N Jumaev

Nodir Jumaev - iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Yangi O'zbekistonning tashqi siyosati va xalqaro savdo aloqalariga e'tibor qaratadigan bo'lsak, mintaqa davlatlari bilan hamkorlik o'zaro manfaatlar asosida rivojlanayotganini ko'rish mumkin. Bu jarayonda “C5+1” platformasining ahamiyati alohida o'ringa ega.

Markaziy Osiyo global maydonda diplomatik muvofiqlashtirishni amalga oshirish maqsadida Xitoy, AQSh, Rossiya, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi kabi turli tomonlar bilan C5+1 mexanizmini o'rnatgan. Mazkur muloqot maydoni mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotini mustahkamlash va uning o'sishini ta'minlash, o'zaro savdo-sotiqni oshirish, kompleks rivojlanishni rag'batlantirish hamda ko'p tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish uchun barcha mavjud salohiyatdan foydalanish imkonini beradi.

“Markaziy Osiyo – Xitoy” birinchi sammitida ham o'zaro qo'shni davlatlar yetakchilarining oliy darajadagi muzokaralari natijasi o'laroq, hamkor mamlakatlar iqtisodiyoti taraqqiy etishi va xalqlarining farovon hayot kechirishi uchun muhim asoslarni paydo qiladi.

Sammit kun tartibida ko'plab masalalar o'rin olgan bo'lib, uni o'tkazish Xitoy va Markaziy Osiyodagi qo'shni davlatlar o'rtasida yanada keng siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni ta'minlashga xizmat qiladi. Uning doirasida asosiy hamkorlik tashabbuslari bo'yicha 54, ko'p tomonlama hamkorlik mexanizmlari va platformalari bo'yicha 19, sammitning ko'p tomonlama hujjatlari bo'yicha 9 kelishuvga erishildi. Ularda elektron tijorat sohasida muloqot va hamkorlik, o'zaro savdoni rivojlantirish, savdo tuzilmasini diversifikatsiyalashga ko'maklashish va doimiy ravishda osonlashtirish, “Markaziy Osiyo – Xitoy” yangi iqtisodiy muloqotining qo'shma strategiyasini ishlab chiqish, ustuvor yashil investitsiya loyihalari ma'lumotlar bankini yaratish, barcha chegara punktlarida qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining bojxona rasmiylashtiruvi uchun “Ekspress koridor” amaliyotini kengaytirish, xalqaro savdoda “yagona oyna”ning o'zaro bog'liqligini oshirish, bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirish bo'yicha o'zaro hamkorlikni rivojlantirish kabi muhim yo'nalishlar mavjud.

Shuningdek, “Markaziy Osiyo – Xitoy” transport yo'lagi, qayta tiklanadigan energiya manbalari hamda sun'iy intellekt, “aqlli” shahar kabi yuqori texnologiyali sohalarda hamkorlikni kengaytirish, iqlim o'zgarishining salbiy ta'sirini yumshatishda “yashil” yechimlarni ishlab chiqish, “Global rivojlanish”, “Global xavfsizlik”, “Global sivilizatsiya” tashabbuslari doirasida davlatlar o'rtasida raqamli savdo sohasida hamkorlikni amalga oshirish kabi muhim yo'nalishlarda ham kelishuvlarga erishildi.

Shu o'rinda sammit tashkil etilgan hudud haqida qisqacha to'xtalib o'tsak. Sian Xitoyning markaziy-shimoli-g'arbiy shahri hisoblanadi. Bu hudud uchrashuv uchun ramziy joy bo'lib, bir vaqtlar Xitoyni Markaziy Osiyo va O'rta yer dengizi bilan bog'lagan qadimgi savdo yo'li, Buyuk ipak yo'lining sharqiy boshlanish nuqtasi hisoblanadi.

Sammit ishtirokchisi bo'lgan davlatlar azaldan jahon miqyosida muhim sheriklar bo'lib kelgan. O'zaro ishbilarmonlik hamkorligini chuqurlashtirish, tomonlar manfaatiga mos natijalarga erishish, mintaqaviy iqtisodiyotning sifatli rivojlanishiga ko'maklashadigan hamjamiyatni barpo etish ushbu davlatlarni birgalikda ishlashga rag'batlantiradi. Xitoy Markaziy Osiyoning eng yirik savdo sherigi hisoblanadi. 2022 yilda o'zaro tovar ayirboshlash hajmi rekord – 70 milliard dollarga yetdi. Sammit oldidan Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi tomonidan o'zaro savdo aylanamasiga doir hisobotlar taqdim etildi. Unga ko'ra, Xitoyning Markaziy Osiyo davlatlari bilan import va eksport hajmi 2023 yilning dastlabki to'rt oyida 173,05 milliard yuanni (24,8 milliard dollar) tashkil etgan. Bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 37,3 foizga o'sish demakdir.

