Aziz vatandoshlar! 

Hurmatli Tatyana Akbarovna! 

Muhtaram Samarqand ahli! 

Bugun – 2-sentabr, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning vafot etganiga bir yil to‘ldi. 



Shu munosabat bilan keng jamoatchilik, jumladan, jonajon Samarqand ahli vakillari bilan Islom akani yod etib, u kishining yorqin xotirasini abadiylashtirish uchun bugungi tadbirda yig‘ilib turibmiz. 

Barchamiz yaxshi bilamiz, yil davomida butun xalqimiz, shuningdek, ko‘plab xorijiy davlatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari va chet ellik fuqarolar Birinchi Prezidentimizning o‘chmas xotirasiga chuqur hurmat va ehtirom ko‘rsatdilar. 

Xabarlaringiz bor, kuni kecha, Mustaqillik bayrami arafasida, azim poytaxtimiz – Toshkent shahrida, Islom Abdug‘aniyevich uzoq yillar faoliyat olib borgan Oqsaroy qarorgohi oldida u kishining haykali ochildi. 

Bugun esa Birinchi Prezidentimiz tug‘ilib o‘sgan, kamolga yetgan va mangu orom topgan Samarqand shahrida Islom akaning siymosi aks etgan haykalni ochayotganimiz el-yurtimizning ushbu ulug‘ insonga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtiromining yana bir amaliy ifodasidir. 

Islom Abdug‘aniyevichning ulug‘vor qiyofasi yorqin namoyon bo‘lgan ushbu yodgorlikda u kishi o‘zining donishmand nigohi va mehr to‘la ko‘zlari bilan barchamizga boqib turibdi. 

Muhtaram Islom Abdug‘aniyevich bamisoli o‘zi uchun behad qadrli bo‘lgan shu diyor ahlini, aziz yurtdoshlarini Mustaqillik va Hayit bayrami bilan tabriklab, barchamizga samimiy tilaklar bildirayotgandek. 

Ishonchim komil, Islom Abdug‘aniyevichning haykali qad ko‘targan mana shu tabarruk maskan xalqimiz uchun, yurtimizga keladigan ming-minglab aziz mehmonlar uchun muqaddas ziyoratgohga aylanadi. 

“Savob ishni har kim qilishi kerak, savob ishni har kun qilish kerak” degan da’vatga bir umr amal qilib yashagan bu ulug‘ insonning xotirasi, ayni paytda Hazrati Xizr majmuasida barpo etilayotgan tabarruk ziyoratgohlari barchamizni ezgu va xayrli ishlarga chorlab turadi. 

Qadrli anjuman ishtirokchilari! 

Islom Abdug‘aniyevichning tarix va kelajak oldidagi buyuk xizmatlarini ta’riflab o‘tirishga hojat yo‘q, deb o‘ylayman. 

Nega deganda, bugungi Samarqand, bugungi O‘zbekistonning go‘zal va obod qiyofasi, xalqimiz erishayotgan barcha-barcha yutuqlar u kishining ana shunday tarixiy xizmatlarini bamisoli ko‘zgudek yaqqol namoyish etib turibdi. 

Birinchi Prezidentimiz o‘tgan asrning 90-yillarida keskin muammolar, millatlararo mojarolar girdobiga tushib qolgan yurtimizni o‘zining yuksak rahbarlik salohiyati, jasorat va matonati bilan mudhish fojialardan omon saqlab qoldi, Vatanimizni katta taraqqiyot yo‘liga olib chiqdi. Bu yo‘lda o‘zining kuch-g‘ayrati, aql-zakovati, bilim va tajribasini ayamadi. 

Bu, hech shubhasiz, tom ma’noda qahramonlik va fidoyilik namunasi bo‘lib, tariximizda mangu muhrlanib qoladi. 

Biz barchamiz, butun xalqimiz haqli ravishda Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom aka bilan faxrlanamiz, u kishi boshlagan ishlarni mutlaqo yangicha miqyos va talablar asosida davom ettirishni o‘zimiz uchun yuksak burch va mas’uliyat deb bilamiz. 

Hurmatli do‘stlar! 

Birinchi Prezidentimiz butun O‘zbekistonimiz kabi, uning bebaho gavhari bo‘lgan Samarqand zaminini ham farzandlik mehri bilan chin dildan sevar edilar. 

Samarqandni dunyodagi eng go‘zal shaharlardan biriga, haqiqatan ham yer yuzining sayqaliga aylantirish Islom akaning yuksak orzusi edi. 

U kishi shu yo‘lda qisqa muddatda ulkan ishlarni amalga oshirganlarini siz, muhtaram Samarqand ahli yaxshi bilasiz, albatta. 

Islom aka dunyo miqyosida “Rimning tengdoshi” deb tan olingan Samarqanddek buyuk shaharning sha’nu shavkatiga, o‘ziga tuz-nasiba bergan bu zamin ahliga, uning ishonchiga doimo munosib bo‘lib yashadi. 

Biz el-yurtga sadoqat, chinakam vatanparvarlikning oliy namunasini hurmatli Yo‘lboshchimizning o‘z ona shahriga cheksiz muhabbatida, buning amaliy namoyoni bo‘lgan katta-katta ishlarida ko‘ramiz. 

Jonajon Vatanimiz – O‘zbekistonimizni, mustaqilligimizni, tinch va obod hayotimizni sevish va qadrlashni, o‘z yurtimizga mehr-muhabbatni biz ulug‘ Yurtboshimizdan o‘rganganmiz. 

Birinchi Prezidentimiz mustaqillik yillarida Samarqand shahrini tubdan obod qilish, uning tarixiy va zamonaviy qiyofasini uyg‘unlashtirishga qaratilgan ulkan ishlarga bevosita rahbarlik qildi. 

Imom Buxoriy, Imom Moturidiy yodgorlik majmualarini barpo etish, Shohi Zinda ziyoratgohi, Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Hazrati Xizr masjidini ta’mirlash, obod qilish, yangi uy-joylar, maydon va xiyobonlar, ijtimoiy va madaniy obyektlar qurish ishlarida Islom akaning beqiyos hissasi borligini, ishonaman, Samarqand ahli hech qachon unutmaydi. 

Islom Abdug‘aniyevichning tashabbuslari bilan 2007-yili Samarqand shahrining 2750 yillik qutlug‘ sanasi YuNESKO ishtirokida keng nishonlangani tariximizda yorqin sahifa bo‘lib qoladi. 

Kuni kecha mana shu muazzam Registon maydonida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘z ishini katta muvaffaqiyat bilan yakunladi. 

Dunyoning turli qit’a va mintaqalaridagi 60 ga yaqin mamlakatdan kelib, ushbu anjumanda ishtirok etgan atoqli siyosat va madaniyat arboblari, mashhur san’at namoyandalari bundan yigirma yil oldin bu festivalga asos solgan Birinchi Prezidentimiz xotirasiga chuqur hurmat bildirib, u kishining xizmatlarini minnatdorlik bilan ta’kidlaganlari, hech shubhasiz, barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. 

Qadrli vatandoshlar! 

Roppa-rosa bir yil avval boshimizga og‘ir qayg‘u va musibat tushgan tashvishli kunlarda dunyo ahli biz bilan hamdard bo‘lib, Birinchi Prezidentimizning xotirasiga yuksak ehtirom ko‘rsatgani g‘oyat mushkul damlarda bizga katta madad berdi. 

Nasib etsa, kelgusi yil yanvar oyida Islom Abdug‘aniyevich tavalludining 80 yilligini keng nishonlaymiz. 

Ana shu qutlug‘ sana munosabati bilan Samarqand shahrida, Birinchi Prezidentimiz abadiy orom topgan maskanda u kishining shon-shuhratiga munosib tarzda bunyod etilayotgan ulug‘vor va muhtasham maqbara majmuasi ham ochiladi. Shuningdek, Qarshi shahrida ham muhtasham haykal barpo etiladi. 

Muhtaram Islom Abdug‘aniyevich “Bu hayot, bu umr Amudaryo suvidek tez va shiddat bilan o‘tib ketadi, lekin insonning ezgu ishlari, ezgu xotirasi boqiy yashaydi” degan chuqur ma’noli so‘zlarni takror va takror aytar edilar. 

Bugun Islom akaning bosib o‘tgan ibratli hayot yo‘li, amalga oshirgan xayrli ishlarini eslar ekanmiz, bu fikrlar avvalo u kishining o‘zlariga to‘la daxldor ekanini ta’kidlamoqchiman. 

Milliy mustaqilligimizning asoschisi muhtaram Islom Abdug‘aniyevichning so‘nmas xotirasiga qo‘yilgan eng buyuk haykal – bu mustaqil va suveren, erkin va ozod O‘zbekiston davlatidir, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. 

Bugun, mana shu muborak Hayit ayyomida barchamiz Olloh taolodan aziz Islom akamiz, mehribon ustozimizning oxiratlarini obod etishni so‘raymiz. 

Men aminman – biz mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizni yanada obod va farovon qilish uchun qanchalik fidoyilik va qanchalik sadoqat ko‘rsatib mehnat qilsak, u kishining ruhlari shunchalik shod bo‘ladi. 

Bugun azim Samarqand shahrida Birinchi Prezidentimizning ulug‘vor haykalini ochayotgan ekanmiz, bir fikrni ta’kidlab aytmoqchiman: biz – hammamiz, egallab turgan vazifamiz, kasbimizdan qat’i nazar, o‘zimiz faoliyat ko‘rsatayotgan sohada Vatanimizga, xalqimizga, Birinchi Prezidentimizga doimo munosib bo‘lishimiz kerak. 

Bu borada siz, aziz Samarqand ahli doimo ibrat va namuna bo‘lasiz, deb ishonaman. 

Mana shu ezgu maqsad yo‘lida barchangizga sihat-salomatlik, kuch va g‘ayrat, oilaviy baxt tilayman. 

E’tiboringiz uchun rahmat.

MANBA: WWW.UZA.UZ