Ibrohim Abdurahmonov - oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik.

Bugun dunyoning rivojlanish tendensiyalariga e'tibor qaratadigan bo'lsak, ilmiy-nazariy qarashlar innovatsion g'oyalar, ilg'or texnologiyalar yordamida sanoat, ishlab chiqarish tarmoqlariga faol integratsiya qilinganini ko'rish mumkin. Shu ma'noda, yangilanayotgan O'zbekistonda taraqqiyot sari dadil qadamlar tashlanar ekan, ilm-fan ravnaqini yangi bosqichga ko'tarish, ilmiy ishlanmalar va tashabbuslarni ishlab chiqarishga tatbiq qilishga alohida e'tibor qaratilayotgani ayni muddao. Bu borada ilg'or mamlakatlar tajribasidan o'tgan o'ziga xos yondashuv — innovatsion hududlarning tashkil etilayotgani kelgusida o'z samarasini beradi.

Shu yilning 7 aprel kuni Sirdaryo viloyati markazi — Guliston shahrida xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo'lib o'tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirok etib, Sirdaryo viloyatini sanoat, tadbirkorlik, qishloq xo'jaligi, ta'lim va tibbiyot bo'yicha “ilg'or innovatsiyalar hududi”ga aylantirish bo'yicha topshiriqlar berdi.

Bugungi kunda mazkur topshiriqlar ijrosini ta'minlash borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayni jarayonda davlatimiz rahbarining 2022 yil 6 iyuldagi “2022 — 2026 yillarda O'zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini tasdiqlash to'g'risidagi” Farmoni muhim dasturilamal bo'lmoqda. Ushbu hujjatda innovatsion hududlarda to'plangan tajribani boshqa joylarga bosqichma-bosqich joriy qilish orqali mamlakat markazidan boshlab eng olis manzillargacha “tubdan yangilovchi” innovatsiyalarning kirib borishini ta'minlash ko'zda tutilgan.

Farmonda innovatsion rivojlantirish hududlarida 2022 — 2026 yillarda kichik innovatsion ishlab chiqarishni tashkil etish uchun tayyor “1000 ta innovatsion loyiha” takliflar portfelini shakllantirish va bosqichma-bosqich amalga oshirish, shuningdek, muvaffaqiyatli kichik innovatsion ishlab chiqarish tashkilotlarini respublikaning boshqa geografik hududlariga transfer qilish singari yo'nalishlarda ustuvor vazifalar belgilandi.

O'ziga xoslik, maqsad va vazifalar

Xo'sh, innovatsion hududlar o'zi nima? Ular boshqa geografik va ma'muriy birliklardan qay jihati bilan farqlanadi? Bunday zonalarni tashkil etishdan qanday maqsad-muddaolar ko'zlanadi?

Avvalo, bu — boshqa yuridik sub'ektga nisbatan alohida huquqiy maqomga ega cheklangan hududdir. Bunday zonalar tashkil etish orqali davlatning umumiy yoki alohida hududlarini zamonaviy mezonlar asosida rivojlanishining strategik masalalari hal etiladi. Xususan, tashqi savdo, ijtimoiy-iqtisodiy, mintaqaviy, ilmiy-texnikaviy muammolarni hal qilish imkoniyati kengayib boradi.

Shuning uchun ham bu kabi hududlar birinchi navbatda yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini rivojlantirish yoki yangi texnologiyalarni amalda qo'llash maqsadida tashkil etilishi maqsadga muvofiqdir.

2022 — 2026 yillarda O'zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasiga ko'ra, Qorag'alpog'iston Respublikasi va viloyatlarda 28 ta innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlar ro'yxati tasdiqlandi. O'tgan davrda 28 ta innovatsion tumanlarning innovatsiya masalalari bo'yicha o'rinbosarlari tayinlandi va ular uchun o'quv-trening kurslari o'tkazildi.