Sammit bir necha yillardan buyon tajribadan o'tkazilayotgan yangi format bo'lib, Markaziy Osiyo – Xitoy o'rtasidagi hamkorlik maqomini oshiradi. Uning doirasida Xitoy, O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston, Tojikiston rahbarlari o'zaro munosabatlarning o'sish nuqtalarini ko'rib chiqdi. Barcha sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan asosiy xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdi va o'zaro kelishuvlarga doir muhim hujjatlarni imzoladi.

“Markaziy Osiyo – Xitoy” sammitida davlatimiz rahbari nutq so'zlab, o'zaro hamkorlikning muhim jihatlariga to'xtalib o'tdi.

Qayd etildiki, Markaziy Osiyo uchun alohida ahamiyatga ega bo'lgan barqaror transport-logistika zanjiridagi jiddiy uzilishlar, oziq-ovqat va energetika xavfsizligiga tahdidlar, inflyatsiya importi o'sib borayotgan sharoitdagi ijtimoiy keskinlik bilan bog'liq xavf-xatarlar va boshqa muammolar o'zaro amaliy hamkorlikni kuchaytirish va faoliyatni yanada ko'proq muvofiqlashtirishni talab etadi.

Yana bir muhim masala, ishtirokchi davlatlar yetakchi “aql markazlari”ning birgalikdagi faoliyatini yo'lga qo'yishga alohida e'tibor qaratish talab etiladi. Tahlil institutlari, olim va mutaxassislar strategik yondashuvlar, kompleks tavsiya va qarorlar, mintaqaviy va global miqyosda tub burilish yasaydigan loyihalarni ishlab chiqishi lozim.

O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi hamkorlik aloqalari va erishilgan kelishuvlarda kambag'allikni qisqartirish, qishloq xo'jaligi, yerdan foydalanish, kichik va o'rta biznes, infratuzilmani modernizatsiya qilish, tibbiy xizmat va professional ta'lim sohalarida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar bo'yicha tajriba almashish va amaliy choralar ko'rishga alohida e'tibor qaratilyapti.

Davlatimiz rahbari mamlakatlarimiz va butun mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni shakllantirishga doir tashabbuslarni ilgari surdi. O'zbekiston yangi iqtisodiy muloqotni shakllantirish va o'zaro bog'liqlikni kuchaytirish tarafdori ekanligi ma'lum qilindi.

Prezidentimiz kambag'allikni qisqartirish masalasiga to'xtalib, uning yechimi aholi farovonligini ta'minlashning eng muhim sharti ekanini qayd etib o'tdi. Shu munosabat bilan O'zbekiston agrar tarmoqni modernizatsiya qilish, sho'rlangan va sho'rxok yerlarda ekinlar yetishtirish, shahar va qishloqlar o'rtasida ishlab chiqarish zanjirlarini yo'lga qo'yish masalalarida Xitoy bilan hamkorlikni davom ettirish muhimligini ta'kidladi.

Shuningdek, iqlim o'zgarishi va “yashil” energetika bo'yicha hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratgan holda, Xitoyning quyosh, shamol va gidroenergetika, shuningdek, loyihalarni qo'llab-quvvatlashning moliyaviy vositalari sohasida texnologik jihatdan yetakchi ekanini hisobga olib, muqobil energetika bo'yicha yaqin ilmiy-amaliy sheriklikni kengaytirish zarurligi qayd etildi. Muqobil energetika sohasida investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni jadallashtirishga qaratilgan “Ekologik toza rivojlanish”ni ta'minlash bo'yicha yo'l xaritasini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

Mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash bo'yicha hamkorlikni davom ettirish masalalariga ham to'xtalib, “Xavfsiz Ipak yo'li” konsepsiyasini amalga oshirish maqsadida Afg'oniston masalasidagi qo'shma sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirish muhim ekanini qayd etdi.

