JADIDLAR

...Jonim azobda qoldi. Yuragimni ochib so'zlaydigan kimsam yo'q. qalbimni qog'ozga to'kib solmoqchiman. Shu niyatda qo'limga qalam oldim. Menim vijdonim pok edi. Men berilib, vijdon bilan mehnat qilardim. ammo hech qachon jinoyat qilmagan esam-da, meni yana qamoqxonaga tashladilar. o, qanchalar azobda qolganimni bilsalar edi... 1954 yilda yana yurtimga qaytib keldim va urganchning qoramon qishlog'ida ishlay boshladim... ...Matbuot — ijtimoiy hayot maktabidir! Matbuot — kishilarni olg'a undovchi bayroq! Shunday ekan, mening nega gazeta o'qishim mumkin emasligini tushuna olmayman. ona yurtida nima bo'layotganidan bexabar kishi unga qanday xizmat qila oladi, o'z xalqiga qanday foyda keltira oladi?”.

Qatag'on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi ilmiy xodimi Bahrom Irzaev hamrohligida o'zbek jadid xotin-qizlarining maqolalari va maktublari bilan tanishar ekanmiz, o'sha suronli yillarda yangi bir hayot qurish istagida katta yo'lga otlangan jadid bobolarimiz safidagi o'zbek ayollari qismati hukmron zamonning shafqatsiz mashinasi ostida yanchib tashlanganiga guvoh bo'lamiz. Biroq... ularning qisqa bo'lsa-da, ibratli qismati biz uchun o'lmas saboqdir!


Ona yurtimiz, millatimiz ravnaqi, ilmu ma'rifati yo'lida jon bergan bobolarimiz va momolarimiz nomlarini takror-takror tilga olgan daqiqalarda ularning ezgu g'oyalari qalbimizda tirilgani sayin o'zimiz ham ana shu buyuk kuch — Ona Vatan sha'ni, qadri uchun ilm olishimiz, kurashishimiz, yashashimiz va ijod qilishimiz kerakligini yanada chuqurroq anglay boshlaymiz.
— Bahrom aka, manbalar bilan tanishayotgan chog'imizda bir gapni ta'kidlab aytdingiz: “...O'zbek jadid ayoli Maryam Sultonmurodovadan bolsheviklar nihoyatda hayiqar edi”. Jadid bobolarimiz safida turib yurt va millat ravnaqi yo'lida kurashgan o'zbek xotin-qizlarining zamondoshlaridan ustun jihatlari, fazilatlari qaysi voqeliklarda ko'zga tashlanadi? Maryamxonning “aybi” nima edi?
— Ajdodlarimiz onalarga millat egasi sifatida qarashgan. Axir buyuk insonlarni ilm-ma'rifati yuksak onalar yetishtiradi. Millatimizda katta olima, shoira va faqiha ayollar ko'p bo'lgan. Jadid ayollar mavzusi esa alohida tadqiqotlarni talab qiladi. Eng avvalo, jadid bobolarimiz o'sha zamon kishilari ongida xotin-qizlarga bo'lgan alohida hurmat va ehtirom tuyg'usini uyg'ota bilgan. Ular millat farzandlarini “qo'li to'qmoq, boshi pahmoq” ezilgan ayollar tarbiyalashini istamagan. “Biz qizlarimizga o'g'il bolalardan kam e'tibor qaratmasligimiz kerak”ligini qayta-qayta ta'kidlashgan.

