Kh.Asadov

Xurshid Asadov - O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o'rinbosari

Prezidentimiz raisligida joriy yilning 15 may kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida so'nggi 3 yilda mamlakatimizda kambag'allikni qisqartirish va yangi ish o'rinlari yaratish borasida butunlay yangi va alohida tizim yaratilgani qayd etilgandi. Eng avvalo, kambag'allikni kamaytirish davlatimiz ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biri ekani ta'kidlangandi.

2023 yilning boshida bu masalada yana bir o'ta muhim yangilik hayotga tatbiq etila boshlandi. Barcha tumanlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasiga qarab 5 toifaga ajratildi. Tumanning qaysi toifaga kiritilganidan, ya'ni sharoitidan kelib chiqib, turli darajada yengilliklar berish tartibi joriy etildi.

Bugun kambag'allikni qisqartirish va yangi ish o'rinlari yaratishda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga juda katta e'tibor qaratilmoqda. Bu soha davlat tomonidan chuqur qo'llab-quvvatlanmoqda. Jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida yiliga 13 trillion so'm kredit va 1,5 trillion so'm subsidiya ajratilmoqda. Buning natijasida 2022 yili 1 million, joriy yilning birinchi choragida 210 ming aholini kambag'allikdan chiqarishga erishildi.

Ehtiyojmand aholini aniqlashning mamlakatimizda yaratilgan va yuqori samaradorligi tegishli xalqaro tashkilotlar tomonidan e'tirof etilgan tizimlari – “Temir daftar”, Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” hamda 2023 yilda yangi joriy etilgan “Ijtimoiy himoya reestri” orqali 2 million 300 ming oila, xotin-qizlar, yolg'iz keksalar va nogironligi bo'lgan aholi moddiy yordam bilan to'la qamrab olindi.

Kambag'allikni qisqartirish va yangi ish o'rinlari yaratish jarayonida yangi korxonalarni tashkil etish o'ta muhim ahamiyatga ega. Shu bois, barcha hududlarda, ayniqsa, uzoq va chekka qishloqlarda bu ishga alohida e'tibor qaratilmoqda va jarayon davlat tomonidan barcha vositalar bilan qo'llab-quvvatlanmoqda. Natijada yiliga minglab yangi va zamonaviy katta-kichik korxona ish boshlamoqda. Ularda ishlash uchun zamonaviy texnologiyalarni egallagan kamida 300-400 ming malakali mutaxassis kerak bo'lishi tabiiydir.

Lekin ochig'ini aytish kerak, kasb-hunar maktablari, kollej, texnikum va monomarkazlarda buncha malakali mutaxassisni tayyorlashga imkoniyat hali mavjud emas. Demak, ularning potensialini oshirish bo'yicha tegishli chora-tadbirlarni ko'rish taqozo etiladi.

Yurtimizda yaratilayotgan sharoitlar tufayli tadbirkorlar soni tobora ko'paymoqda. Jumladan, oxirgi 5 besh yilda tadbirkorlar soni 285 mingdan 590 mingtaga ko'paydi. Bu esa har bir tumanda 2,5 mingdan ortiq yoki bir mahallada o'rtacha 50 nafardan tadbirkor paydo bo'lganini bildiradi. Bu juda yaxshi natija. Lekin bu borada ham hali amalga oshirishimiz lozim bo'lgan ishlarimiz juda ko'p. Masalan, barcha hokimliklar, tegishli vazirlik va idoralar hamjihatlik bilan ishlasa, joylarda tadbirkorlar bilan manfaatli hamkorlik qilinib, qo'llab-quvvatlansa, tumanda, mahallada bandlik masalasini hal qilish uchun imkoniyatlar hozirgidan ancha ko'payishi aniq. Yoki yana bir misol. Aholini kasb-hunarga o'qitishga davlat tomonidan yiliga 200 milliard so'm ajratilyapti, lekin bu mablag' tadbirkorlik sub'ektlarining mutaxassislarga bo'lgan ehtiyoji bilan yaxshi bog'lanmagani tufayli kutilgan natijani bermayapti.

O'z biznesini tashkil etgan tadbirkorlar ham katta-katta xarajatlar qilib, o'zi uchun mutaxassislar tayyorlashi kerak. Bu masalani o'z holiga tashlab qo'yib bo'lmaydi. Negaki, bir fuqaroni munosib ish bilan ta'minlashga harakat qilayotgan tadbirkorni davlat organlari moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlashi mantiqan to'g'ri bo'ladi.

“20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturini amalga oshirish boshlanyapti.