Hozirgi geosiyosiy ziddiyatlar davrida bunday ochiq va yaqin muloqotlar, do'stona aloqalarni yanada kengaytirish hamkor davlatlar uchun nihoyatda zarur hisoblanadi. Prezidentimizning sammit doirasida mintaqa davlatlari rahbarlari bilan o'tkazgan muzokaralarida milliy manfaatlarimiz faol ilgari surildi va muhim kelishuvlarga erishildi. Jumladan, sammit doirasida O'zbekiston va Xitoy rahbarlari Qo'shma bayonot imzoladi, 2023–2027 yillarga mo'ljallangan har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturi qabul qilindi.

Bundan tashqari, texnik-iqtisodiy hamkorlik, o'rta ta'lim maktablari salohiyatini rivojlantirish bo'yicha loyihani amalga oshirish, parranda go'shtini yetkazib berishda karantin va veterinariya-sanitariya talablari, Xitoyga uzum eksport qilishda fitosanitar talablar va nazorat, vakolatli iqtisodiy operatorlar dasturlarini o'zaro tan olish, ustuvor investitsiya loyihalarini ilgari surish, ommaviy axborot vositalari sohasida hamkorlik, 2023–2024 yillarga mo'ljallangan ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari o'rtasida hamkorlikka oid bitim, bayonnoma, memorandum va dasturlar imzolandi.

Shuningdek, elektr uzatish liniyalari va nimstansiyalar qurish loyihasini moliyalashtirish, multimodal logistika markazi, O'zbekiston – Xitoy agrosanoat va Agroinnovatsion parkini, biotexnologik klasterini tashkil etish, O'zbekiston lokomotivlari parkini yangilash va modernizatsiya qilish, “O'zbektelekom” AKning telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada kengaytirish, “EXEED” va “BYD Auto Industry” kompaniyasi bilan hamkorlikda zamonaviy avtomobillar ishlab chiqarish, “O'zbekiston milliy banki” AJ bilan “Xitoy Eksim banki” va “Xitoy taraqqiyot davlat banki” o'rtasida kredit liniyalarini jalb qilish, “China Export and insurance corporation” bilan hamkorlikka doir hujjatlar rasmiylashtirildi.

Bu kabi kelishuvlar o'zaro savdo-iqtisodiy, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlikni sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqishga katta hissa qo'shadi, albatta.

Yana bir kelishuv Namangan viloyatida “Norin GES kaskadini qurish” va Toshkent viloyati Bo'stonliq tumanida “Aygain GES kaskadini qurish” loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlashga doir bo'ldi. Umumiy qilib aytganda, tashrif doirasida ikki davlat o'rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 41 hujjat imzolandi.

Xitoyning “Energy INTL Group CAS CO” kompaniyasi tomonidan yurtimizda qurilayotgan shamol energetikasi loyihasi mamlakatimiz rivojida muhim o'rin egallaydi. Chunki u qayta tiklanadigan energiya manbasini hosil qilib, qazib olinadigan yoqilg'iga qaramlikni kamaytiradi. Bundan tashqari, bu mahalliy aholi uchun ish joylarini taqdim etadi va iqtisodiy o'sishga hissa qo'shadi.

Bugun tomonlar strategik sheriklik munosabatlarini uzluksiz va izchil rivojlantirish maqsadida SHHT va “Bir makon — bir yo'l” tashabbusi doirasida hamkorlikni chuqurlashtirishga ustuvor ahamiyat qaratyapti. Ularda ikki va ko'p tomonlama iqtisodiy munosabatlarni yanada ravnaq toptirish, transport, logistika, tranzitga oid yangi imkoniyatlarni ishga solish ustuvorlik kasb etadi.

Shu o'rinda sammitga a'zo davlatlar iqtisodiyotining 2023 yil birinchi choragi ko'rsatkichlariga e'tibor qaratadigan bo'lsak, O'zbekiston yalpi ichki mahsuloti 5,5 foizga o'sganini kuzatish mumkin. Ishtirokchi davlatlar YAIM o'sish ko'rsatkichlari ham bu davrda o'tgan yilning dastlabki 3 oyiga nisbatan tezlashgan. Jumladan, Qozog'istonda 4,9, Qirg'izistonda 4,6, Xitoyda 4,5 foizga YAIM o'sishi qayd etildi.