Shohi Zindaga borsangiz, Amir Temur davri maqbaralari ichida qabrlarning eng ko'pi ayollarga tegishli ekaniga guvoh bo'lasiz. Ayniqsa, tariximizda xotin-qizlar nomidagi madrasalar ko'p ligini aytm aysizmi? Demak, zukko momolarimiz azaldan ilm-fanga homiylik qilishni o'zlariga faxr deb bilgan. Ana shunday xotin-qizlarimizning davomchilari safidagi Maryamxon Sultonmurodova ham Germaniyada tahsil olgan. Undan bolsheviklar chindan ham hayiqishar edi. Chunki u xorazmlik haqgo'y va taraqqiyparvar inson Jumaniyoz Sultonmurodovning qizi bo'lgan. Jumaniyoz Sultonmurodov Harbiy tribunal rahbari, Xorazm Xalq Respublikasi Xalq komissarlari Kengashi raisi, Xorazm kompartiyasi kotibi lavozimlarida ishlagan. Maryam Sultonmurodova 1919 yilda Toshkentdagi maorif maktab gimnaziyasini tamomlagach, oliy ma'lumot olish maqsadida 1920-1921 yillarda Orenburg tatar pedagogika institutida o'qiydi. 1921 yil yozgi ta'tilda Xorazmga kelgach, Xorazm kompartiyasi Markaziy Kengashida avval adabiy bo'limga, so'ng ayollar bo'limiga rahbarlikka tayinl anadi. Biroq og'ir tarixiy sharoit va qiyinchiliklar unga ko'nglidagidek ishlash imkonini bermaydi. Natijada 1922 yil iyulda Toshkentga kelib, O'rta Osiyo davlat universitetining ishchi fakultetiga hujjat topshiradi. 1922 yil oktyabrida Maryam Sultonmurodova Buxoro hukumati tomonidan Germaniyaga o'qish uchun yuborilayotgan talabalar safiga kiritiladi. U 1924-1926 yillar Darmshtadt oliy seminariyasida ta'lim oladi. 1926-1927 yillarda esa Berlin yaqinida Potsdam shahridagi “Fraunshulle” maktabida amaliyot o'tadi. 1927 yil yozgi ta'til vaqtida Xayriniso Majidxonova bilan birga 29 iyuldan 18 avgustgacha Parij shahrida bo'ladi. Ularning Parij opera teatri oshxonasida Ahmad Naim va Mustafo Cho'qaylar bilan 2-3 daqiqalik uchrashuvi keyinchalik qatag'on etilishi uchun asosiy bahona bo'lgandi. 1927 yil kuzidan Maryam Berlin shahrining Vedding tumanidagi professor Finkelshteynning olti oylik hamshiralik kursini bitirib, 1928 yil SSSRga qaytgan.

Maryam Sultonmurodova Vatanga kelishi bilan so'roq, ta'qiblar boshlanib ketdi. Avvaliga hech joydan ish berishmadi. Faqat 1929 yil fevral oyida Germaniyada ta'lim olgan Badri Sayfulmulk yordamida O'zbekiston Sog'liqni saqlash komissarligiga qarashli bolalik va onalikni asrash institutiga hamshira bo'lib ishga kiradi. Maryam 1929 yilning oxirlarida Asqar Ahmadbekov bilan oila qurib, 1933 yilgacha Kattaqo'rg'onda yashagan. Eri qamoqqa olingach, 1933 yil Toshkentga qaytib, O'rta Osiyo davlat universitetiga ishga kirdi. Biroq 1934 yil yana ishsiz qoldi.

So'ng “Guliston” jurnaliga, 1936 yildan ayollarning “Yorqin turmush” jurnaliga adabiy xodim bo'lib ishga kirdi. Maryam o'zbek matbuotida o'zining olmon adabiyotidan qilgan tarjimalari va ayollarning o'tkir ijtimoiy muammolariga bag'ishlangan maqolalari bilan elga tanila boshladi. 1937 yil 13 sentyabr kuni Maryam Sultonmurodova Germaniyada o'qigan, “Turkis ton” josuslik tashkiloti a'zosi deb, olti oylik norasida qizi Anora bilan qamoqxona azoblariga giriftor etilgan. Jazo muddati tugagach vatanga qaytib, Urganch tumani, Yangibozor fuqarolar yig'inida hamshira bo'lib ish boshladi. Biroq uning xursandchiligi yana uzoqqa bormadi. U 1949 yil 30 martda qayta qamoqqa olindi va bu gal ham eski “jinoyatlari” uchun uzoq Krasnoyar o'lkasiga surgun qilindi.

Maryam Sultonmurodova 1957 yil 2 avgustda SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi tomonidan oqlandi. Biroq u to'liq oqlanganidan keyin ham ro'shnolik ko'rmadi. Ta'qib to'xtamadi, sevgan sohasi jurnalistika bilan shug'ullanish u yoqda tursin, uning matbuot sahifalarini o'qishiga ham to'sqinlik ko'rsatildi.