O'tgan qisqa davr mobaynida mahalliy byudjet va tashabbuskorlarning mablag'lari evaziga umumiy qiymati 136,6 mlrd. so'm bo'lgan 175 ta loyiha moliyalashtirildi. Istiqbolli loyihalar amalga oshirilishi natijasida 1977 ta yangi ish o'rni yaratildi hamda 146 ta yangi korxona faoliyati yo'lga qo'yildi. Eng muhimi va quvonarlisi, 227 xildagi innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishga tatbiq etilishiga erishildi.

Istiqbolli ishlanmalar moliyalashtiriladi

Aytish joizki, innovatsion hududlar ilmiy tadqiqotlar, ishlanmalar va tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan qator rag'batlantiruvchi mexanizmlar orqali innovatsiyalarning joriy etilishiga xizmat qiladi. Tashabbuskor tadbirkorlar, yuqori texnologik kompaniyalar va ilmiy markazlar ayni shu kabi innovatsion hududlarda birlashadi. Ular yangi mahsulotlar, xizmatlar va yechimlarni taqdim etadi. Shu orqali aholi yashash sifatini, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshiradi.

Innovatsion hududlar muvaffaqiyatining asosiy omillaridan biri, bu — moliyalashtirish manbalarining mavjudligidir. Ushbu hududda venchur kapitali, “biznes-farishtalar” va davlat grantlaridan foydalangan holda startap korxonalar tashkil etiladi, tadbirkorlar o'z g'oyalarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo'ladi. Bu orqali qo'shimcha ish joylari yaratiladi, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishga yo'l ochiladi.

Hozirgi paytda ba'zi kichik va o'rta biznes vakillari o'z tadbirkorlik fao¬liyatini kengaytirish uchun moliyalashtirish masalasida muammolarga duch kelmog'da. Bunday vaziyatda zamonaviy rag'amli moliyalashtirish tizimlaridan foydalanish mag'sadga muvofig' sanaladi. Rag'amli moliyaviy texnologiya¬lar moliyaviy operatsiyalarning samaradorligi va shaffofligini oshiradi, xarajatlar va xatarlarni ¬kamaytiradi, istig'bolli investorlar va mijozlar ko'lamini kengaytiradi.

Shuningdek, mavjud korxonalar ¬faoliyati yo'nalishlari diversifikatsiya g'ilinishi tufayli ular ¬ishlab ¬chig'aradigan mahsulotlar va xizmatlarning rag'obatbardoshligi oshishi ta'minlanadi.

Kovorking markazlari — g'oya egalariga rag'bat

Innovatsion hududlar startaplar va tadbirkorlarga hamkorlikda ishlash hamda g'oyalar almashinuvini amalga oshirishlari uchun kovorking markazlardan foydalanish imkoniyatini yaratadi. Bu esa yangi loyiha ustida ishlash jarayonida g'oya egalarining o'z qobig'iga o'ralib qolish xavfini kamaytiradi.

Kovorking markazlar turli kasb egalari, turfa soha vakillari va ko'plab tashkilotlar o'z resurslari, asbob-uskunalari va bilimlarini ulashish maqsadida bir binoda, demak, bir muhitda ishlashlari uchun tashkil etiladi. Shu bois startaplar va tadbirkorlar dunyoni o'zgartirishga qodir yangi mahsulotlar hamda xizmatlarni yaratib kelayotgan dunyodagi eng mashhur innovatsion hududlar — Silikon vodiysi, Berlin shahri yoki Singapurda bo'lgani kabi keyingi yillarda yurtimizda ham kovorking markazlar faoliyati tobora rivojlanib bormoqda.

E'tiborlisi, ushbu markazlarda mutaxassislar nafaqat yuqori tezlikdagi internet tarmog'i va qo'shimcha qulayliklardan foydalanishi mumkin, balki o'zlari duch kelgan muammolarni hal etishga ko'mak bera oladigan hamkorlar, investorlar topish, o'zaro fikr almashish hamda faol aloqalarni yo'lga qo'yish imkoniga ega.

