Nurboy Jabborov

Nurboy Jabborov, filologiya fanlari doktori, professor

Haqiqiy ijodkor hayotining biror lahzasi Vatan va millat tuyg'usidan ayro kechmas. Agar shu tuyg'udan mahrum bo'lsa, u ijodkor sanalmas. Sarlavhadagi o'tli fikr O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov hayoti va ijodining asl mohiyatini aks ettirgani ayon.
She'rlarida shoir ushbu tuyg'uni milliy ruh va yuksak badiiyat uyg'unligida betakror talqin etdi. Estetik tafakkurning ijod ahli yetishmog'i mushkul bo'lgan yuksak cho'qqisiga olib chiqdi. Milliy adabiyotning taraqqiyot mezonlarini belgilab berdi. She'riyatda o'ziga xos an'analariga, munosib izdoshlariga ega maktab yaratdi.
“Istayman, qora rang qolmasa jinday...”


O'tgan asrning 60-yillarida yakkahukmron kommunistik mafkura ijodiy erkinlikni jilovlab qo'ygani bois, vatan, xalq mavzusida chuchmal, ta'sirsiz so'zlar nazm namunasi o'laroq taqdim etilayotgan, bir xil yashasinchilik ruhi hukmronlik qilayotgan kezda she'riyat maydonida birdaniga yashin chaqnadi, momoqaldiroq guldiradi go'yo. Bu yashin sababli vataning — butunittifoq, millating – sovet, degan soxta tuyg'ularga o't ketdi. Bu momoqaldiroq Vatan haqidagi ko'ngilda yashirinib yotgan kechinmalardan bong urdi. “Men nechun sevaman O'zbekistonni?” – Abdulla Oripovgacha bunday savolni hech bir shoir bu tarzda kun tartibiga qo'ya olmagan edi. Buning o'sha zamon uchun qanchalik jasorat bo'lganini har bir tafakkur egasi e'tirof etadi.
Yurtim, seni faqat boyliklaring-chun
Sevgan farzand bo'lsa, kechirma aslo.
O'zigacha bo'lgan birorta ham ijodkorni takrorlamagan bunday o'tkir va ohorli poetik xulosa shoir ijod konsepsiyasining zamini nechog'li mustahkam ekanidan darak berdi.
Abdulla Oripov adabiyotga chaqmoqdek kirib kelgan o'tgan asrning 60-70-yillari, garchi, tarixga “ilimiliq” davri sifatida kirgan bo'lsa ham sho'ro senzurasi avjga mingan kezlar edi. Senzuraning mohiyati A.Gersenning quyidagi so'zlarida anchayin aniq va mufassal ifodalangan: “...o'z so'zini bilintirmaslik uslubini va san'atini rivojlantirishga senzura juda katta yordam beradi. Senzura to'sig'idan asabiylashgan ijodkor uni yengishni xohlaydi va bunda deyarli hamisha muvaffaqiyat qozonadi. Kinoyali so'z hayajon, kurash izlarini saqlab qoladi; unda oddiy bayonga nisbatan ehtiros ko'proq bo'ladi. Ochig'ini aytmaslik o'z pardasi ostida kuchliroq, tushunishni istagan kishi uchun hamisha ravshan bo'ladi... Pinhona fikr so'zning qudratini oshiradi, yalang'och fikr esa idrokni jilovlaydi. Yozuvchi qanchalik ehtiyot bo'lishini biladigan o'quvchi uni diqqat bilan o'qiydi; o'quvchi bilan muallif o'rtasida yashirin aloqa paydo bo'ladi. Biri yozganini yashiradi, ikkinchisi esa uni tushunadi. Senzura shunday bir to'rki, mayda chivinlarni ushlab qoladi, kattalarini esa o'tkazib yuboradi”.