Prezidentimiz 15 may kuni o'tkazgan yig'ilishda aholini ish bilan ta'minlash va malakali mutaxassislar tayyorlash samaradorligini oshirish maqsadida tadbirkorlikka yanada keng imkoniyatlar yaratish va moliyaviy rag'batlar taqdim etish zarurligini qayd etdi. Shu maqsadda 2023 yil 1 iyundan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturini amalga oshirish boshlanadi. Mazkur dasturni bajarish uchun barcha manbalardan 1 milliard dollarga teng mablag' ajratiladi.

Bu mablag' hisobidan quyidagi o'ta muhim 2 tadbirni amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Birinchisi, kambag'al oilalar a'zolarini kasbga o'qitib, ishli qilish bo'yicha loyiha uchun ahamiyatiga qarab amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi. Ikkinchisi, tadbirkorning amaliy monomarkaz tashkil qilish, jihozlash hamda kasbga o'qitish xarajatlari to'la qoplab beriladi.

Bundan tashqari, mazkur dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar taqdim etiladi. Ya'ni kamida 20 foiz kambag'al oila a'zosini bir yil davomida ish bilan ta'minlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi, shuningdek, kambag'al oila a'zosi ham daromad solig'ini to'lamaydi. Qolaversa, 5 million so'mgacha ish haqi to'layotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 barobar kamaytiriladi.

Dasturda qatnashadigan tadbirkor soliq va bojxona ma'muriyatchiligida ham katta yengilliklar oladi. Jumladan, ular faoliyatida soliq tekshiruvlari o'tkazilmaydi, qo'shilgan qiymat solig'i, shuningdek, ortiqcha to'langan soliqlar tekshiruvsiz qaytarib beriladi, qo'shilgan qiymat solig'i bo'yicha guvohnoma muddatidan ilgari bekor qilinmaydi, barcha soliqlardan qarzdorlikni bir yilgacha kechiktirib to'lash imkoni beriladi, bojxona to'lovlarini sug'urta kafolatisiz olti oyga bo'lib-bo'lib to'lashga ruxsat etiladi. Shuningdek, dasturda ishtirok etayotgan tadbirkorlarga bojxona rasmiylashtiruvi paytida “yashil yo'lak” tartibi qo'llaniladi.

Mazkur dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarni infratuzilma, yer va bino-inshootlar bilan ta'minlashda ham qo'shimcha yengilliklar beriladi. Ya'ni yer, bino-inshootlarni auksion orqali xususiylashtirishda bo'lib to'lash imkoniyati yaratiladi, qiymati 50 milliard so'mdan yuqori loyihalar bo'yicha infratuzilma xarajatlari to'liq qoplab beriladi.

Mazkur qo'llab-quvvatlash va yengilliklarning o'z vaqtida taqdim etilishi va so'zsiz bajarilishini kafolatlash mexanizmi o'rnatiladi. Bunda soliq va bojxona imtiyozlari to'liq berilishini, past foizli kreditlar o'z vaqtida ajratilishini ta'minlamagan rahbarlarga nisbatan javobgarlik choralari ko'riladi.

Kambag'allikni kamaytirish va aholi bandligini ta'minlashning yangi bosqichi bir martalik kampaniya emas, davomli jarayon bo'lishi zarur. Shuning uchun Vazirlar Mahkamasi, Kambag'allikni qisqartirish va bandlik, Iqtisodiyot va moliya vazirliklari mas'ullari joylarga chiqib, tadbirkorlar ko'targan muammo va takliflarni doimiy ravishda o'rganishi va ularga ko'maklashishi lozim.

Yig'ilishda Prezident tomonidan tegishli vazirlik va idoralar oldiga 2023 yil yakuniga qadar ushbu yangi tizim asosida birgalikda 550 ming aholini o'qitib, kambag'allikdan chiqarish choralarini ko'rish vazifasi qo'yildi.

Kambag'allikni tugatishning Xitoy tajribasi

Prezidentimiz yig'ilishda kambag'allikni qisqartirish bo'yicha Xitoy tajribasini o'rganish masalasiga alohida e'tibor qaratish zarurligini ta'kidladi. Davlatimiz rahbari joriy yilning 10 may kuni kambag'allikni qisqartirish va aholi bandligini ta'minlash bo'yicha tayyorlangan chora-tadbirlar bilan tanishish chog'ida ham bu haqda aytgan edi. O'tgan davr mobaynida shu maqsadda Xitoydan tajribali ekspertlar jalb etildi, mutasaddi idoralar vakillari Xitoyga borib, masala qay tartibda amalga oshirilganini ko'rib keldi.

