O‘zbekiston Respublikasi o‘z milliy manfaatlariga asoslangan holda ochiq, o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat olib boradi. Respublikaning zamonaviy tashiq siyosiy kursi dunyoda va mintaqada shiddat bilan o‘zgarayotgan vaziyat, hamda mamlakatning ichidagi keng ko‘lamli o‘zgarishlarga asoslanib shakllanadi.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining bosh maqsadi – davlat mustaqilligi va suverenitetini, xalqaro maydondagi o‘rni va rolini mustahkamlash, yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, respublikaning tashqi iqtisodiy manfaatlarini faol tarzda ilgari surish. 

Respublika harbiy-siyosiy bloklarga qo'shilmaslik kursiga sodiq bo'lib, o'z hududida xorijiy harbiy bazalar va ob'ektlarni joylashtirishga, shuningdek, mamlakat harbiy xizmatchilarining chet eldagi tinchlikparvarlik amaliyotlarida yoki harbiy mojarolarda ishtirok etishiga yo'l qo'ymaydi. O'zbekiston barcha qarama-qarshiliklar va nizolarni faqat tinch siyosiy yo'llar bilan hal qilish tarafdori.

O'zbekiston davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik; xalqaro majburiyatlarni vijdonan bajarish, inson huquqlarini hurmat qilish va himoya qilish va xalqaro huquqning boshqa umume'tirof etilgan tamoyilllari va normalari; xavfsizlikning bo'linmasligi, ochiqlik va pragmatizm, qo'shni mamlakatlar bilan har tomonlama yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash kabi asosiy tamoyillarga tayangan holda tinchlik, taraqqiyot va farovonlik yo'lida barcha sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor/.

Tashqi siyosiy faoliyatning asosiy va birinchi darajali vazifalaridan biri bu 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini samarali amalga oshirishdir.

Ushbu maqsadga erishish uchun tashqi siyosat idorasi oldiga quyidagi vazifalar qo‘yilgan:

- mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarni hamda jamiyat va iqtisodiyotni modernizatsiya qilishning jadal jarayonlarini samarali amalga oshirish uchun mumkin qadar qulay tashqi siyosiy shart-sharoitlarni shakllantirish;

- Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlash hamda mustahkamlash, mintaqani xavfsizlik va barqaror taraqqiyot hududiga aylantirish;

- jahonning yetakchi davlatlari va xalqaro tashkilotlar bilan strategik hamkorlik qilishning mutanosib, ko‘p qirrali tizimini shakllantirish;

- O‘zbekistonning mintaqa va jahon siyosatidagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro tashabbuslarini ilgari surish;

- mahalliy mahsulotlarning eksport hajmini oshirish va geografiyasini kengaytirish borasida ko‘maklashish;

- milliy iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb etishda faol ko‘mak berish;

- mamlakatimizga turistlarni jalb qilish hamda turistik infratuzilmani rivojlantirish borasida amaliy yordam ko‘rsatish;

- transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishda hamda xalqaro transport kommunikatsiyalari va logistik infratuzilmalarni rivojlanishiga ko‘maklashish;

- xorijdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari huquq va manfaatlarining har tomonlama himoya qilinishini ta’minlash;

- xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash.

Tashqi siyosatimizning bosh ustuvor yo‘nalishi Markaziy Osiyo mintaqasidir. O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi siyosati mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga, mintaqaviy xavfsizlikning muhim muammolarini hal etishga, shu jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatni hal qilishga ko‘maklashishga qaratilgan. O‘zbekiston mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaning transport va tranzit infratuzilmasini rivojlantirish, Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolarining suv-energetika resurslaridan oqilona va kompleks foydalanish hamda mintaqaning ekologik barqarorligini ta’minlash, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonini yakuniga yetkazish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi.

O‘zbekiston mintaqa davlatlari bilan do‘stona va ahil qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashdan, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishdan, parlamentlar, chegara hududlari, jamoat tashkilotlari va oddiy fuqarolar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirishdan manfaatdor.

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan aloqalarni kengaytirishni, mazkur mamlakatdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarda faol ishtirok etishni davom ettiradi. O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta tiklanishiga, uning transport, ishlab chiqarish, energetik va ijtimoiy infratuzilmalarini rivojlantirishga ko‘mak berishda davom etadi. Barqaror va ravnaq topayotgan Afg‘oniston Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlikning kafolatidir.

MDH malakatlari bilan hamkorlik ham O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Mazkur davlatlar bilan respublikamiz tarixan shakllangan siyosiy, iqtisodiy, transport-kommunikatsion va boshqa aloqalarga ega. O‘zbekiston Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan tenglik, o‘zaro foydalilik, bir-birining manfaatlarini hurmat qilish va e’tiborga olish tamoyillari asosida ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini qurishni davom etadi.

O‘zbekiston Rossiya bilan 2004-yil 16-iyunda imzolangan Strategik hamkorlik, 2005-yil 14-noyabrdagi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalar hamda 2012-yil 4-iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida Strategik hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida do‘stona munosabatlarni har tomonlama mustahkamlash va tadrijiy rivojlantirish ikki mamlakat manfaatlariga to‘liq mos keladi hamda mintaqadagi tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ikki tomonlama munosabatlarning eng muhim vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2017-yil 4-5-aprelda Rossiyaga davlat tashrifi hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putinning 2018 yil 18-19 oktyabrda O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirilishini ta’minlashdan iboratdir. 