Ko'hna Sharq, jumladan, qadimiy an'analarga ega o'zbek she'riyati ramzlar, timsollar tili bilan so'zlaydi. Shuning uchun misralar zamiridagi katta haqiqatlarni to'sib qolishga senzuraning quvvati kelmagan hollar ko'p. Abdulla Oripovning “O'zbekistonda kuz” she'ri buning yorqin misolidir. Shoir “rizqi ona yerga sepilgan qadim, halol xalqining million egatlarga egilgan”idan iztirob chekadi. Bu pari fasl – kuzga bag'ishlangan betakror tashbehlar zamiridagi asl mohiyatni anglash, his etish A.Gersenning yuqoridagi so'zlari nechog'li haqiqat ekanini tasdiqlaydi. Jumladan, shoir mana bunday yozadi: “Bir nafas boshingni ko'targin-u, boq, Yer yuzida ajib viqor va nufuz”; “Ulug' Alisherning soch oqin ko'rib, Og'ir xayollarga cho'mgan bu fasl, Qayrag'och yonida g'amgin o'tirib, Chollarga hassalar yo'ngan bu fasl”. Demak, shoirning asl maqsadi ona yurt kuzini vasf etishdangina iborat bo'lmagani aniq. Uning muddaosi xalqining tilga chiqarilmaydigan dil dardlarini kinoyalar orqali misralar tagmatniga singdirib yuborish bo'lgan.
“Faqat shakl jihatdan emas, balki mazmun jihatdan ham ko'pplanli va murakkab” (Matyoqub Qo'shjonov ta'biri) bo'lgan “Yuzma-yuz” she'rida ham shoir kinoyalar zamiriga katta poetik ma'no yuklaydi. Necha asrlar o'tsa-da, yer uzra g'am hukmron bo'lgani, yaxshilik donini ekkanlar yomon deb nom olgani haqidagi satrlar buning dalilidir. Garchi, zohiran tarix haqida fikr yuritilgandek tuyulsa ham mana bu nido mazkur asar yaratilgan sho'rolar davridagi haqsizlikka qarshi isyon o'laroq yangraydi:
Nahotki dunyoda haqsizlik mangu,
Nahotki odamzod qilingandir oq?!
Nahot o'sha Freyd haq bo'lsa, yohu,
Nahot qotil bo'lsa o'sib chaqaloq?!
Asarda ona xalqimizning g'amu anduhlari, dardu iztiroblarini tasvirlashda shoir kinoyadan mahorat bilan foydalangan. U soflik va mas'umlik timsoli bo'lgan yulduzlarga xitob qilib, “el tinsa ham tinmaydigan, zahmatkash, ishparast, munis” xalqining achchiq qismati haqida mana bunday misralarni ijod qiladi:
Men uni o'ylayman tun-kechalarda,
Ona xalqim, deyman, mehrim oqar jim.
Ko'zimga ba'zida ko'rinsa janda,
Ko'nglim to'lib ketar, ingrayman, xalqim...
Xalqim, moziy o'tdi, tole ko'rmading,
Pishirding o'zingga benasib taom.
Kiygizding birovga, o'zing kiymading,
Yulduzni kashf etib nom olding – avom!
Bu fikrlar aslida moziyga emas, she'r yaratilgan davrga oid. Yulduzni moziyda kashf etgan ona xalqimiz avom degan nomni sho'rolar zamonida olgani ham buning isbotidir.
Chinakam ijodkor hech qachon o'z xususiy dardi bilan yashay olmaydi. Xudbinlik, xudparastlik unga yot. Soxta tuyg'ular unga begona. U kattaroq miqyosda fikrlaydi; el g'amini kuylaydi, ona xalqining baxtli bo'lmog'ini orzu qiladi. Shoirning paxtazorga dilda tashvish bilan boqishining sababi “million egatlarga sochilgan o'zbek”ning o'sha davrdagi og'ir qismatidir. “Rangpar singil” – kunduzi paxta dalasidan, kechasi ro'zg'or tashvishidan qaddi dol, kasalmand, farzand tarbiyasi bilan shug'ullanishga ham vaqt topa olmaydigan o'zbek ayoli timsoli. Shoir avlod qonida otalarning buyuk shiddati yonishini istaydi. Shu bois, xudbin tengdoshiga g'amgin boqadi, ko'lmak davra ko'rsa, yuragi eziladi. Xalqining kuni bundaylarga qolmasligini tilaydi. Birdaniga o'z-o'ziga savol bera boshlaydi: “Men o'zim nimaman? Aslida, balkim Eng no'noq odamman, no'noqman, faqat, Faqat bir narsani yashirmas qalbim: Mening yuragimda bordir Muhabbat! Seni, ona xalqim, sevaman jondan, Seni tashvishingni tashvishim deyman. Nima qilolardim? Foydam kam garchand, Biroq men o'zimcha g'amingni yeyman”.