Bu haqsizliklar ham Maryamning irodasini sindira olmadi, o'zini bir lahza bo'lsin aybdor deb bilmadi. Haqiqatga ishondi, insoniyligini yo'qotmadi. Bu bilan sho'rolar tuzumining sharmandali tarixida inson matonati timsoli sifatida qoldi. Maryam Sultonmurodova qalamiga mansub “Mehr ko'zda”, “Kutilmagan baxt”, “Qalbim nidosi”, “Rahmat desinlar”, “Majnuntol”, “Karvonlar kelganda”, “Betamiz yigit” kabi ko'plab maqola va ocherklar bu ayolning yuksak iqtidoridan darak beradi.

— Cho'lponning 17 yoshli shogirdi Matluba Muhammad xonimning “Mudom Chorning qo'lida ko'p ezilgan millatim”, degan misralar bilan boshlanguvchi she'ri o'sha davrda sho'rolar mamlakatini larzaga solgan ekan. Bu she'r yevropa matbuotida qayta-qayta nashr etilgach, sho'rolar iste'dodli shoira tahsil olayotgan Moskvadagi O'zbek maorif institutini yopgan deyishadi...

— Darhaqiqat, bir shaxsiyatning isyonli ovozi butun bir mamlakatga zarba bergan. Siz hozir Matluba xonimning “Kurtulush yo'linda” nomli she'rini yodga oldingiz. Ushbu she'rni Sattor Jabbor nemis tiliga tarjima qilgach, ushbu o'tli misralar mashhur bo'lib ketadi. “Sho'rolar qanchalik bosim qilmasin, adabiyotimiz Cho'lponlarni yetishtirishda davom etmoqda, millatning orzu-maqsadlari shu fidoyi qizning qalbidan otilib chiqmoqda”, deydi faxr bilan tarjimon.

Matluba Muhammad Marg'ilonning mashhur jadid muallimi Nurmuhammad Dadamuhammedovning qizi. U o'z zamonasining iqtidorli yoshlaridan edi. Matluba 1926 yilgacha Qo'qon bilim yurtida tahsil oladi. 1927 yil o'qishini Toshkentdagi ayollar bilim yurtiga ko'chirib, so'ng opasi Mahbuba Dadamuhammedovaning izidan borib Moskvadagi O'zbek maorif institutiga o'qishga kirdi. U yerda mashhur shoir Cho'lpon, Botu, Shokir Sulaymonlardan she'riyat sirlarini o'rgandi. Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon, Abdulhay Tojievlar suhbatidan bahramand bo'ldi. Matluba, ayniqsa, o'zbek talabalarining ma'rifiy kechalarida Cho'lponning vatanparvarlik mavzusidagi otashin she'rlarini o'qib, o'zi ham shu mavzuda she'rlar yozib juda mashhur bo'lib ketgan. Uning bu shuhrati sho'ro mamlakati chegaralaridan chiqib, Yevropa matbuotigacha borib yetadi. Va bu “mashhurlik” tufayli Moskvada “Komsomolskaya pravda” gazetasida unga qarshi maxsus maqola chop etilgan va natijada u o'qishdan haydalgan. Ko'p o'tmay Matluba ariza yozib, o'ziga qo'yilgan ayblarning tuhmat ekanligini isbotlab, o'qishiga tiklanadi. Bunga bir tomondan O'zbekiston hukumatining aralashuvi, ikkinchi tomondan, Matlubaning Italiya elchixonasiga fuqarolik so'rab murojaat etishi ham sabab bo'lgan.

Sovet hukumati O'zbek maorif institutini yopib muammoga yechim topgan edi go'yo.

