uz_president01

Assalomu alaykum, hurmatli Senat aʼzolari!

Qadrli doʻstlar!

Avvalo, sizlarni saylovlarda gʻolib boʻlib, senator degan yuksak nomga sazovor boʻlganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, Oliy Majlisning yuqori palatasining avvalgi tarkibida samarali faoliyat olib borgan senatorlarga barchamizning nomimizdan minnatdorchilik bildiraman.

Albatta, oliy vakillik organi aʼzosi boʻlish har bir senator uchun nafaqat katta sharaf, balki ulkan masʼuliyat ham ekanini barchangiz yaxshi tushunasiz.

Senator – bu avvalo xalq va davlat ishonchini qozongan inson. U chuqur bilim, boy hayotiy tajribaga ega boʻlgan, tinimsiz mehnat qilib, tashabbus koʻrsatib yashaydigan, xalq manfaatlarini doimo birinchi oʻringa qoʻyib, oʻz taqdirini el-yurt taqdiri bilan chambarchas bogʻliq holda koʻradigan shaxsdir. Sizlarning timsolingizda biz ana shunday yetuk va faol shaxslarni tasavvur qilamiz.

Taʼkidlash joizki, Senatning yangi tarkibi ancha yuqori professional darajada shakllandi. Buni Senat aʼzolarining 20 nafarini iqtisodchilar, 19 nafarini muhandislar, 13 nafarini pedagoglar, 7 nafarini huquqshunoslar, 6 nafarini tibbiyot xodimlari, 5 nafarini agronomlar, 4 nafarini jurnalistlar hamda 12 nafarini jamoat tashkilotlari vakillari tashkil etadi. Ularning orasida 16 nafar fan doktori, 12 nafar fan nomzodi mavjudligi ham yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi. Shuningdek, Senat aʼzolarining salkam 25 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Bu esa yuqori palataning faoliyati yangicha yondashuv va qarashlar asosida tashkil etilishidan dalolat beradi.

Hurmatli yalpi majlis ishtirokchilari!

Jonajon Oʻzbekistonimiz oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻygan keyingi uch yil Senat uchun ham oʻziga xos tub yangilanish va oʻzgarishlar davri boʻldi. Senat tomonidan koʻrib chiqilgan qonunlar soni qariyb 230 taga yetgani va shundan 190 ta qonun soʻnggi uch yilda maʼqullangani ushbu yoʻnalishda katta ish qilinganini koʻrsatadi. Bu boradagi ijobiy oʻzgarishlar nafaqat qonunlarning soni, balki ularning sifati bilan ham bogʻliq, desak, toʻgʻri boʻladi.

Shu oʻrinda Senat qoʻmitalari tomonidan muhim tashabbuslar ilgari surilgani va ular koʻplab dolzarb masalalar yechimiga xizmat qilganini taʼkidlash lozim. Misol uchun, Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining sugʻurta bozori samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflari mazkur sohani takomillashtirishga oid muhim qarorlarda oʻz ifodasini topdi.

Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi ham keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olib, muhim tashabbusni ilgari surdi. Hozirgi vaqtda shu asosda toʻy va marosimlar oʻtkazishni tartibga solish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar hayotga joriy etilmoqda. Eng muhimi, ularni xalqimiz qoʻllab-quvvatlamoqda.

Bundan tashqari, Senatda ichki ishlar va tashqi ishlar vazirlarining axborotlarini eshitish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Senatning yalpi majlislarida viloyat hokimlarining hisobotlarini eshitish tartibi joriy etilgani parlament nazorati sohasidagi katta amaliy natija, deyish mumkin.

Shuningdek, xalqaro munosabatlarda oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan hamkorlik ifodasi sifatida Senatda 25 ta parlamentlararo guruh va 2 ta komissiya faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Hurmatli senatorlar!

Yuqori palata ishining samaradorligini oshirish maqsadida yaqin va uzoq istiqbolda quyidagi muhim vazifalarni amalga oshirish zarur, deb hisoblayman.

Birinchidan, aholini qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali tizimini yaratishimiz lozim.