Ana shu tuyg'u – ona xalqqa muhabbat hissi bo'lishining o'zi katta gap. Shoirning bu so'zlari “Odami ersang, demagil odami – Oniki, yo'q xalq g'amidin g'ami”, degan hazrat Alisher Navoiy hikmatining yangi zamondagi o'ziga xos talqini ekanini ham ta'kidlash kerak. Mana bu misralar shoirning orzulari naqadar pok, niyati nechog'li nekbin ekani isbotidir:
Istayman, qora rang qolmasa jinday,
Istayman, botmasa shu rangin quyosh.
Akaning singilga achinganiday
Inson inson uchun to'ka olsa yosh.
Ona xalq baxti deb har vaqt, har qachon,
Istayman, bir safda tursa odamlar.
Ranglardan faqat bittasi – qizil tanlab olingan, umumsovet xalqi, umumiy vatan, umumiy his-tuyg'ular... madh etilgan, ustoz Ozod Sharafiddinov ta'biri bilan aytganda, maddohizm urchigan bir zamonda ona xalq baxti haqida bunchalar yonib kuylash shoirga oson kechmagani ayon.
Obrazlilik – she'riyatning bosh shartlaridan. Nazmiy asarning badiiy qimmati obrazning nechog'li yorqin ekani bilan belgilanadi. Bulbul va to'ti – mumtoz adabiyotimizda eng ko'p qo'llangan obrazlar. An'anaviy obrazga tamomila yangicha mazmun yuklash uchun ijodkorning taxayyul olami keng bo'lishi zarur. Hatto ba'zan keng fantaziyaning o'zi ham yetarli bo'lmasligi mumkin. Buning uchun favqulodda iste'dod talab etiladi. “Ona tilimga” degan she'rida shoir “bulbul” va “to'ti” obrazlariga kutilmagan rakursda yondashadi. She'rda bulbul – betakrorlik ramzi. Boshqa hech kimnikiga o'xshamagani uchun uning kalomi ming yillar o'tsa-da, o'zgarmaydi. Bunga ehtiyoj ham sezmaydi. To'ti esa taqlid timsoli. Shu bois, u achinmoqqa sazovor. Shu sababdan ham unga nisbatan “sho'rlik” epitetini qo'llaydi shoir. Shoirning bulbul kuyini she'rga solayotgani sababi – ona tilining mavjudligi. Tilini yo'qotganlar ham to'ti bilan qismatdosh bo'lishga mahkum – ana she'rdan chiqarilgan o'ziga xos poetik xulosa.
“Bu she'rning tarixi juda uzun, – deb yozadi muallif. – Sakkiz qatorlik shu she'r boshimga sakkizta bomba bo'lib tushishini tush ko'ribmanmi? Hozirgi yoshlar ona tilimizga davlat tili maqomi berish haqidagi qonunni “hatto” uddalab bajara olishmayapti. U mahallarda-chi?... She'r chiqqach, “Hali sening ona tiling bormi? Hali sen jahon sotsializmi g'oyasiga qarshimisan? Ota-onang kim? Qaysi millatchining bolasisan?” degan bir dunyo tazyiq ostida qolganman. Katta minnatdorlik bilan bir gapni aytib o'tishim kerak: balki qamashga, balki meni yo'q qilib yuborishga asos bo'ladigan uch-to'rtta she'rim, ya'ni “Ona tilimga”, “Minorai kalon tepasidagi laylak”, “O'zbekiston” kabi tizmalar Aleksandr Tvardovskiy hamda Qaysin Quliev yordami bilan markaziy nashrlarda (“Noviy mir” jurnalida) bosilib chiqmaganida edi, o'sha taqdir charxpalagi qayoqqa qarab aylanib ketishi mumkinligini men hozir hatto tasavvur ham qila olmayman”.
