конституция

Videoroliklarga havola - https://bit.ly/3y3jucR 

1.“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va uning yaralish tarixi”

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilishi tarixi haqida so‘z yuritishdan oldin “Konstitutsiya nima?” degan savolga javob berish maqsadga muvofiqdir.

Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning Asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi.

Asosiy Qonunimiz yaratilishining murakkab va muhim, ayni chog‘da sharafli solnomasiga nazar solar ekanmiz, hech shubhasiz, O‘zbekiston Konstitutsiyasi xalqimizning mustaqillik sari uzoq yo‘ldagi izlanishlari natijasi ekaniga ishonch hosil qilamiz.

Oliy Kengash qarori bilan 1990-yil 21-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislardan iborat 64 nafar a’zoni o‘zida jamlagan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi va Konstitutsiya loyihasi ana shu komissiya tomonidan 2 yildan ortiq vaqt mobaynida tayyorlandi.

Birinchi Prezidentimiz Konstitutsiyaviy komissiya ish boshlashi bilan mamlakatimizning o‘ziga xos jihatlarini va xususiyatini munosib ravishda aks ettiradigan, xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan, jahon tajribasini, demokratiya va eng rivojlangan mamlakatlar konstitutsiyaviy qonunchiligi erishgan yutuqlarni inobatga oladigan Asosiy Qonun loyihasini tayyorlashga bevosita rahbarlik qildi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirishda Birinchi Prezidentimiz buyuk davlat va jamoat arbobi, iste’dodli siyosiy yetakchi sifatida namoyon bo‘ldi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Konstitutsiyasining tashabbuskori, ilhomlantiruvchisi va asosiy muallifi mamlakat Prezidenti hisoblanadi.

Binobarin, taqdir Islom Karimov zimmasiga jamiyatni yangilash, o‘tish davrining murakkab sharoitida davlatimizni ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, davlat-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy jihatdan rivojlantirishning pishib yetilgan muammolarini hal qilish, jumladan, bo‘lajak mustaqil yurt Konstitutsiyasini yaratish kabi tarixiy vazifalarni yuklagan edi.

Bir so‘z bilan aytganda, istiqlol arafasida vujudga kelgan og‘ir sharoit, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy qiyinchiliklarga, turli to‘siqlarga qaramasdan, xalqimiz Birinchi Prezident Islom Karimov boshchiligida o‘zining asriy orzusi – O‘zbekistonning davlat suvereniteti va mustaqilligi sari qat’iyat bilan harakat qilishda davom etdi.

O‘sha beorom davrda qabul qilingan Prezident farmon va qarorlarida aks etgan muhim huquq va qoidalar keyinchalik Konstitutsiyamizning asosiy bo‘lim, bob va moddalari sifatida mustahkamlandi.

Mamlakatimiz rahbarining 1991-yil 31-avgustda, o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasida so‘zlagan nutqi, ayniqsa, o‘sha nutqdagi: “Men shu bugundan e’tiboran 1 sentabrni respublikamizda Mustaqillik kuni, umumxalq bayrami deb e’lon qilishni taklif etaman”, degan otashin so‘zlari Vatanimiz tarixiga oltin harflar bilan manguga yozilgandir.

Xuddi o‘sha kuni Oliy Kengash O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida Bayonot qabul qildi. Bayonotda ta’kidlandiki, “Bundan buyon O‘zbekiston Respublikasi hududida respublika Konstitutsiyasi va qonunlari shak-shubhasiz ustun deb e’tirof etiladi”.

Shu kuni “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Undan bo‘lajak Konstitutsiyaning o‘zak qoidalarini o‘zida aks ettirgan bir qator muhim moddalar joy oldi. Jumladan, mazkur Qonunga muvofiq:

“O‘zbekiston Respublikasi to‘la davlat hokimiyatiga ega, o‘zining milliy-davlat va ma’muriy hududiy tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv idoralari tizimini mustaqil belgilaydi” (3-modda);

“O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va uning qonunlari ustundir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat idoralarining tizimi hokimiyatni qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyatiga ajratish tartibi asosida quriladi” (5-modda).

Bu Konstitutsiyaviy qonun Asosiy Qonunimiz qabul qilinguniga qadar, ya’ni 1992-yil 8-dekabrgacha biz uchun kichik Konstitutsiya vazifasini bajarib turdi.