Uch yil oldin senatorlar tomonidan bevosita joylarga chiqqan holda hududlardagi muammolarni oʻrganish va mahalliy kengashlarda muhokama qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Biroq, bu biz kutgan natijalarni berdi, deb hozircha ayta olmaymiz. Joylarda hali juda koʻp muammolar oʻz yechimini kutib turibdi. Masalan, yoʻl qurilishi sohasida jami 184 ming kilometr boʻlgan avtomobil yoʻllarining 70 ming kilometri yoki 38 foizi qayta qurishga muhtoj.

Odamlarning eng koʻp eʼtiroziga sabab boʻlayotgan kommunal xizmat sohasini oladigan boʻlsak, bu borada ham muammolar koʻp. Masalan, mavjud 633 ta qozonxonaning 25 foizi hamda 4 ming kilometr issiqlik tarmogʻining 75 foizi yaroqsiz ahvolda.

Eng achinarlisi, respublikamizda markazlashgan tarmoqlar orqali toza ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi atigi 68 foizni tashkil etadi. Bu koʻrsatkich Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida 60 foizdan ham past boʻlib qolmoqda.

Shaharsozlik sohasida mamlakatimizda 1 ming 200 ta aholi punktidan faqat 232 tasi yoki 19 foizi bosh rejasiga ega. Sogʻliqni saqlash sohasida respublikamiz boʻyicha 13 mingta umumiy amaliyot vrachlari va tor doiradagi mutaxassislar yetishmaydi.

2019-2020 oʻquv yilida umumtaʼlim maktablarida 2 ming 700 dan ortiq pedagog kadrlarga ehtiyoj mavjud boʻlsa, maktablarning jihozlanish darajasi 79 foizni tashkil etmoqda. Shu bilan birga, 3 mingta maktabda ichimlik suvi tashib keltiriladi, 261 ta maktab esa suv bilan taʼminlanmagan.

Mehnatga layoqatli aholi oʻrtasida ishsizlik darajasi 8,9 foizni, ayollar oʻrtasida 12,5 foizni tashkil etadi. Mamlakatimizda yoshlarni ish bilan taʼminlash maqsadida 2 ming 400 ta mehnat yarmarkasi oʻtkazilgan. Shunga qaramasdan, ish izlaganlarning juda kam qismi ishga joylashtirilgan.

Albatta, uzoq vaqt davomida xalq bilan yaqindan muloqot qilinmagani, uning dardu tashvishlarini atroflicha oʻrganib, hal qilish choralari koʻrilmagani oqibatida mana shunday ijtimoiy muammolar toʻplanib qolgani hech kimga sir emas. Biz bu masalalarning yechimini topish maqsadida muhim dasturlar qabul qilib, shu asosda katta ishlarni amalga oshirayotganimizdan, oʻylaymanki, barchangiz xabardorsiz. Bu muammolarni toʻliq bartaraf etish uchun albatta vaqt kerak, ulkan mablagʻ va kuch-imkoniyatlar kerak.

Markazda va joylarda ijro organlarining butun faoliyati ana shu masalalarga qaratilayotgani ham sizlarga yaxshi maʼlum.

Oʻz navbatida, senatorlarimiz ham bu borada tashabbus va tashkilotchilikni oʻz qoʻllariga olib, aniq takliflar kiritsalar, ayni muddao boʻlar edi. Shu bois, Senatning har bir qoʻmitasi oʻz faoliyat rejasini hududiy muammolardan kelib chiqib shakllantirishi lozim.

Ayniqsa, Senatning Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish boʻyicha tasdiqlangan indikatorlarga erishilishi ustidan monitoring olib borishi maqsadga muvofiqdir. Chunki, yuqorida sanab oʻtilgan barcha muammolar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohangdir.

Shuningdek, oʻrganilgan masalalar boʻyicha bevosita joylarga borib, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida Senat kengashi va qoʻmitalarining sayyor majlislarini oʻtkazish zarur. Bu amaliyot aholini tashvishga solayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal qilish imkonini beradi.

Ikkinchidan, islohotlarimizning bugungi bosqichi Hukumat, barcha vazirlik va idoralar hamda hokimliklar oldiga keskin talablar qoʻymoqda. Bu talablar qonunlarda, Prezident farmonlari va qarorlarida, turli davlat va hududiy dasturlarda oʻz ifodasini topgan.