Bunday markazlar maslakdoshlarni birlashtirish, innovatsiyalar yaratish madaniyatini shakllantirish hamda ishtirokchilarning muvaffaqiyatga ¬erishishlariga zamin yaratadi. Ayni chog'da resurslardan samarali va oqilona foydalanishga xizmat qiladi, bir joydan ikkinchi joyga tinimsiz qatnash zaruriyatini qisqartiradi, alohida ofislarni ijaraga olish kabi muammolarni bartaraf etadi. Kovorking — bu nafaqat ish joyi, balki hayot tarzi hamdir, u yerda inson o'sadi, ulg'ayadi, professional ko'nikmalarini yuksaltiradi.

Iqtidorli yoshlarga va hamkorlikni rivojlantirish uchun platforma

Ayonki, innovatsion iqtisodiyot rivoji uchun iqtidorli inson resursi talab etiladi. Shuning uchun ham innovatsion hududlar iqtidor egalariga qiziqarli va istiqbolli ish joylarini taklif etuvchi maskanga aylanishi mumkin. U yerda yoshlar sifatli ta'lim olishi, mutaxassislar esa o'z malakalarini oshirish imkoniyatiga ega bo'ladi. Eng so'nggi texnologiyalar va innovatsiyalarga yo'naltirilgan stajirovkalar va o'quv dasturlari ularning yuqori maoshli ish o'rinlariga joylashishlariga ko'mak beradi.

Mamlakatimizda tashkil etilayotgan innovatsion hududlarda butun dunyodan iqtidorlarni jalb qilish va ular shu yerda qolishlari uchun shart-sharoitlar yaratishni maqsad sifatida belgilashimiz kerak. Bu, o'z navbatida, ushbu hududlarda yuqori malakali mutaxassislar bilan hamkorlik qilishga intiluvchi investorlar va mijozlarni o'ziga tortuvchi ohanrabo bo'ladi. Ijodkor, yangicha fikrlovchi, yangi zamon bilan hamnafas kadrlar innovatsion hududda ijodiy muhit yaratib, ta'lim, ilm-fan, san'at, adabiyot rivojiga hissa qo'shadi.

Qolaversa, innovatsion hududlar universitetlar, tadqiqot markazlari va xususiy korxonalar o'rtasida yangidan-yangi loyihalarni amalga oshirish uchun hamkorlik aloqalarini o'rnatishga xizmat qiladi. Ilmiy tadqiqotlar olib borish, uning natijasida yaratilgan ishlanmalarni tijoratlashtirish mazkur zonalarning muvaffaqiyat kaliti sanaladi. Tadqiqotlar va ishlanmalarga doir loyihalarni hamkorlikda olib borish bilimlar, resurslar, malakalarni birlashtirishga, shuningdek, g'oyalar va texnologiyalar bilan almashishga turtki bo'ladi, innovatsiyalarni tijoratlashtirishni jadallashtiradi, hududiy iqtisodiy ko'rsatkichlarning raqobatbardoshligini oshiradi.

Hamkorlik samarali va uzoq muddatli bo'lishi uchun esa ilmiy-texnik sohaning turli ishtirokchilari o'rtasida o'zaro samimiy munosabat o'rnatishga sharoit yaratish kerak. Bu jihatdan innovatsion hududlarning ahamiyati beqiyos. Negaki, mazkur platformada yuqori texnologik korxonalar, ilm-fan, ta'lim muassasalari va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlovchi infratuzilma mavjud.

Shu bilan birga, tadqiqotlar va ishlanmalar sohasidagi hamkorlik muvaffaqiyatli bo'lishi uchun hamkorlarning manfaatlari hamda maqsadlarini muvofiqlashtirishga to'g'ri keladi. Bu doimo moslashuvchanlik, bir-biriga ishonch, muloqot va muzokaralarga tayyor bo'lishni taqozo etadi. Egalik huquqi, sir saqlash, hamkorlik natijalari uchun mas'uliyat bilan bog'liq masalalar ham borki, buni ham inobatga olish zarur. Hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarni moliyalashtirish va rag'batlantirish uchun esa davlat, turli jamg'armalar hamda boshqa tashkilotlardan yordam talab etiladi.