Ona tilimiz taqdiriga kuyinish millatning qismatiga kuyinish demakdir. Hukmron kommunistik mafkura milliy tillarning bora-bora yo'qolib, yagona tilga singib ketishi haqidagi soxta va zararli g'oyani targ'ib qilib turgan bir vaziyatda bunday she'rni yozish boshini kundaga qo'yish bilan barobar edi. Faqat katta jasorat sohibigina bunday ishga qo'l urishi mumkin edi. Bu amalda mustaqillik orzusini qalamga olish degani edi.
Shoirning bor-yo'g'i sakkiz qatorlik “Tilla baliqcha” she'ri adabiyotshunoslikda ko'pdan ko'p bahsu munozaralarga sabab bo'lgan. Bu she'rda ham muallif ramzlar, timsollar tilidan foydalanadi. “Loyqa hovuz” – bu muhit timsoli. “Tilla baliqcha” esa ana shu kir, chirkin muhit asiri. Bu she'rni, ta'bir joiz bo'lsa, shaxs erkini har tomonlama cheklab qo'ygan sho'rolar muhiti ustidan chiqarilgan poetik ayblov, deb hisoblash mumkin. Bunchalik katta mazmunni bor-yo'g'i 38 so'z vositasida betakror ifodalash, tabiiyki, shoirdan yuksak mahorat talab etadi. Umuman, oz so'zga ko'p ma'no yuklay olish, so'zni isrof qilishdan saqlanish – Abdulla Oripov she'riyatining xos xususiyati.
Hazrat Alisher Navoiy “Nukta su yanglig' eritur toshni, Topsa haqiqat o'tidin choshni”, deb yozgan. Ya'ni so'z, so'z bo'lganda ham topib aytilgan so'z toshni ham xuddi suv kabi eritishga qodir. Faqat bir sharti bor — u haqiqat olovidan taft olishi zarur. Mutafakkir bobomiz bu orqali ijod ahli, agar asaridan avlodlar bahra topishini istasa, haqiqatga xiyonat qilmasligi lozim, degan teran fikrni ilgari surgan. Abdulla Oripov ijodining dastlabki kezlaridanoq haq so'zni aytdi. Ochiq aytish imkoni bo'lmasa, ramzlar, timsollar bilan ifodaladi. Fikrlarini obrazlar zamiriga yashirib bo'lsa-da, haqiqatni izhor etdi. Biroq zamon yolg'onlar zamoni edi. Haq so'zni aytgan odam boshiga balolar yog'ilishiga tayyor turmog'i zarur edi. Shunday bo'lsa-da, ijodkor o'z a'molidan chekinmadi. “Avlodlarga maktub” she'ri buning yorqin misoli. 1966 yilgi Toshkent zilzilasi xalqning boshiga tushgan og'ir musibat edi. Shoir she'rda bu zilzilani “asrimizning buyuk ofati”, deya sifatlaydi. Lekin yolg'onlar saltanatining jarchilari uni boshqacharoq talqin etishga urindilar. She'rdagi “Jasorat atalmas ilojsiz bardosh”, “Bir kun aytibdirki Navoiy bobo: “Doim o'zga bo'lur surat ila ruh”, “Do'stlarim, hayratda qolmangiz faqat, Pahlavon asrga lof urish mosdir” singari misralarda ham shoirning sho'ro tashviqotchilariga kinoyasi sezilib turadi. She'rni shoir mana bu tarzda xotimalaydi:
Tuproq qo'zg'almasdan o'rnidan battar,
Solmasidan avval dahshat, qatag'on, —
Er osti tinch tursin desangiz agar,
Sizlar yer ustida so'ylamang yolg'on!
