Ekspertlar rivojlanayotgan mamlakatlarda to'plangan tajribani yanada ommalashtirish maqsadida kambag'allikka qarshi kurashish bo'yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishda O'zbekiston erishgan yutuqlarning usullari va natijalarini, jumladan, ularning samaradorligini ko'rib chiqadilar.

2023 yil 18 may kuni Hilton Tashkent City mehmonxonasida “Kambag'allikni qisqartirish bo'yicha ilg'or tajribalarni tatbiq etish” II Xalqaro forumi bo'lib o'tadi.

Joriy yilda Forum O'zbekiston Respublikasi kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan tashkil etildi. Forum BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi vakolatxonasi va BMT Bolalar jamg'armasining O'zbekistondagi vakolatxonasi ko'magida tashkil etilmoqda.Yurtimizda bo'lib o'tadigan Kambag'allikni qisqartirish bo'yicha ikkinchi xalqaro forumda 200 dan ortiq delegatlar, shu jumladan, kambag'allikka qarshi kurash bo'yicha J‑PAL global tashabbusi, BMT, BMTTD, XMT, Jahon banki, YUNICEF, OTB, FTA, GIZ va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Iqtisod bo'yicha Alfred Nobel nomidagi mukofot sovrindori, kambag'allikni qisqartirish bo'yicha global tashabbusi J-PAL hammuassisi — Abxidjit Banerdji, Jorj Vashington universitetining farovonlik iqtisodiyoti va kambag'allikni o'lchash bo'yicha iqtisod professori —Jeyms Foster, Oksford kambag'allikka qarshi kurashish va inson kapitalini rivojlantirish tashabbusi direktori — Sabina Alkayrning ishtiroki katta ahamiyatga ega bo'ladi.

Shuningdek, Forumda Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Shichen Chen, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo'yicha vitse-prezidenti Anna Berde, BMTning O'zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Konsuelo Vidal Brus, YUNISEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzoda, Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, Xitoy Xalq Respublikasining kambag'allikka qarshi kurash xalqaro markazi direktori Lyu Szyunven, Pekin pedagogika universiteti professori, Qishloq hududlari reabilitatsiyasi milliy departamenti rahbari Chjan Si o'z ma'ruzalari bilan qatnashadi.

Bundan tashqari, Forumda Ozarbayjon Respublikasi, Qozog'iston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg'iziston Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, shuningdek, diplomatik korpus vakillari ishtirok etishadi.

Xalqaro forumning maqsadi – kambag'allikka qarshi kurashish bo'yicha ilg'or jahon tajribasi va usullarini o'rganish, yaqin yillarda ko'p o'lchovli kambag'allikka barham berishda muvofiqlashgan kompleks yondashuv, ijtimoiy himoya va manzilli yordamga alohida e'tibor qaratgan holda amalga oshiriladigan qo'shma tadqiqotlar uchun ustuvor yo'nalishlarini shakllantirish, inson kapitalini takomillashtirish orqali mehnat bozorida o'qitish dasturlari sifatini oshirish, kichik korxonalarning o'sishini qo'llab-quvvatlash, yuqori sifatli ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat bo'ladi.

Ishtirokchilar rivojlanayotgan mamlakatlarda to'plangan tajribani yanada ommalashtirish maqsadida kambag'allikka qarshi kurashish bo'yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishda O'zbekiston erishgan yutuqlarning usullari va natijalarini, jumladan, ularning samaradorligini ko'rib chiqadilar.

Forum doirasida hamkorlikka oid bir qator hujjatlarni imzolash va qo'shma kommyunikeni qabul qilish rejalashtirilgan bo'lib, jumladan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda J-PAL global tashabbusi o'rtasida Hamkorlik dasturi imzolanishi kutilmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining

Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati

tel.: (+998) 78 150-32-20 (417)