‘rinbosari Gennadiy Xarlap va "Uzbekistan Airways Technics" aviakorxonasi direktori o‘rinbosarlari Andrey Margachyov va Valeriy Kosov qabul qilib oldi.

Ushbu yangi “Boeing-787-8 Dreamliner” samolyotini O‘zbekistonga milliy aviakompaniyamiz ekipaji – uchuvchi-yo‘riqchi Andrey Tyan, ikkinchi uchuvchi Yuriy Gorkov hamda aviakompaniya bosh shturmani Stanislav Gurfinkel boshqarib keldi. 

– Mazkur yangi avialayner tejamkorligi, boshqarishning yanada qulayligi va salonda yo‘lovchilarga eng zamonaviy sharoit yaratilgani bilan ajralib turadi, – deydi Andrey Tyan. – Yo‘lovchilar uzoq mamlakatlarga parvoz paytida to‘xtamay o‘z manziliga etib olishni istaydi. Mazkur samolyot ularning bu istagini bajara oladi. Shunday zamonaviy samolyotni boshqarish nasib etganidan xursandman.   

Joriy yilning sentabrida «Boeing» korporatsiyasi prezidenti R.Konnerning mamlakatimizga tashrifi davomida yana uchta yangi samolyot xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Milliy aviakompaniyamizning dastlabki ikkita “Boeing-787 Dreamliner”i 787-8 modifikatsiyasiga mansub. Yangilarining o‘rindiqlar soni ko‘paytirilgan va umumiy o‘lchami uzaytirilgan 787-9 modifikatsiyasidan sotib olish ko‘zlangan.  

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Zokirov ishtirok etdi.