Elimizning quvonchli bayrami – Navro’z ayyomi Respublika Baynalmilal markazi binosi oldidagi A.Pushkin bog’ida ham keng nishonlandi. Bu yerda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan milliy madaniyat markazlarining stendlari tashkil etilib, ularning faoliyatlari haqidagi fotosuratlar, milliy bahoriy taomlari hamda qo’shiq va raqslar namoyish etildi.

Shuningdek, bu yerda o’tgan umumxalq saylida poytaxtimiz ahli va mehmonlari bilan birga mamlakatimizda akkreditatsiyadan o’tgan xalqaro tashkilotlar va diplomatik vakolatxonalar xodimlari ham xalqimiz shodiyonasiga sherik bo’ldilar.

“Jahon” axborot agentligi muxbiri ayrim mehmonlarning bayramona kayfiyati bilan qiziqdi.

Riad al Kaabiy, Saudiya Arabistoni Podshohligining O’zbekiston Respublikasidagi elchixonasi konsuli:

- O’zbekistonda nishonlanayotgan bahor bayramiga taklif etilganimiz va unda qatnashayotganimizdan mamnunmiz. Ayni paytda elchixonamiz nomidan mamlakatingiz xalqini, bu yerda o’z milliy madaniyatlarini namoyish etayotgan barcha millat va elat vakillarini ushbu ayyom bilan samimiy qutlaymiz.

Dunyoning ko’plab mintaqalarida mavsumlar bilan bog’liq nishonlanadigan sanalar ko’p bo’lsada mamlakatingizdagi bayramlarning o’zgacha gashti bor. Tilagim tabiat uyg’onayotgan, yangilanishlar davri bo’lgan bahor ayyomi yurtingiz xalqiga qutlug’ kelsin, tinch va ahil elning bayramlari ko’p va yanada quvnoqlikda o’taversin.

Shamil Kaykiyev, Qirg’iziston Respublikasining O’zbekistondagi elchixonasi maslahatchi-konsuli:

- Navro’z haqiqatan ham xalq sayli, xalq bayrami bo’lmoqda – u o’zining mohiyatan ellarni birlashtirish xususiyatini yana bir bor namoyish etmoqda. Bu yerda kimga qaramang – barchasi xursand, bir-birlarini ayyom bilan qutlagan, ochiq chehra bilan bayram tilaklarini ulashayotganining guvohi bo’lasiz. Jumladan, turli millat va elatlarning madaniyat markazlari tashkil etgan stendlarni tomosha qilib ko’zingiz quvnaydi, O’zbekistonda totuvlik va hamjihatlikda istiqomat qilayotgan turli xalqlarning milliy taomlari hidlari dimog’ingizni qitiqlaydi, kuy-qo’shiqlari bevosita raqsga boshlaydi. Bunday stendlar orasida qirg’iz madaniyat markazi ham mavjudligi bizni quvontiradi, albatta.

Qulay fursatdan foydalanib, qardosh O’zbekiston xalqini yangilanish ayyomi – Navro’z bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.

***

Quyida Respublika Baynalmilal markazi binosi oldidagi A.Pushkin bog’ida nishonlangan Navro’z bayrami aks etgan suratlar e'tiboringizga havola etilmoqda.

“Jahon” AA