Statistik ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasi 2022 yil yakunlari bo'yicha 17,2 foizga o'sib, 7,5 milliard dollarga yetdi. Ushbu davrda Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport 15,4 foizga o'sib, 3,1 milliard dollarga yetgan. Import esa 18,6 foizga ko'paydi va 4,4 milliard dollarni tashkil etdi.

Shu o'rinda O'zbekistonning tashqi savdo aylanmasi ko'rsatkichlarini qo'shni mamlakatlar bilan alohida ko'rib chiqsak. Bunda eng katta ulush Qozog'iston hissasiga to'g'ri keladi – umumiy o'zaro savdo aylanma hajmi 4,6 milliard dollar (o'sish 17,9 foiz). Shundan eksport 1,4 milliard dollar, import esa 3,2 milliard dollarni tashkil etgan. Qirg'iziston bilan tashqi savdo aylanmasi 1,3 milliard dollarni (o'sish 32,1 foiz) tashkil etib, eksport hajmi 979,3 million dollarga, import hajmi esa 280,7 million dollarga teng bo'lgan. Turkmaniston bilan 926,3 million dollar (o'sish 2,7 foiz) tashqi savdo aylanmasi amalga oshirilib, bunda eksport hajmi 194,8 million dollar, import hajmi esa 731,5 million dollarga teng bo'lgan. Tojikiston bilan bu boradagi ko'rsatkich 674,4 million dollarni (o'sish 11,4 foiz) tashkil etib, eksport hajmi 519,9 million dollar, import hajmi esa 154,5 million dollarga yetgan. Bundan ko'rinadiki, O'zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasidagi eng katta ulush Qozog'istonga to'g'ri keladi – 62 foiz. Qirg'iziston 17 foiz, Turkmaniston 12 foiz va Tojikiston 9 foizdan iborat.

Agar O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi o'zaro savdo aylanmasiga e'tibor qaratadigan bo'lsak, 2022 yil yakunlariga ko'ra eksport-import operatsiyalari 9,8 milliard dollarni tashkil etganini ko'ramiz. Bu mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasida ikkinchi eng yaxshi ko'rsatkich hisoblandi. Mazkur davrda ikki mamlakat o'rtasidagi savdo aylanmasi 20 foizga oshdi. 2023 yilda esa bu ko'rsatkich 10 milliard dollardan oshishi kutilyapti.

Mutaxassislar fikriga ko'ra, ikkala mamlakatda ham xomashyo bazasi yuqori. Sanoat bo'yicha ideal kooperatsiya yaratilsa, mamlakatlar ichidagi erkin bozorlarni to'ldirish imkoniyati paydo bo'ladi. Ikki mamlakat ham logistika bo'yicha juda qulay joylashgan. Xitoy quruqlikdagi yo'llar orqali Markaziy Osiyodan Yevropaga ko'prik o'rnatishi mumkin. Bu esa, o'z navbatida, tovarlarni tezkor yetkazib berishga zamin hozirlaydi.

Xitoy texnologik rivojlanish bo'yicha yuqori samaradorlik namoyish qilyapti. Chin yurti bilan ta'lim, fan va texnologiyalarni hamkorlikda rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, sammit doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan Shanxay universiteti o'rtasida, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Pekin xorijiy tillar va madaniyat universiteti hamda Lyaonin pedagogika universiteti bilan, shuningdek, Samarqand xalqaro texnologiyalar universiteti Tyanszin fan va texnika universiteti hamda Shimoliy-sharq elektroenergetika universiteti bilan ilm-fan sohasida hamkorlik qilish bo'yicha memorandum imzoladi. Bu, o'z navbatida, yangi bilim va ilg'or tajribalarni yurtimiz iqtisodiyotiga investitsiya qilishga yordam beradi.

Mamlakatimiz uchun eng muhim loyihalardan biri “Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston” temir yo'li bo'lib, bu bizga Janubiy Osiyo bozorlarini ochadi. Umumiy transchegaraviy transport tarmog'ini qurish yurtimiz transport aloqasi uchun foydali hisoblanadi. Ekspertlarning hisob-kitobiga ko'ra, transport infratuzilmasidagi bu yo'nalish O'zbekistonning jo'natish vaqtini deyarli 15 foizga qisqartiradi, bu hamkor davlatlar orasida eng katta qisqarishdir. Yuk tashish muddatining qisqarishi, o'z navbatida, mamlakatimiz eksportini 13 foizdan 23 foizgacha oshiradi.