Birinchi Konstitutsiya loyihasining ilk bor matbuotda umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilinishi ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Konstitutsiyaviy komissiya bajarilgan ishni ma’qulladi va 1992-yil 8-sentabrda Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilishga qaror qildi. Ushbu yig‘ilishda loyihani oxiriga yetkazish va tahrir qilish uchun ishchi guruh tuzildi. Yangi Konstitutsiyaning birinchi loyihasi 1992-yil 26-sentabr kuni tayyor bo‘ldi va shu kuni matbuotda chop etildi.

Loyiha e’lon qilingach, uning umumxalq muhokamasi juda keng tus oldi. Bu ochiq-oshkora muhokamalar 1992-yilning sentabr oyi oxiridan dekabr oyi boshlarigacha fuqarolarning siyosiy faolligi, ijodiy ko‘tarinkiligi ruhida o‘tdi hamda O‘zbekistonda demokratiya rivojining samarali va amaliy maktabi bo‘ldi.

Muhokamada mamlakatimiz katta yoshdagi aholisining deyarli hammasi ishtirok etdi. Matbuotda, radioeshittirish va teleko‘rsatuvlarda qizg‘in bahs-munozaralar bo‘ldi. Ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazildi, Konstitutsiya loyihasiga doir masalalar bo‘yicha suhbatlar, anjumanlar tashkil qilindi.

Konstitutsiyaviy komissiyaga fikr-mulohazalar bildirilgan 600 taga yaqin xat kelib tushdi. Respublika matbuotining o‘zida Konstitutsiya loyihasiga bag‘ishlangan yuzdan ortiq materiallar e’lon qilindi. Fuqarolarimiz bildirgan takliflar soni 5 mingdan oshib ketdi.

Shundan so‘ng, Konstitutsiya loyihasi ikkinchi marotaba matbuotda umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Konstitutsiya loyihasi o‘tkazilgan muokamalar davomida kelib tushgan takliflar asosida ancha tuzatildi va qayta ishlandi. So‘ngra, 1992-yil 21-noyabrda umumxalq muhokamasini davom ettirish uchun Konstitutsiya loyihasi ikkinchi marta gazetalarda chop etildi.

Shunday qilib, huquqiy pretsedent – ikki bosqichli umumxalq muhokamasi yuz berdi. Ushbu holat, bir tomondan, muhokama ishtirokchilarini faollashtirish uchun qudratli rag‘bat vazifasini bajargan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Asosiy Qonunimizning xalqchilligini ta’minladi. Konstitutsiya loyihasining o‘zi keng jamoatchilik ekspertizasidan o‘tdi.

Mazkur aksiyaning, ya’ni Konstitutsiya loyihasini ikki bosqichda muhokama etish uchun matbuotda e’lon qilinishining ma’nosi shundan iborat ediki, fuqarolar Konstitutsiyaning qayta ishlangan variantida Konstitutsiya loyihasini muhokama qilishdagi o‘z ishtiroklarining natijasini ko‘ra oldilar.

Konstitutsiya loyihasining yangi variantida umumxalq muhokamasining dastlabki bosqichida kelib tushgan ko‘plab fikr-mulohazalar va takliflar o‘z ifodasini topdi. Fuqarolarimiz Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan ularning ovozi eshitilganiga, takliflari tegishli ravishda ko‘rib chiqilib, inobatga olinganiga ishonch hosil qildilar.

Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan 1992-yil 6-dekabrda Konstitutsiya loyihasi oxirgi marta muhokama etildi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, Konstitutsiyaviy komissiya xorijiy konstitutsiyaviy tajribaga murojaat qilib, Asosiy Qonunning rolini yaxlit tushunishdan kelib chiqdi.

Bunda jahon konstitutsiyaviy tajribasinining bir qator ilg‘or jihatlari hisobga olindi. Konstitutsiya loyihasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik kengashi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya kabi demokratik davlatlar mutaxassislarining sinchkov ekspertizasidan o‘tdi.

Ayniqsa, Konstitutsiya loyihasining umumxalq muhokamasi O‘zbekiston xalqining xohish-irodasini aniqlash hamda juda boy material to‘plash imkonini berdi. Ushbu material chuqur va har tomonlama o‘rganib chiqildi, umumlashtirildi va xalqning umumiy irodasi shaklida o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasi muhokamasiga kiritildi.

Birinchi Prezidentimiz sessiyada Konstitutsiyani “xalqchil qomus” deb atab, uning loyihasi ustida taxminan ikki yil davomida ishlangani, ikki yarim oy mobaynida umumxalq muhokamasidan o‘tganligi va shu vaqt mobaynida u xalqning fikr xazinasi durdonalari bilan boytilganini, sayqal topganini ta’kidladi.