Kambag'allikni kamaytirishda nima uchun Xitoy tajribasidan foydalanmoqchi ekanimiz ko'pchilikni qiziqtirishi tabiiy. E'tibor qarating: 1978 yilda Xitoy aholisining 97,5 foizi kambag'al bo'lgan. 2019 yilga kelib kambag'allar ulushi 0,4 foizga tushgan, 2021 yilda esa umuman kambag'al qolmagan. Kambag'allikni tugatishning Xitoy usulida ikki omil asosiy rol o'ynagan. Ya'ni iqtisodiyotni jadal rivojlantirish orqali kambag'allikni qisqartirish hamda unga qarshi kurashning manzilli strategiyasi ishlab chiqilib, izchillik bilan amalga oshirilgan. Kambag'allarning asosiy qismi qishloqda istiqomat qilgani uchun dastlab agrar sohani jadal rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilgan. Qishloq xo'jaligida 1 foiz o'sish qishloqlarda kambag'allikni 1,4 foiz qisqartira boshlagan.

Kambag'allikka qarshi kurashish strategiyasi esa to'rt bosqichni bosib o'tgan. Strategiyaning birinchi bosqichida mavjud 2100 ta okrug chuqur tahlil qilingan va ulardan 700 tasi eng kambag'al okruglar ekani aniqlangan. Aynan shu kambag'al okruglarga alohida e'tibor qaratilgan. Keyingi ikki bosqichda umummilliy yondashuvlardan hududiy va mahalliy (okrug va qishloq) strategiyalariga o'tilgan. To'rtinchi bosqichda esa bevosita kambag'al uy xo'jaliklari bilan maxsus shug'ullanilgan.

Shu tariqa turli bosqichlarda kambag'allikni kamaytirishning samarali vositalari ishlatilgan. Jumladan, ilk bosqichda subsidiyali kredit, “oziq-ovqatni ishga almashtirish” sxemasi va tadbirkorlik uchun subsidiyalar berish usullaridan keng foydalanilgan. Keyinroq esa aholisining katta qismi kambag'al bo'lgan qishloqlarga ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmalar barpo etishga ko'mak berilgan.

Bir so'z bilan aytganda, Xitoyda kambag'allikka qarshi kurash umumxalq harakatiga aylantirilgan. Bu jarayonda davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda xususiy sektor va jamoat tashkilotlari ham faol ishtirok etgan.

Xitoyning ana shunday ilg'or tajribasi asosida kambag'allikni kamaytirish bo'yicha 18 yo'nalishda manzilli loyiha tayyorlandi. Ular yordamida kambag'allikni kamaytirish bo'yicha umumxalq harakatining yangi bosqichida Xitoy tajribasi asosida har bir viloyatda kambag'allikdan chiqarish bo'yicha alohida dastur amalga oshiriladi. Bunda kambag'allik yuqori bo'lgan tumanlarda yo'l-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va o'rta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga alohida e'tibor qaratiladi.

Mutasaddilarga xitoylik ekspertlar bilan birga tanlab olingan 14 tumanni kambag'allikdan chiqarish uchun kompleks rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi. Har bir tumanda yangi ish o'rinlari yaratish imkoniyati bo'lgan 10-15 tadbirkor ajratib olinadi va ularga kamida 1000 ta ish o'rni yaratishi uchun ko'mak beriladi. Jumladan, ularga mutaxassislarni tayyorlash orqali yangi ish o'rinlari yaratishi uchun mablag' ajratiladi, infratuzilma, kredit, soliq va boshqa masalalarda preferensiyalar taqdim etiladi.

Barcha viloyatlarning bittadan tumanida aholini kambag'allikdan chiqarish bo'yicha alohida dastur ishlab chiqiladi. Ularda yo'l-transport, energetika, kommunikatsiya va turistik infratuzilmalar, kichik va o'rta shaharlarni rivojlantirish, kambag'allar ko'p bo'lgan tumanlarda mahallalarni sanoatlashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratiladi.

Kambag'allikni kamaytirish bo'yicha Xitoy markazlari bilan hamkorlikda hokim yordamchilarini o'qitish, yaxshi natijaga erishgan kamida 200 nafar salohiyatli hokim yordamchisini Xitoyga amaliyot o'tash uchun yuborish vazifasi ham qo'yildi.

Keng qamrovli ishlar e'tirof etilmoqda

Yurtimizda kambag'allikka qarshi kurashish tadbirlari yaxshi natija bermoqda. Bu xalqaro jamoatchilik tomonidan e'tirof etilyapti. Jumladan, Kambag'allikka qarshi kurashish bo'yicha global tadqiqot markazining Yevropa byurosi (J-PAL) O'zbekistonni joriy yilning may oyida kambag'allikni kamaytirish bo'yicha dunyoning eng yaxshi mamlakati, deb tan oldi.

Shuni mamnuniyat bilan ta'kidlash mumkinki, 2022 yilning may oyida Nobel mukofoti sohiblari Abxijit Banerji va Ester Duflo asos solgan J-PAL bilan birgalikda kambag'allikka qarshi kurashish bo'yicha davlat dasturlari samaradorligini oshirishda innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish va sinovdan o'tkazishga ko'maklashish maqsadida hamkorlik boshlandi.