O‘zbekiston Respublikasi global muammolarni hal etishda muhim rol o‘ynaydigan, yaqin mintaqaviy qo‘shni Xitoy bilan strategik hamkorlikni kuchaytirish tarafdori. Xitoy bilan munosabatlarni rivojlantirish 2012-yil 6-iyundagi Strategik hamkorlikni o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya,  2013-yil 9-sentyabrdagi ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda 2017 yil 12 maydagi Har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish to'g'risida qo'shma bayonotga asoslangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2019-yil 24-27 aprelda «Bir makon, bir yo‘l» Ikkinchi xalqaro forum doirasida ilgari surgan tashabbus va takliflarni to'liq va o'z vaqtida amalga oshirish ikki mamlakat manfaatlariga mos keladi.

O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri, Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan 2002-yil 12-mart oyida imzolangan O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida Strategik sherikchilik va hamkorlikning asoslari to‘g‘risidagi deklaratsiyasi asnosida o‘zaro manfaatli va konstruktiv hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishdan iboratdir. O‘zbekiston AQSh bilan mamlakatda amalga oshirilayotgan fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash va xalq turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan modernizatsiya jarayoni va islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitiaviy-texnologik va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor. Ikki tomonlama hamkorlikning muhim yo‘nalishlari Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, transmilliy tahdid va xatarlarga qarshi kurashga ko‘maklashishdan iboratdir.

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi va Yevropa davlatlari bilan har taraflama manfaatli hamkorlikka muhim ahamiyat beradi. Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlikni asosiy sohalari savdo-sotiqni rivojlantirish, investitiya va moliya, zamonaviy texnologiyalar transferi, ilm-fan, texnika, ta’lim, ekologiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va mintaqaviy xavfsizlik kabilar hisoblanadi. O‘zbekiston asosiy e’tiborini Yevropaning ilg‘or davlatlari, xususan Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Italiya, Ispaniya, Latviya va boshqa davlatlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori darajaga chiqarishga alohida e’tibor beradi.

Respublikamiz ko‘p asrlik umumiy tarix, yagona til va din, umumiy qadriyatlar va o‘xshash urf-odatlarga ega bo‘lgan Turkiya davlati bilan do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan siyosatni izchil davom ettiradi. Mamlakatimiz Turkiya bilan har taraflama manfaatli hamkorlikni, jumladan savdo-sotiq, investitsiya va turizm kabi sohalarda rivojlantiradi.

Osiyo-Tinch okeani hududi mamlakatlari, xususan Koreya Respublikasi va Yaponiya bilan hamkorlik O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi. O‘zbekiston ushbu davlatlar bilan investitsiya, savdo-sotiq, yuqori texnologiyalar, madaniy-gumanitar sohalaridagi keng qamrovli hamkorlikni davom ettiradi.

O‘zbekiston Janubiy-Sharqiy Osiyodagi mamlakatlar – Malayziya, Indoneziya, Singapur, Vetnam kabi davlatlar bilan hamkorligini rivojlantiradi.

O‘zbekiston Janubiy Osiyo mamlakatlari, xususan Hindiston va Pokiston bilan savdo-sotiq, transport-kommunikatsiya, turizm kabi sohalarda har taraflama va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishni qo‘llab quvvatlaydi.

O‘zbekiston musulmon dunyosi davlatlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni iqtisodiyot, transport kommunikatsiyasi, moliya, investitsiya va sayyohlik sohalarida, shu jumladan Islom hamkorlik tashkiloti va Islom taraqqiyot banki doirasida faol rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdor.

O‘zbekiston BMT ishida faol ishtirok etishni davom ettiradi, hamda uni xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga, tezkor globallashuv jarayonida davlatlarning barqaror rivojlanishida ko‘maklashishga mas’ul bo‘lgan yagona universal tashkilot sifatida ko‘radi.

Mamlakatimiz Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkilotlati bilan ushbu tuzilmalarning mexanizmlaridan zamonaviy muammolar va tahdidlarga qarshi kurashishda, ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda samarali foydalanish maqsadida o‘zaro sherikchilikni yanada rivojlantiradi.

O‘zbekiston xalqaro moliya institutlari bilan, shu jumladan, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki va Yevropa investitsiya banklari bilan energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, uy-joy qurilishi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni faollashtirish uchun barcha sa’y-harakatlarni olib boradi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi dunyoning 130 dan ortiq davlatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Toshkentda 44 ta chet el elchixonalari, 1 ta bosh konsullik, 8 ta faxriy konsullar, 17 ta xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, 13 ta xorijiy xalqaro hukumatlararo va hukumat tashkilotlari vakolatxonalari, 1 ta diplomatik maqomga ega savdo vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Xorijiy mamlakatlarda va xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining 55 ta diplomatik va konsullik vakolatxonalari mavjud. O‘zbekiston 100 dan ortiq xalqaro tashkilotlarning a’zosi bo‘lib, mamlakatimiz turli xil ko‘p tomonlama hamkorlik tuzilmalari bilan o‘zaro sherikchilik aloqalarini rivojlantiradi.