Shuning uchun vazirlik va idoralar rahbarlari koʻproq hududlarda boʻlib, joylardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yechimi yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni belgilab olmoqda. Lekin, ularning ijrosi yuzasidan nazoratni kim taʼminlaydi? Albatta, xalq ishonchiga sazovor boʻlgan senatorlar bu borada asosiy tashabbuskor boʻlib, masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishi zarur.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Senat vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlarning mazkur chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan hisobotini muntazam muhokama qilib borishi lozim. Bu jarayonda hisobot shunchaki hisobot uchun boʻlib qolmasligi kerak. Aksincha, hisobotlar muhokamasidan soʻng muayyan soha yoki hududda aniq oʻzgarishlar boʻlishi zarur.

Oʻylaymanki, parlament nazorati natijalari asosida faoliyati qoniqarsiz deb topilgan rahbarlarning lavozimda qolish yoki qolmaslik masalasi boʻyicha Senat tomonidan Hukumat oldiga masala qoʻyadigan va taʼsirchan choralar koʻradigan vaqt keldi.

Amaldagi qonunlarga asosan Senat parlament nazorati natijalari boʻyicha hatto Hukumat aʼzosini isteʼfoga chiqarish toʻgʻrisida Prezidentga taklif kiritishi mumkin.

Fursatdan foydalanib, siz, hurmatli Senat aʼzolariga murojaat qilib aytmoqchiman: aniq tahlil va asoslar bilan kiritilgan takliflarni men koʻrib chiqishga tayyorman.

Uchinchidan, yoshlar va taʼlim masalalari Senatning doimiy eʼtiborida boʻlishi kerak.

Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan soʻzlarini takror va takror aytishdan charchamayman.

Nega deganda, bu fikr bugungi kunda har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega ekanini unutmasligimiz lozim.

Yoshlarimiz kimning avlodlari ekanini chuqur anglashlari kerak. Ayni vaqtda bugungi islohot va oʻzgarishlar oʻz-oʻzidan boʻlmayotganini bilishlari zarur.

Yaqinda yoshlar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda joriy yilda yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yasash boʻyicha ulkan maqsadlarni belgilab oldik. Xususan, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni ish bilan taʼminlash, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun sharoit yaratish, qobiliyat va isteʼdodini roʻyobga chiqarish, ayniqsa, xotin-qizlarimizning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning muammolari bilan muntazam ravishda shugʻullanish, qiz bolalarni mustaqil hayotga tayyorlash, shuningdek, madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish bilan bogʻliq vazifalar ijrosini Senat nazorat qilib, mutasaddi rahbarlarning yoshlar muammolarini hal etish borasidagi faoliyatiga oid hisobotlarini eshitib, tegishli choralar koʻrib borsa, maqsadga muvofiq boʻlardi.

Toʻrtinchidan, Senat hududiy vakillik palatasi sifatida Davlat byudjeti loyihasini koʻrib chiqish va uning ijrosi ustidan parlament nazoratini oʻrnatishi zarur.

Biz 2020-yil uchun Davlat byudjetini birinchi marta qonun bilan tasdiqlash amaliyotini boshladik. Konstitutsiyamizga muvofiq, byudjetni qabul qilish va uning ijrosini nazorat qilish Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolati hisoblanadi. Ammo, qonunlarda byudjet ijrosini faqat Qonunchilik palatasi tomonidan nazorat qilish tartiblari belgilangan.

Ajratilayotgan mablagʻlarning vazirlik va idoralar boʻyicha, ayniqsa, hududlar kesimidagi ijrosini oʻrganish Senatning ham asosiy vazifasi boʻlishi lozim. Shu munosabat bilan qonunlarga tegishli tuzatishlar kiritish maqsadga muvofiqdir.