Ayni paytda esa J-PAL va Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi kambag'allikka qarshi kurashga qaratilgan birinchi davlat dasturlarining samaradorligini va ularning real daromadlar o'sishi va kambag'allikni kamaytirishga potensial ta'sirini baholash bo'yicha tadqiqotni boshlamoqda. Bunda “mahallabay” tizim orqali tatbiq etiladigan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi va “Ishga marhamat” monomarkazlari faoliyati, shu jumladan, tashqi migratsiya yo'nalishi samaradorligini zamonaviy ilg'or vositalar (metodologiya) bilan baholash masalalari ko'rib chiqiladi.

Davlat dasturlari samaradorligini baholashning bunday shakli O'zbekistonda ilk bor joriy etilmoqda. Bu esa kambag'allikning ko'plab jihatlarini hal etishga qaratilgan istiqboldagi dastur va strategiyalarni ishlab chiqishda muhim qadamdir.

O'tgan haftada Toshkentda Kambag'allikni qisqartirish bo'yicha ilg'or tajribalarni tatbiq etish II xalqaro forumi bo'lib o'tdi. Forum Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining forum ishtirokchilariga qutlov murojaatida ta'kidlanganidek, kambag'allikni qisqartirish borasida boshlagan keng ko'lamli ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqib, bundan buyon ham barcha yo'nalishlarda “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida islohotlarni qat'iy davom ettiramiz!

Kambag'allikni qisqartirishga bag'ishlangan II xalqaro forumda 200 dan ortiq delegat, kambag'allikka qarshi kurash bo'yicha J-PAL global tashabbusi, BMT, BMT Taraqqiyot dasturi, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki, YUNICEF, Osiyo taraqqiyot banki, Germaniya hamkorlik tashkiloti (GIZ), Fransiya taraqqiyot agentligi va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar ekspertlari, jumladan, iqtisod bo'yicha Nobel mukofoti laureati Abxijit Banerji kabi jahonga mashhur olim va ekspertlar qatnashdi.

Xalqaro forumning maqsadi kambag'allikka qarshi kurashish bo'yicha ilg'or jahon tajribasi va usullarini o'rganish, kambag'allikka barham berishda ko'p o'lchovli kompleks yondashuvni qo'llash, qo'shma tadqiqotlar uchun ustuvor yo'nalishlarni shakllantirish, inson kapitalini takomillashtirish orqali mehnat bozorida o'qitish dasturlari sifatini oshirish, kichik korxonalar o'sishini qo'llab-quvvatlash, yuqori sifatli ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat bo'ldi.

Ishtirokchilar rivojlanayotgan mamlakatlarda to'plangan tajribani yanada ommalashtirish maqsadida kambag'allikka qarshi kurashish bo'yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishda O'zbekiston erishgan yutuqlar omilini, jumladan, ularning samaradorligini ko'rib chiqdi.

Forum doirasida hamkorlikka oid qator hujjatlar, jumladan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda J-PAL o'rtasida o'zaro hamkorlik to'g'risida memorandum imzolandi.

Abxijit Banerji o'z chiqishida bunday dedi: “Dunyo hukumatlari koronavirus pandemiyasiga javoban ijtimoiy himoya dasturlarini kuchaytirmoqda, xususan, bugungi kunga qadar 3860 ga yaqin dastur rejalashtirilgan yoki amalga oshirilgan. O'zbekiston haqida gapiradigan bo'lsak, mamlakatingiz o'z namunasi bilan boshqa davlatlarga kambag'allikka qarshi qanday kurashish kerakligini namoyon etayotganidan mamnunman. Bu yerda turib mamlakatdagi o'zgarishlar ruhini his qilmoqdaman va keling, “buni birgalikda amalga oshiramiz", deb ayta olishimdan faxrlanaman!”

Mashhur olim O'zbekistonda kambag'allikni kamaytirish bo'yicha hamkorlikda tadqiqotlar o'tkazish mumkin bo'lgan qator yo'nalishlarni taklif etdi.

Bir so'z bilan aytganda, Prezidentimiz tomonidan olg'a surilgan chora-tadbirlar dasturi umumdavlat ahamiyatiga ega bo'lgan juda katta va keng qamrovli hujjat bo'lib, uning amalga oshirilishi tadbirkorlikni keng rivojlantirish orqali mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy yuksalish darajasini yanada jadallashtirish imkoniyatini yaratadi. Bu esa, o'z navbatida, kambag'allikni keskin kamaytirish va yuz minglab yangi ish o'rinlari yaratish hamda aholi turmush darajasini oshirish uchun mustahkam asos bo'lib xizmat qiladi.