Oliy Kengash sessiyasiga muhokama qilish uchun kiritilgan Konstitutsiya loyihasiga 80 ga yaqin o‘zgarishlar, qo‘shimchalar taklif etildi va aniqliklar kiritildi.

Parlament deputatlari tomonidan loyiha moddama-modda muhokama qilinib, unga yana bir qator o‘zgartishlar kiritilgach, 1992-yil 8-dekabr kuni Bosh Qomusimiz qabul qilindi. Shu kundan e’tiboran, 8 dekabr – umumxalq bayrami deb e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi: muqaddima, 6 bo‘lim, 26 bob va 128 ta moddadan iboratdir.

2.“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy prinsiplari”

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy prinsiplari quyidagilar:

  1. Davlat suvereniteti;
  2. Xalq hokimiyatchiligi;
  3. Konstitutsiya va qonunning ustunligi;
  4. Tashqi siyosat.

Davlat suvereniteti prinsipi quyidagi normalarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, O‘zbekiston — suveren demokratik respublika. Davlatning “O‘zbekiston Respublikasi” va “O‘zbekiston” degan nomlari bir ma’noni anglatadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi o‘zining milliy-davlat va ma’muriy-hududiy tuzilishini, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining tizimini belgilaydi, ichki va tashqi siyosatini amalga oshiradi. O‘zbekistonning davlat chegarasi va hududi daxlsiz va bo‘linmasdir. Qolaversa, davlat suvereniteti prinsipida davlat ramzlari haqida ham so‘z yuritilgan bo‘lib, Konstitutsiyaning 5-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan quyidagi davlat ramzlariga ega — bayroq, gerb va madhiya.

Xalq hokimiyatchiligi prinsipi haqida fikr yuritadigan bo‘lsak, xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir. O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin. Eng muhim normalardan yana biri shundaki, O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas.

Konstitutsiya va qonunning ustunligi prinsipi ham o‘ziga xos bo‘lib, unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas.

Tashqi siyosat prinsipiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli subyektidir. Uning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi.

3.“Inson va fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklari”

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 18-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Shuningdek, bosh qomusimizda bir qancha shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy huquqlarimiz ham kafolatgan bo‘lib, bular quyidagilar:

  • Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir;
  • Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega;
  • Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi;
  • Har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega;
  • Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega;
  • Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli;
  • Yollanib ishlayotgan barcha fuqarolar dam olish huquqiga egadirlar. Ish vaqti va haq to‘lanadigan mehnat ta’tilining muddati qonun bilan belgilanadi;
  • Har kim bilim olish huquqiga ega va boshqa huquqlar.

4. “Inson va fuqarolarning asosiy burchlari”

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarimizning burchlari haqida ham ko‘rsatib o‘tilgan qismlar ham mavjud bo‘lib, bular quyidagilar:

  • Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar;
  • Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburdirlar;
  • Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar;
  • Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lashga majburdirlar;
  • O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish — O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar va hokazo.

5.“O‘zbekiston Respublikasi maʼmuriy-hududiy tuzilishi”

O‘zbekiston Respublikasi maʼmuriy-hududiy tuzilishi viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan iborat. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish, shuningdek viloyatlar, shaharlar, tumanlar tashkil qilish va ularni tugatish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining roziligi bilan amalga oshiriladi.

Hammamizga ma’lumki, suveren Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining suvereniteti O‘zbekiston Respublikasi tomonidan muhofaza etiladi. Qolaversa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘z Konstitutsiyasiga ega. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga zid bo‘lishi mumkin emas.

6.“O‘zbekiston Respublikasining qonun chiqaruvchi hokimiyati”

O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ikki palatadan — Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senatdan (yuqori palata) iborat. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati vakolat muddati — besh yil.

O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi qanday shakllantirilishi xususida so‘z yuritadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qonunga muvofiq saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hududiy vakillik palatasi bo‘lib, Senat a’zolaridan (senatorlardan) iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — olti kishidan saylanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n olti nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.

Saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosi bo‘lishi mumkin. Deputatlikka nomzodlarga qo‘yiladigan talablar qonun bilan belgilanadi.

Ayni bir shaxs bir paytning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati a’zosi bo‘lishi mumkin emas.