Xitoy yetakchisi Si Szinpinning “Bir makon — bir yo'l” tashabbusi O'zbekistonning savdo va savdo yo'llarini kengaytirishga xizmat qiladi. Garchi ikki davlat chegaradosh bo'lmasa-da, O'zbekistonning joylashuvi uni mazkur tashabbusda asosiy tugun nuqtasi sifatida joylashtiradi. Uning yo'nalishlaridan ikkitasi O'zbekiston orqali o'tadi va G'arbda Qozog'iston yoki Janubda Qirg'iziston orqali Sharqqa Xitoy bilan bog'lanadi. Bu ikki yo'nalish Toshkentda birlashadi va Turkmaniston orqali Eron, G'arbiy Osiyo va Hindistonga yetib boradi.

Ikkinchisi esa Eron portlarida bog'lanadi. O'zbekistonlik yuk jo'natuvchilar Qozog'iston orqali o'tuvchi yana ikkita yo'nalish bo'yicha temir yo'l xizmatlaridan foydalanish orqali Yevropa, Kavkaz va Turkiyaga ham ulanishi mumkin. Bu ikki davlat hududi orqali dengiz yo'liga chiquvchi O'zbekiston uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi. Xitoyni mintaqamiz bilan bog'laydigan, Yevropa, yaqin Sharq va Afrikaga olib chiqadigan xavfsiz va eng qisqa transport yo'laklarini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega. Buyuk ipak yo'lini qayta tiklashda Trans-Evroosiyo magistrali loyihasi ustuvor ahamiyatga ega. “Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston” avtomobil va temir yo'llari esa uning muhim tarkibiy qismi bo'ladi.

Xalqaro ekspertlar e'tiroficha, O'zbekiston Shavkat Mirziyoev yetakchiligida sezilarli iqtisodiy taraqqiyotga erishdi. Mamlakat iqtisodiy o'zgarishlar bo'yicha ulkan maqsadlarni qo'ydi. Mamlakat hukumati yalpi ichki mahsulot hajmini 100 milliard dollarga yetkazish, eksport hajmini esa 30 milliard dollardan oshirish va yalpi ichki mahsulotning 80 foizini xususiy sektor ishlab chiqarishini maqsad qilgan. 2030 yil yoki undan oldinroq O'zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lishni va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot o'rtacha daromad darajasi yuqori bo'lgan davlatga aylanishni istamoqda. Ushbu maqsadlarga erishish uchun O'zbekistonga sanoatning asosiy tarmoq va infratuzilmalariga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar kerak. Shu ma'noda, Xitoy bilan hamkorlik O'zbekiston iqtisodiyotini diversifikatsiya qilishda muhim rol o'ynashi mumkin.

Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo'yicha boshlangan sa'y-harakatlarning yangi to'lqini geografik joylashuv kabi tabiiy afzalliklardan samaraliroq foydalanish imkonini beradi. Bu O'zbekistonning mintaqaviy tranzit markaziga aylanishi va iqtisodiy rivojlanishida muhim qadamdir.

Xitoyning Guanchjou va Shanhay shaharlarida O'zbekiston konsulligi ochilgani ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlar taraqqiyotiga qo'shimcha turtki beradi.

Fikrimizcha, sammit Markaziy Osiyo – Xitoy munosabatlarining yangi rejasini ishlab chiqishga yordam beradi va tomonlar o'rtasidagi hamkorlikning yangi davrini ochadi.

Hech shubha yo'qki, Markaziy Osiyo – Xitoy hamjihatligi mintaqaviy va jahon tinchligi, barqarorligi, rivojlanishi hamda farovonligiga munosib hissa qo'shadi. Shuningdek, biznes sohasida bozor salohiyatini yanada rivojlantirishga bo'lgan ishonchni mustahkamlaydi.

Anjuman davomida amalga oshirilgan kelishuvlarning samarali natijalari xalqimiz hayoti va iqtisodiy rivojlanishimizda muhim ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, sammitning samarali natijalari yaxshi qo'shnichilik munosabatlari va har tomonlama hamkorlikning mustahkamlanishiga, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz ravnaqiga xizmat qiladi.