Sizlarga yaxshi maʼlumki, Qonunchilik palatasida Davlat byudjeti boshqarmasi tashkil etilgan edi. Bu qisqa muddatda oʻzining dastlabki ijobiy natijalarini koʻrsata boshladi. Yuqori palatamizda ham ana shunday faoliyatni amalga oshirish maqsadida Senatda alohida tuzilma tashkil etishni taklif qilaman. Ushbu tuzilma Davlat byudjetini shakllantirish va ijro etish jarayonlari ustidan hududlar manfaatidan kelib chiqqan holda nazorat olib borishda senatorlarning asosiy koʻmakchisi boʻladi, deb ishonaman.

Beshinchidan, jamiyat hayotining turli sohalaridagi dolzarb masalalarni hal etishda parlament soʻrovi institutidan samarali foydalanish zarur.

2010-2014-yillarda Senat tomonidan atigi 3 ta parlament soʻrovi yuborilgan boʻlsa, soʻnggi besh yilda 26 ta parlament soʻrovi va 700 dan ortiq senator soʻrovi yuborilgan.

Kelgusida parlament soʻrovi alohida viloyat, tuman, shahar miqyosidagi dolzarb masalalarni ham qamrab olsa, maqsadga muvofiq boʻlardi. Biroq, senator soʻrovlarining sifati va natijadorligini oshirish boʻyicha hali oldimizda koʻp ishlar turibdi. Afsuski, davlat boshqaruvi organlari tomonidan senatorlarning soʻrovlariga javob bermaslik holatlari ham mavjud.

Taʼkidlab aytmoqchiman, senator soʻroviga bepisandlik – bu xalqqa boʻlgan bepisandlik, deb baholanishi kerak. Bunday holatga yoʻl qoʻymaslik uchun senator soʻrovini hududlar manfaatlaridan kelib chiqqan holda shakllantirish, uning natijasiga oid axborotni Senatning qoʻmita majlislari va yalpi majlislarida muhokama qilish zarur.

Oltinchidan, Senatning mahalliy kengashlar bilan hamkorligini, ular faoliyatiga amaliy va uslubiy koʻmak koʻrsatish borasidagi faoliyatini yanada kuchaytirish lozim.

Afsuski, bugungi kunda yuqori palatamizning bu boradagi faoliyati sustligicha qolmoqda. Eng achinarlisi, mahalliy kengashlar hududlardagi dolzarb masalalar yechimini topishda oʻz vakolatlaridan deyarli foydalanmayapti.

Maʼlumki, soʻnggi davrda, ayniqsa oxirgi uch yilda mahalliy kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi. Jumladan, hokim, hokim oʻrinbosarlari, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq va sogʻliqni saqlash idoralari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qoʻyildi.

Qonunchilikda mahalliy kengashlarga bunday keng vakolatlar berilgan boʻlsa-da, amalda ularning natijasi koʻrinmayapti. Senat qoʻmitalari mahalliy kengashlar bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻymagani ham bunga sabab boʻlmoqda.

Kengashlar faoliyat samaradorligini oshirishda men, birinchi navbatda, siz muhtaram senatorlarga suyanaman. Shuning uchun doimiy asosda ishlaydigan senatorlarni mahalliy kengashlarga biriktirishni nazarda tutadigan yangi tizim yaratish lozim. Bu masalani saylovlarda kuzatuvchi boʻlib ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar vakillari ham tavsiya etishgan.

Aslida senatorlar hududlar manfaatini himoya qiladilar. Shuning uchun senatorlarimiz har oyda bittadan mahalliy kengashlarni namunaviy ishlaydigan qilib bersalar, albatta xalqni rozi qiladilar.

Shu munosabat bilan mahalliy kengashlarda senatorning kabinetini tashkil etish oʻrinli boʻladi. Shu bilan birga, Senat Raisi, hududlarda barcha senatorlarni jalb qilgan holda, mahalliy kengashlar deputatlarining tizimli oʻquvini tashkil etish amaliyotini joriy etishi lozim.

Senat, Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda, mutlaqo yangi boʻlgan tizimni, yaʼni senatorlar maktabini shakllantirishi kerak. Chunki, joylarda deputatlar korpusi qanchalik kuchli boʻlsa, mahalliy kengashlar va albatta, Senat ham shunchalik kuchli boʻladi.