Ma‘lumot o‘rnida yana shuni aytishimiz mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari quyidagilar:

  • O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish, unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish;
  • O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlarini, qonunlarini qabul qilish, ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish;
  • O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish to‘g‘risida va uni o‘tkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish;
  • O‘zbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish;
  • O‘zbekiston Respublikasi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hamda sud hokimiyati organlarining tizimini va vakolatlarini belgilash;
  • O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga yangi davlat tuzilmalarini qabul qilish va ularning O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorlarni tasdiqlash;
  • boj, valyuta va kredit ishlarini qonun yo‘li bilan tartibga solish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetini qabul qilish va uning ijrosini nazorat etish;
  • soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni joriy qilish;
  • O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi masalalarini qonun yo‘li bilan tartibga solish, chegaralarini o‘zgartirish;
  • tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini o‘zgartirish;
  • davlat mukofotlari va unvonlarini ta’sis etish va hokazo.

7.“O‘zbekiston Respublikasining ijro etuvchi hokimiyati”

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi hamda Vazirlar Mahkamasiga Bosh vazir boshchilik qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiquyidagi vakolatlarga ega:

  • samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, pul-kredit siyosati yuritilishi, fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi uchun javobgar bo‘ladi;
  • fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtiradi va yo‘naltiradi, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni ta’minlaydi;
  • O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga har yili mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan ma’ruzalar taqdim etadi va hokazolar.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri quyidagi vakolatlarga ega:

  • Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi;
  • Vazirlar Mahkamasining majlislarida raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi;
  • xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘radi va hokazolar.

8.“O‘zbekiston Respublikasining sud hokimiyati”

O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi. O‘zbekiston Respublikasida sud tizimi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari va tumanlararo ma’muriy sudlardan iboratdir. Ma’lumot o‘rnida shuni aytishimiz mumkinmi, yurtimizda Favqulodda sudlar tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi hisoblanadi.

Qolaversa, Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Sudyalarning daxlsizligi qonun bilan kafolatlanadi. Sudyalar senator, davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati bo‘lishi mumkin emas.

Qiziqarlisi shundaki, O‘zbekiston Respublikasida sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib boriladi. Sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sudda qatnashuvchi shaxslarning tarjimon orqali ish materiallari bilan to‘la tanishish va sud ishlarida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida so‘zlash huquqi ta’minlanadi.

9.“O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti”

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshlig‘idir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti bo‘lishi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan besh yil muddatga saylanadi. Prezidentni saylash tartibi O‘zbekiston Respublikasining qonuni bilan belgilanadi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytamizki, joriy yilning 24-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Prezidentiligiga saylov bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, Prezident o‘z vazifasini bajarib turgan davrda boshqa haq to‘lanadigan lavozimni egallashi, vakillik organining deputati bo‘lishi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidentining vakolatlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, ular quyidagilar:

1) fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafilidir;

2) O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini muhofaza etish, milliy-davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlarni amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘radi;

3) mamlakat ichkarisida va xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish ko‘radi;

4) muzokaralar olib boradi hamda O‘zbekiston Respublikasining shartnoma va bitimlarini imzolaydi, respublika tomonidan tuzilgan shartnomalarga, bitimlarga va uning qabul qilingan majburiyatlariga rioya etilishini ta’minlaydi;

5) o‘z huzurida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik hamda boshqa vakillarning ishonch va chaqiruv yorliqlarini qabul qiladi;

6) O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash uchun nomzodlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi;

7) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari yuzasidan murojaat qilish huquqiga ega;

8) respublika oliy hokimiyat va boshqaruv organlarining bahamjihat ishlashini ta’minlaydi; vazirliklar, davlat qo‘mitalari hamda davlat boshqaruvining boshqa organlarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan tuzadi va tugatadi, shu masalalarga doir farmonlarni keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdig‘iga kiritadi;

9) Senat Raisi lavozimiga saylash uchun nomzodni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi va boshqa Konstitutsiyamizda belgilangan vakolatlardir.

10.“O‘zbekiston Respublikasining saylov tizimi”

O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi. Saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar saylanganidan so‘ng bir oy ichida ular orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadilar.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bir vaqtning o‘zida ikkidan ortiq davlat hokimiyati vakillik organining deputati bo‘lishi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan saylanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi komissiya a’zolari orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimi bo‘yicha komissiya majlisida saylanadi.

Saylov o‘tkazish tartibi qonun bilan belgilanadi.