“Zilzila tufayli Toshkent vayron bo'ldi, — deb yozadi shoir she'rning yozilish tarixi haqida. — Ertasiga esa ko'cha-ko'yda to'y, xuddi Navro'z bayramidek g'at-g'ut musiqa, televizor, radio baqirib yotibdi. Ko'chalarda oshlar pishirilgan, odamlar raqsga tushgan. Xuddi bu zilzilani yuz yil kutgandek. “Sovet xalqi hech kimdan qo'rqmaydi”, deb baqirishgani baqirishgan. Atrofga qaraysiz, qancha uylar vayron bo'lgan. Buldozer, tank surib yotibdi. Shunday kezda nima qilasan yolg'on gapirib? Axir, bu tuzumning inqirozi emas-ku? Tabiiy ofat-ku! Yer qimirlashiga marksizmning nima aloqasi bor? Nima uchun buni tan olmaysan? Hatto zilzilaning kuchi shuncha ball, deb e'lon qilganda bundanam urib qolishardi. Unchamas, buncha odam o'ldi, deydi. Sovet kishisini tabiiy ofat ham yengolmaydi, deb ovoza qiladi... Shuning uchun she'rni men bunday xulosa bilan tugatganman: “Er osti tinch tursin desangiz agar, Sizlar yer ustida so'ylamang yolg'on!” Bu she'rni bostirolmadim. Kim bosardi. Oxiri Zulfiya opa o'qidi-da, men “Saodat” jurnalida bosib chiqaraman, deb olib qoldi. Yo'q, baribir haligi senzura o'tkazmabdi. “Sizlar she'r ustida so'zlamang yolg'on” bo'lib e'lon qilindi. Ana shunaqangi muttahamgarchiliklarni ko'rganman. Shunday hayotni, shunday vaziyatni ko'rgan odam mustaqillikni orzu qiladimi, yo'qmi? Boshqa, xalqingni xalq, insonlarni inson o'rnida ko'radigan tuzumni orzu qiladimi, yo'qmi?!”
“Mana, men – O'zbekman, qo'limda tug'im...”
Ona yurtini ozod, o'zi mansub bo'lgan xalqni erkin ko'rish bir umrlik orzusi bo'lgan shoir Abdulla Oripov mustaqillikni qanday kutib oldi? Bu ulug' ne'mat shukronasi uning she'rlarida qay tarzda talqin etildi? Xalq deputati sifatida shoir davlat mustaqilligimiz e'lon qilingan 1991 yil 31 avgust kuni Oliy Majlis zalida ishtirok etish baxtiga muyassar bo'ldi. O'sha hayajonli lahzalarni shoir mana bunday xotirlaydi: “Hayotimdagi eng unutilmas lahzalar bu! Bir paytlar G'afur G'ulom “Tug'ilgan kunimni eslay olmayman”, deb aytgan edi. Albatta, odam bolasi tug'ilgan kunini eslay olmaydi. Qanday qilib, chaqaloqligidagi o'sha lahzani eslay olsin. Lekin millat bo'lib, davlat bo'lib, yana qaytadan dunyoga kelgan kunimiz men ham zalda bor edim. Bu mening ham, xalqimning ham qayta tug'ilgan kunimiz edi. Juda ham yaxshi eslayman. Yetmish to'rt yil ishlangan, loyi pishib ketgan mafkura odamlarni qo'rqoq, itoatgo'yga aylantirib qo'ygan edi. Shunday vaqtda, go'yo osmonda birdan momoqaldiroq gumburlab, hammayoqni yorituvchi yashin chaqnaganday Prezidentimizning “O'zbekistonni mustaqil deb e'lon qilaman!” degan so'zlaridan butun zal jim bo'lib qoldi. Men o'zim kichik jussali odam bo'lsam ham ichimdan vulqondek narsa otilib, bo'g'zimga keldi. Zal karaxt bo'lib qoldi. Prezidentimizning da'vatidan keyin odamlar o'ziga kelib, oyoqqa qalqib, qarsak chalib yubordi”.
