UZB TKM

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-mart kuni Anqara shahridagi Turkiy davlatlar tashkiloti navbatdan tashqari sammiti doirasida Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘tgan yilgi tarixiy ahamiyatga ega oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Turli darajalardagi faol muloqot va almashinuvlar, yaqinda o‘tgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishining samarali yakunlari, tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari oshayotgani va ustuvor tarmoqlarda sheriklik kengayib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

“Shovot-Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish ishlarini boshlash hamda energetika, mashinasozlik, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda muhim kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga muhim e’tibor qaratildi.

Mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilinib, bo‘lajak tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.