O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov va mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning nomlari Ispaniyaning taniqli tahliliy mahkamalaridan biri - Barselona Xalqaro munosabatlar markazi tomonidan e'lon qilingan 2016-yilda xalqaro hayotning 40 nafar yetuk shaxslari ro’yxatidan o’rin oldi.

Har yili tuziladigan ro’yxatga o’z faoliyati bilan ajralib turadigan dunyoning yetakchi siyosat va jamoat arboblari hamda nohukumat tashkilotlari vakillarining nomlari kiritiladi.

2016-yil reytingida ushbu ro’yxatdan O’zbekistonning birinchi va hozirgi prezidentlarining nomlari o’rin olganini izohlar ekan, “yetuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov yangi mustaqil davlatning asoschisi edi va sobiq Ittifoq parchalanganidan so’ng O’zbekistonning shakllanishida katta rol o’ynadi”, deya ta'kidlashadi ro’yxatni tuzuvchilar.

O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti shaxsiyatiga berilgan yuksak baho o’zini xalqining farovonligi va Vatanining ravnaqi yo’lida xizmat qilishga bag’ishlagan Islom Karimovning xotirasiga bildirilgan yana bir ehtirom bo’ldi.

Shu bilan birga, Barselona Xalqaro munosabatlar markazi ekspertlari O’zbekistonning tajribali bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev Prezident saylovida ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 88,61 foiz ovozini olib, ishonchli g’alabani qo’lga kiritganini qayd etishadi. Shuningdek, ispan tahlilchilari Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida O’zbekistonning tashqi siyosatida yangicha an'analarni kutish mumkinligini ta'kidlashadi.

Mazkur reyting O’zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganidan hamda mamlakatimizda zamonaviy demokratik davlat barpo etish yo’lida erishilayotgan yutuqlarning dunyo hamjamiyati tomonidan e'tirof etilayotganidan dalolatdir.

“Jahon” AA, Madrid