Matlubaxon esa Toshkentga qaytmasdan Moskvadagi musiqa texnikumiga kirib o'qishini davom ettirgan. 1929 yil Leningrad arxitektura instituti talabasi Vosiq Muhammedov bilan tanishadi. 1933 yil Toshkentga kelgan Vosiq Muhammedov Matlubaga uylanadi. Vosiq Muhammedov (1905-1938) o'z vaqtida Munavvarqorining “Namuna” maktabi iftixori, Fitratning “Chig'atoy gurungi” ishtirokchisi, “Ko'mak” uyushmasining faollaridan edi. U o'z zamonasining tengsiz yigitlaridan bo'lgan. Vosiq Muhammedov va go'zal Matlubaxon hayotlarining eng shirin damlariga ham Stalin boshliq totalitar tuzum o'zining jirkanch panjasini soldi. 1937 yil 17 dekabr kuni qamoqqa olingan Vosiq Muhammedov 1938 yil 5 oktyabr kuni otib tashlangan. 1938 yil 17 yanvar kuni Toshkent tibbiyot institutining 3-bosqich talabasi Matluba Muhammad ham qamoqqa olinadi. 19 yanvar kuni ilk so'roqda u turmush o'rtog'ining davlat va xalq oldida hech qanday aybi yo'qligini bayon qildi. 1938 yil 21 fevralda ikkinchi so'roqda opasi Mahbuba va uning turmush o'rtog'i, Germaniyada tahsil olib qaytgan kimyogar olim Sattor Jab borning ham aybsizligini ta'kidlagan. Biroq qo'yilgan birorta ayblovning isbotlanmaganiga qaramay, 1938 yil 17 may kuni Toshkent viloyat sudi tomonidan Matluba Muhammedova 10 yilga qamoqqa hukm etildi. U nohaq jazoni sovuq Sibirning Usolskiy lagerida o'tadi. 1940 yil 26 fevralda Matluba Muhammedovaning arizasi qayta ko'rilib, u oqlanishga erishdi. Vatanga qaytgach, urush yillarida Tibbiyot institutini tugatdi. 1937 yil arxitektura institutida talabalik yillarida qamalib ketgan ukasi Fatxulla urushdan so'ng Vorkutadagi qamoqxonadan og'ir ahvolda qaytadi. Matluba ukasi uchun Namanganga borib yashab, uni davolaydi. Faqat Stalin vafotidan so'nggina ular Toshkentga qaytib keladilar. Matluba Muhammad ko'p yillar xalq salomatligi yo'lida halol mehnat qilib, el-yurt hurmatiga sazovor bo'ldi. Bir paytlar Vatan ishqida, istiqlol orzusida otashin she'rlar bitgan Matluba Muhammedova O'zbekistonning mustaqillikka erishganini o'z ko'zlari bilan ko'rdi. Jiyanlarining xotirlashicha, millat hurligi, mamlakat mustaqilligi e'lon qilingan kunlarda cheksiz quvonch yoshlarini to'kkan ekan.

Matluba Muhammedova 1998 yili Toshkent shahrida olamdan o'tgan.

— Xorijda o'qib kelgan qizlar nafaqat jadidlar falsafasiga, balki tashqi qiyofasiga ham ta'sir ko'rsatib, hatto yevropaliklarga o'xshab kiyina boshlashgan ekan. Ayniqsa, germaniyadan o'qishdan qaytgan, dunyoqarashida katta o'zgarishlar ro'y bergan yigit-qizlarning xatti-harakatlari barchaning diqqat-markazida bo'lgan. Shu o'rinda jadid ayollarimiz qisqa vaqt ichida amalga oshirib ulgurgan yangi loyihalar haqida ham aytib o'tsangiz...

— O'sha davrda qadimchilar va an'anaviy odatlarga yangilik kiritadiganlar o'rtasida tortishuv va muhokamalar ko'p bo'lgan. Tabiiyki, bu jarayonda qadimchilar ko'pchilikni tashkil qilgan. Kiyinish masalasidagi e'tirozlar, gazetaning bid'at ekani haqidagi targ'ibotlar, teatr ni taqiqlash, turmush tarzidagi yangicha yashash imkonlarini rad etish, hatto sunnatda yo'q deb taomni qoshiq bilan tanovul qilishga ham qarshi fikrlar bildirishlar kun o'tgani sayin jiddiy bahsu munozaralarga sabab bo'lgani haqiqat...

Endi o'zingiz o'ylab ko'ring: jadidlarimiz Germaniyaga borganida ketmon chopib dehqonchilik qilayotgan xalq vakili sifatida u yerdagi texnik yangiliklardan hayratlanishi tabiiy emasmidi?..

