«Yangi O'zbekiston Konstitutsiyasi nafaqat insonning asosiy huquqi ifodasi, balki tinchlik, farovonlik, barqaror rivojlanishga erishishning zarur asosi sifatida gender tenglikni ta'minlash kafolatidir», dedi Referendumni kuzatish bo'yicha cheklangan missiya rahbari Albert Yonsson bugun poytaxtimizda bo'lib o'tgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi (EXHT DIIHB)ning O'zbekiston Konstitutsiyasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha referendumi dastlabki natijalari yuzasidan matbuot anjumanida.

Yangi O'zbekiston taraqqiyoti strategiyasida jamiyatda xotin-qizlar mavqeini oshirish, ularning huquqi, imkoniyatini qadriyat sifatida himoya qilish, bir so'z bilan aytganda, mamlakatda gender tenglikni ta'minlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida e'tirof etilgan. Zero, mamlakat aholisining, qariyb, yarmi, ya'ni 49,7 foizini ayollar tashkil etib, ular jamiyatning barcha jabhalarida muntazam, faol ishtirok etib kelmoqda.

Bugungi kunga qadar ayollarning ulushi rahbarlik lavozimlarida 33, mehnatga layoqatli aholi orasida 45 foiz oshgan. Ayniqsa, so'nggi yillarda gender tenglikni ta'minlash bilan bog'liq qonunchilik va institutsional negizni mustahkamlash yo'lida muhim choralar ko'rildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida so'zlagan nutqida umuminsoniy global muammolarga to'xtalib, biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi, deya ta'kidlagan edi. Gender tenglik, ya'ni erkaklar va xotin-qizlar tengligi — insonning asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi. Ilmiy tadqiqotlar va amaliyot shuni ko'rsatmoqdaki, bu omil eng yuqori darajadagi iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy taraqqiyotning ham negizidir.

Qolaversa, o'zbek xalqi azaldan muqaddas Ona zotiga, xotin-qizlarga doimo yuksak ehtirom ko'rsatgan. Binobarin, ayolga e'tibor, avvalo, oilaga, jamiyat kelajagiga e'tibor ifodasidir.

Umuman, Yangi Konstitutsiya loyihasida ayni masalalar yorqin ifodalangan. Jumladan, Asosiy qonunning 58-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta'minlaydi”, deb yozilgan.

Xulosa qilish mumkinki, gender tenglik — mamlakatning demokratik taraqqiyot darajasini ko'rsatuvchi indikator. Yangi O'zbekiston Konstitutsiyasi nafaqat insonning asosiy huquqi ifodasi, balki tinchlik, farovonlik, barqaror rivojlanishga erishishning zarur asosi sifatida gender tenglikni ta'minlash kafolatidir.