Ana shu qutlug' kundan e'tiboran shoir har bir she'rida, matbuotdagi har bir chiqishida yurt istiqlolini kuyladi. “O'zbekistonim, senga” sarlavhali g'azalda shoir ozod yurtni eng go'zal mumtoz tashbehlar vositasida vasf etadi:
Har bir ahling bitta yulduz, kavkabistonim o'zing,
To hayotdirman, charog'im, shu'lai shonim senga.
Uning uchun Vatan nurli bo'ston, unga qalbini, nainki qalbini, tandagi jonini nisor etadi. Uning uchun ona yurt qarog', mujgonlarini unga sadqa qiladi. Bu zamin koriga yaragan bir onini shoir bir umrga teng biladi. Shu bois, Vatan xizmatiga har lahzada shay, bu uning uchun chinakam baxt ekanini izhor etmoqqa shoshiladi:
Xizmatingga shay erurman, mehnatingda ham o'zim,
Baxtiyorman sarf etolsam borki imkonim senga.
Shoir yangi XXI asrni katta umid va orzular bilan, o'z ta'biri bilan aytganda, “tilida shukrona, dilida g'ulu” bilan kutib oldi. Va u tarix sarkotibining qoshiga kelib, ko'nglidagi tuyg'ularini mana bu tarzda izhor etdi:
— Mana, men – O'zbekman, qo'limda tug'im
Va barcha a'molim bitilgan kitob.
Shuning ichidadir borim va yo'g'im,
Shuning ichidadir men uchun oftob.
O'zbekman, inshoolloh, iymonim butun,
Tilim qisiq emas bashariyatdan.
Kimgadir tengdirman, kimdandir ustun,
Zuvalam qorilgan samimiyatdan.
Keyingi misralarda shoir “gohida iqboli kulib, gohida ofati o'zidan chiqqan” o'zbek ekanini, jahongir bo'lib dunyoni olgan bo'lsa-da, go'dak yig'isiga toqati yo'qligini aytadi. Qanchalik jafo chekkan bo'lsa-da, o'ziga haq bo'lgan va o'ziga haq bo'lib kelayotgan, yovlarga bo'yin egmay yashab, bu kun o'z erkiga erishgan xalq ekanini baralla izhor etadi. Nido san'ati bilan ziynatlangan poetik xulosa nafaqat o'quvchiga badiiy zavq berishi, ohorli mazmun betakror talqin etilgani bilan ham alohida ajralib turadi:
Istiqlol, ketma yurt peshonasidan,
Tole, tark etmagin bizni ilohim.
Mana, yangi asr ostonasidan
O'tdim. Bismillohir Rahmonir Rahim.
Abdulla Oripov ko'plab xorijiy davlatlarda bo'ldi. Qaysi mamlakatga, qay sabab bilan bormasin, taassurotlarini she'rga soldi. Chet ellarda yozilgan she'rlari zamirida ham ona Vatanga muhabbat tuyg'usi aks etgani shoirning o'z ijod konsepsiyasiga sodiq qolganidan dalolat beradi. Yaponiya safari davomida bu xalqning salohiyatiga dunyo qoyil ekanini ta'kidlagan shoir, yaponlarning hatto “burgani taqalab qo'ya olishi”dan hayratga tushadi. Burgani taqalash – chinakam jozibali va milliy ifoda! Eng muhimi, shoirning bu to'rtligi odamni mushohadaga, o'z ahvoli haqida fikrlashga undaydi. O'quvchida umr deb atalmish ne'matni qadrlash, uni behuda o'tkazmaslik tuyg'usini tarbiyalaydi:
Sening amalingga qoyildir jahon,
Burgani taqalab qo'ygaysan oson.
Nozik san'atingga tikilaverib,
Ko'zlarim qisilib ketdi-ku, yapon.