U payt larda yorg'uchoqda yoki suv tegirmonida un qilib yurgan, juvozlarda ishlab yurgan xalqimizning bu vakillari Yevropadagi ulkan kemalarni, zavod va fabrikalarni, osmonda uchayotgan uchoqlarni, poezdlarni ko'rib juda katta hodisa sifatida qarashgan. Bu yangiliklarning barchasi jadidlar dunyoqarashida inqilob yasaydi va bu ajabtovur voqeliklarni o'z maqolalarida yozib targ'ib etgani tabiiy hol. O'z yurtlarida ham shunday o'zgarishlar bo'lishini juda-juda istashgan. O'zlari faoliyat yuritayotgan har bir sohaga yangi nafas olib kirishga bel bog'lashgan. O'z maqolalarini jahon matbuotida chop ettirishadi. O'zlaridan oldin xorijga borib, taraqqiyot shabadalaridan bahramand bo'lgan Behbudiy va Isxoqxon to'ra Ibrat kabilarning gaplari yolg'on emasligiga amin bo'lishadi.

Jadidlar ruhiyatidagi o'zgarish va yangilanishlar esa o'z-o'zidan o'sha davr yoshlarida ham rag'bat uyg'otadi. Yuksalish uchun albatta, ilm-fan taraqqiyoti, fikr rivoji zarurligini his qilgan jadidlar qo'rqmay harakat qila boshlagan.
Jonlarini xatarga qo'yib bo'lsa-da, Yevropaga yaqinlashish tarafdori edi ular.

— Muhimi, jadidlar o'zlari faoliyat olib borgan sohalarda yangi loyihalarni amalga oshira boshladilar. Jumladan, Xayriniso Majidxonovaning germaniyadan qaytib keliboq chekka qishloqlarda bolalar ko'rigini tashkil qilishi, tibbiyot borasidagi yangi davolash usullari ko'plab shov-shuvlarga sabab bo'lgan ekan. Birinchi huquqshunos ayol Diloro Yusupova esa o'zbek huquqshunoslik maktabiga asos solgan ziyolilar safidagi birinchi o'zbek ayoli edi. Shunday emasmi?

— 1922 yilning kuzida Germaniyaga tahsil olish uchun Turkiston Respublikasi “Ko'mak” jamiyati tomonidan yo'llangan 16 nafar talaba orasida Xayriniso Majidx onova alohida ajralib turadi.

Qizlar uchun oddiy maktabga qatnashning o'zi jiddiy qarshilikka uchrab turgan bir vaqtda ularning tahsil uchun uzoq xorijga yo'l olishi ziyo lilar tomonidan ulkan jasorat sifatida baholanadi. Hatto, yosh shoir Botu Xayrinisoning Germaniyaga ketayotgani munosabati bilan “Ehtiyot bo'l, go'zal qush” degan she'r bitadi.

Xayriniso dastlab Miroboddagi yangi maktabda tahsil olib, rus va nemis tillarini o'rgangan. Uning dunyoqarashi shakllanishida Turkiston jadid matbuotining, shuningdek, bu vaqtda birinchi o'zbek xotin-qizlar bilim yurtida o'qiyotgan opasi Oyposhshaxonning ham ta'siri katta bo'lgan. 1922 yili “Turkiston” gazetasida chop etilgan Xayriniso Majidxonovaning maqolasida endigina 17 yoshni qarshilagan qizning Vatan istiqboli haqidagi orzu-istaklari o'rin olgan. Maqolani o'qir ekansiz, eng avvalo, o'tgan asrning boshida yashagan bir o'zbek qizining tafakkuri naqadar kengligi, Vatan taqdiri oldida o'zini qanchalik daxldor sezishi ko'pchilikni hayratga solishi tabiiy. Muallif “Turkistonning dunyo savdo maydonida tutqon vaziyati XVII asrdan beri tuban darajada qolib keldi... XX asrning boshida ham qo'shnimiz bo'lgan Eron xalqi siyosiy fikrlar bilan sug'orilib, o'z elida sanoat turg'izish va chetlarning ta'siridan qutulish yo'lida qon to'kkan muddatda bizning Turkis ton tinch uxlamoqda edi... Faqat Russiyadan temir yo'l kelib, savdo maydoni kengaydi... Bundan ochiq anglashiladirki, bizning moziyimizni porloq qilg'on — elimizdan o'tgan karvon yo'li bo'lsa, istiqbolimizni porloq qilg'uchi, elimizni jahon savdo maydonig'a tutoshdirg'uvchi ulug' temir yo'ldir. Ular bizning savdomizni kengaytur, bizga boyliq va obodliq berur va o'zimizga katta sanoat turg'azishga imkon ochar”.

Xayriniso Majidxonova 1923-1924 yillarda Berlinda “Xorijliklar uchun nemis tilini o'rganish” maktabida o'qib, o'rta ma'lumot to'g'risida shahodatnoma oladi. 1924-1926 yillarda Darmshtadtdagi o'qituvchilar seminariyasida nemis tili va adabiyoti yo'nalishida o'qiydi.

So'ng ikki yil amaliyotni Berlin shahridagi o'quv muassasalarida o'tab, o'rta maxsus ma'lumot olgani to'g'risidagi diplomni qo'lga kiritadi. U Berlinda pedagogik amaliyot bilan birga mashhur doktor Fekkelmanning tibbiyot xodimlarini tayyorlovchi xususiy maktabida ham tahsil olgan. Xayriniso Majidxonova 1928 yili yurtimizga qaytib, tibbiyot sohasida o'rgangan barcha yangiliklarni hayotga joriy qilishga bor kuch-quvvati bilan kirishadi. Hatto olis qishloqlardagi bolalar salomatligini o'ylab tashkil etgan bolalar ko'rigi ko'plab yurtdoshlarimiz e'tirofiga sazovor bo'lgan. Biroq buyuk maqsadlar yo'lidan borayotgan Xayriniso Majidxonova navqiron 32 yoshida totalitar tuzumning qonli qatag'oni girdobiga tortildi. 1937 yilning 13 sentyabrida “1922-1928 yillarda Germaniyada o'qigan va 1928 yil SSSR hududiga josus sifatida qaytgan”, degan soxta ayblov bilan qamoqqa olingan. 1938 yilning 9 oktyabrida o'tkazilgan mash'um “Uchlik” sudi qo'yilgan ayblarning hech biri isbotlanmaganiga qaramay, unga o'lim jazosini belgiladi.

Hukm o'sha kuni ijro etilgan.

Birinchi o'zbek ayol huquqshunosi Diloro Yusupova esa otasi Sobirjon Yusupov bilan birga millatimiz huquqshunoslarining birinchi maktabini yaratishda jonboz lik ko'rsatgani bilan tariximizda o'chmas iz qoldirdi. Diloro Yusupovaning hayoti otasining siyosiy qarashi tufayli ta'qib va quvg'inlarda kechdi. U 1922 yil juda yoshligiga qaramay Buxoro Xalq Jumhuriyati tomonidan Moskvaga o'qishga yuborilgan. U yerda O'zbek Maorif instituti qoshida ta'lim oladi. 1926 yilda Diloro Yusupova Toshkent komsomolining okrug qo'mitasida ish boshladi.

Ayni paytda O'rta Osiyo davlat universiteti (SAGU)ning sud bo'limiga o'qishga kirib, 1929 yilgacha tahsilni davom ettiradi. Diloro 1929 yil institutni bitirib, Samarqandga yo'llanma bilan ishga yuborilgan. U yerda bir yil davomida Suv xo'jaligi boshqarmasida ishladi.

Diloro Yusupova Samarqandda Moskvadaligidayoq tanishgan, bu vaqtda O'zSSR Oliy sudi sudyasi bo'lgan namanganlik Muhammadjon Mo'minov (1903-1938) bilan turmush qurgan. Muhammadjon 1928 yil so'ngg ida “Mamlakatning boshqaruv tizimida Prokuror nazorati” mavzusida yozgan dip lom ishini muvaffaqiyatli himoya qilib, universitetni qizil diplom bilan bitirgan. U 1929 yil Samarqandga kelib, O'zbekiston Oliy sudi kollegiyasi a'zosi bo'ldi. 1931 yildan O'zSSR Yustitsiya xalq komissarligida bo'lim mudiri, 1932-1935 yillarda sotsialistik qurilish va huquq ilmiy-tekshirish instituti direktori bo'ldi. Keyinroq M.Mo'minov tashabbusi bilan xuddi shu institut bazasida yuridik institut tashkil etildi.