Soliq imtiyozlari samarasi

Fiskal imtiyozlar tadqiqotlar va ishlanmalar bilan shug'ullanadigan korxonalar hamda tadbirkorlarga moliyaviy ko'mak bergan holda innovatsiyalarni rag'batlantirishda muhim rol o'ynaydi. Ayrim hududlarda innovatsion faoliyatni rag'batlantirish maqsadida soliq imtiyozlarini joriy qilish dunyo tajribasida qo'llanilgan bo'lib, startaplar, investorlar, tadbirkorlarni jalb etish uchun, masalan, ko'chmas mulk soliqlarini kamaytirish mumkin. Bunday imtiyozlar innovatsion tumanlarda raqobatbardoshlikni oshirish va iqtisodiyotning o'sishiga xizmat qiladi.

Ko'plab mamlakatlar tadqiqotlar va konstruktorlik ishlariga mablag' sarflaydigan korxonalarga soliq imtiyozlari joriy etgan. Bu boshqa korxonalarni ham innovatsion loyihalarni amalga oshirishga undaydi. Investitsion soliq imtiyozlari yangi texnologiyalar, uskunalar, ob'ektlarni ishlab chiqarishga joriy etgan korxonalarning kapital xarajatlarini moliyalashtirishga va ularning innovatsiyalarni amalga oshirishiga yordamlashadi.

Shuningdek, amortizatsiyani tezlashtirish ham bugungi tezkor davrimiz uchun muhim. Asbob-uskunalar ma'naviy jihatdan tez eskirayotgan, yangi texnologiyalar tez almashayotgan bir paytda an'anaviy amortizatsiya jadvali o'z dolzarbligi va ahamiyatini yo'qotib bormoqda. Bu, ayniqsa, yuqori texnologik korxonalar faoliyatida yaqqol seziladi.

“Patent qutilari” rejimi patentlangan mahsulotlar va xizmatlardan olingan daromaddan kamroq soliq olishni nazarda tutadi. Bu ham kompaniyalarning raqobatbardoshligini oshirib, ularning yangi mahsulotlar ishlab chiqarish va bozorda mavjud bo'lmagan xizmatlarni ko'rsatishda manfaatdorligini oshiradi. “Patent qutilari” rejimi Italiya, Irlandiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya kabi davlatlarda qo'llaniladi. Ularning barchasida turli shartlar va talablar o'rnatilgan bo'lsa-da, bu umumiy soliq stavkasining o'rtacha 10-15 foizga qisqarishini nazarda tutadi. Ushbu rejim, o'z navbatida, intellektual mulk himoyasi darajasini ham oshiradi.

Davlat tomonidan ajratiladigan grantlar, subsidiyalar tadqiqotlar va ishlanmalar bilan shug'ullanadigan korxonalar raqobatbardoshligini oshirish bilan bir qatorda yangi mahsulot yoki xizmatlarni ilgari surish imkoniyatini beradi.

Amaliy ahamiyatga ega bo'lgan ilmiy loyihalarga davlat tomonidan grantlar berish mexanizmi O'zbekistonda allaqachon shakllanib ulgurgan. Har yili yuzlab innovatsion, amaliy, tijoratlashtirish loyihalari moliyalashtirilib, ularning natijalari turli tarmoqlar hamda iqtisodiyotning real sektoriga joriy etib kelinmoqda.

Shu yilning mart oyida Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligida oliy ta'lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar bilan xo'jalik boshqaruvi organlari, tarmoq tashkilotlari va hududlar hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish forumining bahorgi bosqichi o'tkazildi. Birgina shu tadbirda hududlar iqtisodiyotida mavjud muammolar yechimiga qaratilgan tayyor ilmiy ishlanmalarni joriy etish, ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda yangi tadqiqot ishlari tashkil qilish bo'yicha jami 29,6 mlrd. so'mlik 74 ta loyihani moliyalashtirishga qaratilgan hududiy ish rejasi shakllantirildi. Tarmoq va iste'molchi tashkilotlar, oliy ta'lim muassasalari hamda ilmiy muassasalar orasida ishlanmalarni tijoratlashtirish, yangilariga buyurtmalar berish, sohaga innovatsiyalarni joriy qilish bo'yicha tarmoq ish rejalari imzolanib, ularda 41,4 mlrd. so'mlik 20 ta loyihani amalga oshirish ko'zda tutildi.