Hurmatli senatorlar, men sizlarning har biringizni koʻpni koʻrgan, xalq ichida katta obroʻ-eʼtiborga ega, joylardagi muammolarni va ularni hal qilish yoʻllarini yaxshi biladigan odamlar deb bilaman. Barchangiz fidokor va tashabbuskor boʻlib, oʻz amaliy ishlaringiz bilan senator sifatida mamlakatimiz tarixida nom qoldirishingizni istayman.

Endi ijro hokimiyati yomon ishlamoqda, deb nolib oʻtiradigan vaqt oʻtdi. Ijro organi faoliyati ustidan kim nazorat qilishi kerak? Avvalo, senatorlar emasmi?

Quyi kengashlar qanchalik faol boʻlsa, Senatning ishi shuncha samarali boʻladi. Ijro organini joylarda faol ishlatish senatorlarimizga juda ham bogʻliq.

Senatorlar joylardagi rahbarlar hisobotini eshitishi, respublika darajasida hal qilinadigan masalalarni Senat muhokamasiga kiritib borishi kerak. Ushbu faoliyatni samarali tashkil etish va mahalliy kengashlarning ish sifatini oshirish maqsadida ularda doimiy asosda ishlaydigan kotibiyat tashkil etishni taklif qilaman.

Shuningdek, xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, kengashlarga vazirlik va idoralar hududiy tuzilmalari rahbarlarining oʻz lavozimiga loyiqligi yuzasidan taklif kiritish vakolatini bersak, nima deysizlar?

Maʼlumki, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunda kengashlarning qonun hujjatlariga zid boʻlgan qarorlari Oliy Majlis tomonidan belgilangan tartibda bekor qilinishi nazarda tutilgan. Biroq, shu kunga qadar ushbu normani amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqilmagan.

Senat hududiy vakillik palatasi ekanini inobatga olib, kengashlarning qonunga zid qarorlarini bekor qilish vakolatini Senatga berish toʻgʻri boʻladi, deb oʻylayman.

Yettinchidan, korrupsiyaga qarshi keskin kurashish muhitini yaratishda Senatning rolini kuchaytirish zarur.

Bugungi kunda davlat xizmatchilari, hatto yuqori lavozimlardagi masʼul shaxslar tomonidan sodir etilayotgan korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlar fosh etilmoqda. Bu haqdagi xabarlar ommaviy axborot vositalarida tez-tez eʼlon qilinmoqda. Ayniqsa, muayyan hudud taqdiri ishonib topshirilgan ayrim mansabdorlarning poraxoʻrlik va korrupsiya jinoyatiga qoʻl urayotgani tashvishli holdir.

Joylardagi rahbarlarning qonunga zid faoliyati doimo hududlarda faoliyat olib borayotgan senatorlarning eʼtibor markazida boʻlishi kerak. Bir soʻz bilan aytganda, har bir senator korrupsiyaga qarshi kurashning oldingi saflarida boʻlishi shart. Jamiyatda qizgʻin bahslarga sabab boʻlgan holatlar yuzasidan Senat aʼzolari yalpi majlisni kutib oʻtirmasdan, tezkor eshituvlar tashkil etib, mutasaddi shaxslardan izoh talab qilishi zarur.

Sakkizinchidan, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish masalasi Senatning doimiy eʼtiborida boʻlishi kerak.

Soʻnggi yillarda jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida bir qator ishlarni amalga oshirdik. Biroq, bu sohada oldimizda hali oʻz yechimini kutayotgan masalalar mavjud. Masalan, oʻtgan yili mamlakatimiz boʻyicha jinoyat sodir etgan 47 mingdan ortiq shaxsning 12 ming nafari yoki 25 foizini yoshlar tashkil etgan.

Bu koʻrsatkich Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida 39 foiz, Andijon va Namangan viloyatlarida 38 foizdan oshgan. Lekin, ming afsuski, na Qashqadaryo, na Xorazm, na Andijon, na Namangan viloyatlarida, na Toshkent shahrida ushbu oʻta tashvishli ahvol boʻyicha Senatning sayyor majlislari oʻtkazilib, bu masala jiddiy muhokama qilinmagan. Hamma tomoshabin.

Oʻzingiz ayting, bu ahvolda biz qayoqqa boramiz?

Bu kabi beparvolik va eʼtiborsizlik endi tarixda qolishi kerak. Har bir masalada yangi senatorlarimiz tezkor munosabat bildirishlari va zarur chora-tadbir koʻrib borishlari lozim.

Bundan tashqari, bezorilik va firibgarlik bilan bogʻliq jinoyatlar soni ortib bormoqda. Shu munosabat bilan joylarda jinoyatchilikka qarshi kurash olib boradigan idoralar faoliyati senatorlarning doimiy nazoratida boʻlishi lozim.

Xabaringiz bor, soʻnggi 3 yilda oʻz qilmishiga chin dildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 4 mingdan ortiq shaxs afv etilib, oʻz yaqinlari bagʻriga qaytarildi. Oʻylaymanki, ular kelgusida hayotda oʻz oʻrinlarini topishida ham senatorlarning alohida hissasi boʻladi.

Agar afv etilganlarning ijtimoiy hayotga moslashuvini taʼminlamasak, afv etish toʻgʻrisida biz qabul qilgan farmonlarning obroʻsi, taʼsiri nima boʻladi?

Toʻqqizinchidan, Senat davlat idoralarining jamiyatda xotin-qizlar rolini oshirish borasidagi faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirishi lozim.

“Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash” davlat dasturi doirasida qator chora-tadbirlar belgilangan. Barcha darajadagi rahbarlarga ayollar, ayniqsa, yosh qizlarning bandligini taʼminlash va ularni zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatishni asosiy vazifa sifatida belgiladik.

Ana shu vazifalar ijrosini tashkil etish va nazorat qilishda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi muayyan ish olib bormoqda. Kelgusida ham mazkur qoʻmita gender tenglikni taʼminlash, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni manzilli qoʻllab-quvvatlash va ularning bandligiga koʻmaklashishga oid vazifalar ijrosini muntazam oʻrganib borishi zarur. Buning natijasi boʻyicha masʼul idoralar rahbarlarining hisobotini eshitib, ularning faoliyat samaradorligini oshirishga koʻmaklashish lozim.

Senatda bu borada ozmi-koʻpmi ishlar qilinmoqda. Lekin mahalliy kengashlarda bu masala boʻyicha eʼtiborga loyiq muhokamalar deyarli oʻtkazilmagan.

Ijro organida, vazirlik va idoralarda gender tenglikni taʼminlash, muhtarama opa-singillarimizga masʼul lavozimlarni ishonib topshirish boʻyicha koʻp ish qilishimiz kerak. Nega deganda, ayollarimiz hayotiy muammolarni boshqalardan koʻra chuqurroq bilishi, fidoyiligi, kuchli masʼuliyat tuygʻusi, mehnatsevarligi bilan barchaga oʻrnak boʻladi.

Oʻninchidan, Senat faoliyatining ochiqligini taʼminlash borasida qilinayotgan ishlarni yanada kuchaytirish zarur.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Senat jamoatchilik, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari bilan uzviy hamkorlikda ish olib bormoqda. Senat faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etildi va yuqori palataning maxsus veb-portali yaratildi.

Soʻnggi paytlarda Senat majlislarini jonli efir orqali namoyish qilish amaliyotining joriy etilishi xalqchil parlamentni shakllantirishning muhim omili va xalq oldida hisobot berishning samarali vositasiga aylanmoqda. Ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlarni tizimli ravishda davom ettirish zarur. Shuningdek, Senatda bu boradagi ijobiy amaliyotni mahalliy kengashlar faoliyatiga ham joriy etish yaxshi natija beradi, deb oʻylayman.

Navbatdagi dolzarb vazifa – parlament palatalarining qonun ijodkorligi jarayonidagi hamkorligini mustahkamlash lozim.

Bu borada muhim bir masalaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Ikki palatali parlament tashkil etilganidan boshlab hozirgi kunga qadar jami 9 ta qonun Senat tomonidan rad etilgan. Ushbu koʻrsatkich 2005-yildan bugungi kungacha qabul qilingan barcha qonunlarning atigi 1,5 foizini tashkil etadi. Mazkur koʻrsatkich aksariyat rivojlangan davlatlarda bundan bir necha bor yuqori.