Uning g'ayrat-shijoati bilan qisqa vaqtda ko'plab yuridik lug'at, jurnal, kitoblar chiqarildi. Ayniqsa, 1932 yil “Na fronte teorii gosudarstva i prava” kitobi nashrdan chiqishi katta shov-shuvga sabab bo'lgan ekan. Diloro Yusupova dastlab, Muhammadjonning tavsiyasi bilan aspiranturaga tayyorlandi. Ular 1931 yil Toshkentga ko'chib kelgach, Sovet huquqi ilmiy-tekshirish institutiga o'qishga kirdi. 1934 yil dekabr oyida institutni bitirish imtihonlarini topshirgach, yo'llanma bilan Respublika Prokuraturasiga ishga yuborilgan. Diloro sinov muddatidan so'ng 1935 yildan O'zbekiston Respublikasi Prokurori yordamchisi lavozimiga tayinlanadi. Yosh oila baxtdan sarmast edi. Ishdagi ziddiyatlar, hasadgo'y kimsalarning bo'htonlariga qaramay, ular har kuni yangi-yangi g'oyalar, asarlar ustida bahslashardi. Ularning bag'rida farzandlari Marat va Surayyo ulg'ayadi. 1937 yil 29 mart kuni tun allamahalida Uezdnoy ko'chasi 11-uy eshigini noma'lum nusxalar taqillatishdi. Qo'lida orderini ko'rsatib, M.Mo'minovni “Qora qarg'a”ga joylab ketdilar. 1937 yil 22 sentyabr kuni “xalq dushmani” Muhammadjon Mo'minovning xotini, erining trotskiychiligini, aksilinqilobiy faoliyatini yashirgan deb 25 yoshli prokuror yordamchisi Diloro Yusupovani ham hibsga olishgan. Uning 6 yoshli o'g'li Marat hamda 4 yoshli qizi Surayyo bolalar uyiga yo'llandi. 1938 yil 4 oktyabrda Muhammadjon Mo'minov 1927 yil Moskvada bo'lgan namoyish rahbarlaridan degan bo'hton bilan otib tashlandi. Shundan so'ng 1939 yil 14 mart kuni Diloro Yusupova ishi ko'rilib, O'zSSR JK 68-moddasida ko'zda tutilgan jinoyat alomatlari topilmadi, degan xulosa bilan jinoyat ishi to'xtatilgan. 1939 yil 19 mart kuni undan tergov vaqtida qo'llangan qiynoq va so'roqlar haqida hech qachon gapirmaslik haqida tilxat olib, qamoqdan bo'shatishgan. 1956 yil 2 iyun kuni so'roqda huquqshunos olima Xadicha Sulaymonova ustozi Muhammadjon Mo'minov va Diloro Yusupova haqida shunday deydi: “Men 1932-1935 yillar sovet huquqi instutida o'qiganimda u kishi direktor edi. M.Mo'minovning ma'ruzalarini hamma sevib tinglardi. U o'z vaqtida yagona oliy ma'lumotli o'zbek yuristi, haqiqiy olim edi.

Tengsiz iqtidor sohibiga va uning g'oyat bilimli va iste'dodli turmush o'rtog'iga hayot oson kechmadi. Ularning g'ayrati, ilmi hamisha boshqalarning hasadiga sabab bo'laverardi. M.Mo'minov va Diloro Yusupovalar mamlakatimiz uchun zarur milliy yuristlar armiyasini yetkazib bera oldi, o'zlaridan keyin butun bir o'zbek yuristlari maktabini qoldirdi”.

Bu yerda o'zbek ilm-fani, el-yurt farovonligi yo'lida jonbozlik ko'rsatgan bir necha ayol ziyolilarimiz haqida to'xtaldik, xolos. Ular aslida ko'p, ancha ko'p edi. Afsuski, sobiq tuzum qatag'oniga uchragan jadid bobolarimiz bilan yelkama-elka turib fidoyilik ko'rsatgan bunday jadid ayollarimiz haqida hali deyarli hech narsa bilmaymiz. Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan milliy tariximizning muhim bir qismi bo'lgan jadidchilik harakati va uning namoyandalarini o'rganishga, targ'ib etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Demak, yaqin yillarda bu boradagi barcha haqiqatlar oydinlashib, adolat qaror topishiga ishonamiz.

“Yangi O'zbekiston” muxbiri suhbatlashdi.