Jahon tajribasi

Turli g'oyalarni amalga oshirish uchun turfa bilimu ko'nikmalarga ega va ilmga tashna insonlarni birlashtiruvchi innovatsion hududlar shaharlarda, universitetlar kampuslarida, sanoat zonalarida joylashgan bo'lishi mumkin. Bundan qat'i nazar, innovatsion hududlar rivojlanishi uchun startaplar va tadbirkorlarning faoliyatini yengillashtiruvchi infratuzilma mavjud bo'lishi shart. Infratuzilma deganda, nafaqat yuqori tezlikdagi internet, transport, zamonaviy uskunalar kabi moddiy ta'minot, balki moliyalashtirish, mentorlik, ta'lim imkoniyatlari kabi ijtimoiy va iqtisodiy jihatlar ham nazarda tutiladi. Bunda texnoparklar, biznes-inkubatorlar, texnopolislarni yaratish yaxshi natija beradi.

Dunyodagi eng rivojlangan, o'z yutuqlari bilan mutaxassislar olqishiga sazovor bo'lgan innovatsion hududlarning sara ro'yxatiga Finlyandiyaning Tampere, Ispaniyadagi Valles, Niderlandiyaning Ensxede, Buyuk Britaniyadagi Sheffild va Kembrij, Yaponiyadagi Sukuba, Toyama, Oita va Kumamoto, AQShning Silikon vodiysi va 128-Baston marshruti, Xitoydagi Shenchjen va Nanxu, Belgiyadagi Leyven va Lej hamda boshqalarni kiritish mumkin. Bu innovatsion hududlar davlat va xususiy sektor vakillari hamkorligida, shuningdek, startaplar, tadbirkorlar va biznes-inkubatorlarni jalb qilgan holda tashkil etilgan. Bunda maxsus iqtisodiy zona, klasterlar, xablar, texnoparklar, kovorking kabi shahar tuzilmalari, hamkorlik va ijodkorlik muhitini yaratuvchi infratuzilma ob'ektlaridan foydalanilgan.

Odatda innovatsion hududlar katta shaharlar atrofidagi turg'unlikka moyil hududlarni jonlantirish, aholi yashash sifatini oshirish maqsadida tashkil etiladi. Bunga Yaponiyaning “miyalar shahri” — Sukubani misol qilish mumkin. U poytaxtdan 35 kilometr uzoqlikda joylashgan bo'lib, texnopolis tashkil etishga qaratilgan davlat dasturi Tokiodagi bir nechta ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalarini u yerga ko'chirishni o'z ichiga olgan edi. Natijada Sukubani Tokio va butun dunyo bilan bog'laydigan transport hamda kommunikatsiya infratuzilmasi tashkil etildi. Ayni paytda shaharda yashovchilar, asosan, ikkita yirik universitet va 50 ta tadqiqot institutida faoliyat yuritadi.

Umuman olganda, innovatsion hududlar XXI asrda ilm-fan nazariyasi va amaliyot uyg'unligini ta'minlovchi ulkan mexanizmdir. Bunday maskanlarni tashkil etish dabdurustdan ro'y bermaydi, balki u strategik rejalashtirishni va shu tariqa davlat, mahalliy hokimiyat hamda xususiy sektor tomonidan qo'llab-quvvatlashni talab etadi. Bunday hududlar tashkil etilgan shahar yoki tuman iqtisodiy jihatdan o'sadi, ijtimoiy taraqqiyotga va ekologik barqarorlikka erishadi. Shu sababli, innovatsion hududlar nafaqat ishlash va ta'lim olish, balki yashash va maroqli hordiq chiqarish uchun ham qulay joy sanaladi.

Mazkur hududlar ilm-fan va texnologiyalar yordamida murakkab global va lokal muammolarni hal etish hamda insoniyat hayotini har jihatdan yaxshilashga katta yordam beradi. Prezidentimiz tomonidan O'zbekistonda innovatsion hududlarni tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlardan ko'zlangan maqsad ham shu — xalqimizning farovon hayotini ta'minlash, mamlakatimizni taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqishdir.