NAMANGAN_FESTIVAL

Namanganda oltmish ikkinchi bor o'tkaziladigan xalqaro gullar festivaliga 2,5 milliondan ortiq mehmonlar tashrifi kutilmoqda. Bu haqda Namangan viloyati hokimligining Madaniyat va turizm boshqarmasi ma'lum qildi.
Ma'lum qilinishicha, festival o'z tarixida ikkinchi bor ikki hafta — joriy yil may oyining so'nggi xaftasi va iyun oyining birinchi o'n kunligida davom etadi. Oldinlari bu muddat ikki-uch kun, 2021 yili esa bir haftadan iborat bo'lgan.
2022 yili festivalga 30 dan ortiq xorijiy davlatlardan mehmonlar tashrif buyurgan bo'lsa, bu yil 40 dan ortiq mamlakatdan mehmonlar tashrifi kutilmoqda. Diplomatik korpus vakillari, Namangan bilan birodarlashgan viloyat va shaharlar mutasaddilari, qo'shma korxonalarimizning chet ellik rahbarlariga taklifnomalar yuborish rejalashtirilgan. Bayramda ishtirok etadigan gulchilar geografiyasi ham kengaydi: o'tgan yili Janubiy Koreya, Hindistonlik gulchilar ko'rgazmada ishtirok etgan bo'lsa, bu yil Germaniya, Hindiston, Polsha, Janubiy Koreya, Qirg'iziston va Italiya gulchilari ishtirok etishi kutilmoqda.


Festival bo'lib o'tadigan Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomli istirohat bog'ida 15 million, shahar ko'chalarida 10 million, jami 25 million gul va ko'chatlar ekish rejalashtirilgan.
Shuningdek, shahar ko'chalari turfa xil installyatsiyalar bilan ham bezatiladi.
Hozirgi kunda Namangan viloyatidagi 25 ta mehmonxona, 9 ta xostel, 526 ta oilaviy mehmon uylari, 6 ta yotoqxona, 18 ta sanatoriylar va 4 ta dam olish maskanlari
8,5 mingdan ortiq mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega. Yana 5 ta mehmonxonani tadbir arafasida ochish taraddudidamiz.
Shu bilan birga mehmonlarga xizmat ko'rsatish uchun jami 60 kishidan iborat volontyorlar guruhi shakllantirilmoqda. Xorijiy tillarni puxta o'zlashtirgan yoshlar shaharning mo''jaz xaritalari va bukletlar bilan ta'minlanadi.
Festivalning madaniy dasturi ham boy va qiziqarli bo'lishi kutilmoqda.
“Zahiriddin Muhammad Bobur” nomli istirohat bog'i, «Afsonalar vodiysi» tematik parkida o'rnatiladigan sahnalarda shoir va yozuvchilar, sirk ustalari, o'zbek estradasi yulduzlari va folklor ansambllari chiqishlari namoyish etiladi.
Festival yakunida tadbirda munosib ishtirok etgan gulchilar va korxona-tashkilotlar bir necha nominatsiyalar bo'yicha taqdirlanadi. Oliy o'rinlarni egallaganlarga viloyat hokimligining qimmat boxo sovg'alari topshirilishi ko'zda tutilgan.