O'z-o'ziga mahliyo bo'lish – illat. Ajdodlarimiz benazir bo'lgani rost. Tarixda hayratga arzirli yutuqlarga erishganimizdan aslo ko'z yumib bo'lmaydi. Lekin chinakam saodatga erishmoq uchun bulardan faxrlanishning o'zigina kifoya qilmaydi. Buning uchun o'sha ajdodlarga munosib bo'lmoq, ularning yutuqlarini yangilari bilan boyitib bormoq zarur. Afsuski, biz har doim ham bunga muvaffaq bo'lavergan emasmiz. Tokioda yozilgan quyidagi to'rtlik ana shu armon ifodasi o'laroq yaralgan:
Dunyoda tugamas ekan armonlar,
O'tdi qancha zamon, qancha sarbonlar.
O'tira beribman buyukman deya,
Manzilga yetibdi boshqa karvonlar.
So'zning nechog'li ulug' ne'mat ekani ayon. Ayniqsa, Abdulla Oripovday so'z san'atkorining har bir asari “so'z guharining sharafi” (hazrat Navoiy ta'biri) nechog'li yuksak ekanini mudom tasdiqlab turadi.
Shoir qaysi yurtlarga bormasin, ona yurt muhabbatidan bir nafas bo'lsin yiroq tushmadi. Umrining oxirgi yillarida muolaja niyatida bir muddat Amerikada yashashiga to'g'ri keldi. Ushbu “sehrli diyor”da ekanida ham shoir Vatan yodi bilan yashadi, ona zamin sog'inchini qalb harorati bilan she'rga soldi:
O'ng qovog'im uchdi-yo,
Chap qovog'im uchdi-yo.
Olislarda qolgan yurtim
Birdan esimga tushdi-yo.
O'ng yoki chop qovoq uchishi xalqimizda o'ziga xos ramziy ma'nolarga ega. Qovoq uchishi aksar hollarda eng qadrdon tuyg'ular bilan uyg'un holda talqin etiladi. Abdulla Oripov olislarda qolgan jondan aziz ona yurti sog'inchi, bolalarining omonligi bilan bog'liq ota mehriga yo'g'rilgan o'ylari hamda davradoshu jo'ralarining kim tomonda ekani, qancha haftalaru oylar o'tsa-da, qishlog'ini ko'ra olmagani haqidagi hazin tuyg'ularni qovoq uchishi timsolida dardchil misralarda ohorli ifodalaydi. Xalqona ohang, samimiy tuyg'u, ko'ngil iztirobi mutanosibiligidagi satrlar tagmatnidan anglashiladigan mehr va sog'inch, orzu va armon, iztirobu hasrat ohanglari ko'ngillarni o'rtab yuboradi. “Uzoqdagi shoir o'g'li Kimning yodiga tushdi-yo” tarzidagi lirik kechinma ifodasi aks etgan xulosadan Vatani va xalqi xotirasida bo'lish ikki dunyo oralig'idagi ijodkor uchun qanchalar ahamiyatli ekani anglashiladi.
Abdulla Oripov AQShning Xyuston shahrida dunyodan o'tdi. Nazarimizda, ushbu hodisa ulug' shoir “O'zbekiston” she'rida yuqori pafos bilan vasf etganidek, buyuk bobokaloni Beruniyning aql mash'ali tufayli kashf etilgan mamlakatda sodir bo'lishida o'ziga xos hikmat bor. Abdulla Oripov bu orqali ramziy ma'noda Kolumbdan alamini oldi. Shoirning aziz vujudi she'rlari orqali xayolot olami bilan sanoqsiz marta kezgani samolarda parvoz qilib, ona Vataniga olib kelindi va jonidan ortiq ko'rgani ona zamindan joy oldi. Ishonch bilan aytish mumkinki, ulug' shoir she'riyati mudom millatning qalbida yashaydi va bundan keyin ham milliy adabiyotimiz taraqqiyotiga munosib xizmat qiladi.