Biz qonunning Senat tomonidan rad etilishiga – salbiy holat deb emas, aksincha, sifatli qonunlarni qabul qilishga qaratilgan demokratik jarayon sifatida baho berishimiz lozim.

Yana bir muhim masala – qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish Senatning konstitutsiyaviy vakolati hisoblanadi.

Ayrim hollarda qonunlarni amalga oshirish mexanizmi boʻlmagani ularning toʻliq ishlamasligiga sabab boʻlmoqda. Xususan, bunday mexanizm qonunosti hujjatlarida nazarda tutilgan boʻlsa-da, ularda oʻzaro muvofiq kelmaydigan holatlar mavjud.

Davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyatini muvofiqlashtirish bevosita Adliya vazirligining vazifasi hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, Adliya vazirligining bu boradagi faoliyati parlament nazoratining markazida boʻlishi lozim.

Maʼlumki, parlament faoliyatini sifatli axborot-tahliliy materiallar bilan taʼminlash maqsadida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tashkil etilgan edi. Islohot talablaridan kelib chiqib, mazkur institut faoliyatini yanada kuchaytirishimiz, uni deputat va senatorlarning chinakam koʻmakchisiga aylantirishimiz lozim. Xususan, qonun loyihalarining qizgʻin muhokamasini oʻtkazish va qabul qilingan qonunlarning amaliyotdagi taʼsirchanligini baholash boʻyicha institut faoliyatining samaradorligini oshirish talab etiladi. Shu boisdan ham parlament mazkur institut faoliyatini tubdan takomillashtirish masalasini koʻrib chiqishi maqsadga muvofiqdir.

Yana bir muhim masala – xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishda yuqori palataning rolini yanada kuchaytirish lozim.

Oʻzbekistonning obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish, xalqaro aloqalarini rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish Senatning muhim vazifasi boʻlib qoladi.

Senatning ushbu yoʻnalishdagi faoliyati samarasini kuchaytirish maqsadida har yili aniq bir mavzuga bagʻishlangan xalqaro konferensiyalar, uchrashuv va forumlar oʻtkazish uchun rejalar ishlab chiqish va ularni Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda amalga oshirish lozim. Masalan, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, sud-huquq tizimini takomillashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va boshqa dolzarb masalalarni keng muhokama qilish maqsadga muvofiqdir.

Senat xorijiy davlatlar bilan hamkorlik masalalarida har yillik dasturlar qabul qilib, ijrosini qatʼiy nazoratga olsa, bu yaxshi amaliyot boʻlgan boʻlardi. Shu maqsadda Parlament diplomatiyasi konsepsiyasini qabul qilishni tezlashtirish kerak.

Shu bilan birga, Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Parlamentlararo assambleyasi bilan oʻzaro hamkorlikni aniq va uzoq muddatli ish rejalari asosida davom ettirish lozim. Bundan tashqari, Oliy Majlis aʼzo boʻlishi kutilayotgan Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi va boshqa xalqaro parlament tuzilmalari doirasida ham hamkorlikni kuchaytirish kerak.

Bu borada bir masalaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Maʼlumki, Oʻzbekistonning chet davlatlardagi elchilarini tayinlash Senatning vazifasi boʻlib, bu jarayonda ularning kelgusi faoliyati uchun belgilab olgan dasturlari eshitiladi. Lekin, undan keyin-chi? Senat bilan elchilarning oʻzaro aloqalarini rivojlantirishga zarurat bormi? Albatta, bor. Shu sababli Senatning tashqi siyosiy va iqtisodiy hamkorlik sohasidagi vazifalarini amalga oshirishda yuqori palatada Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari hisobotini eshitish amaliyotini yoʻlga qoʻyishimiz kerak.

Hurmatli senatorlar!

Endi kun tartibiga kiritilgan tashkiliy masalaga oʻtadigan boʻlsak, avvalo, Senat Raisi va uning oʻrinbosarlarini saylash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishimiz zarur.

Maʼlumki, Konstitutsiyamizning 93-moddasiga muvofiq, Senat Raisligiga nomzod Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilishi belgilab qoʻyilgan. Ana shu normaga asosan, koʻpchilik, jumladan, tajribali senatorlar bilan maslahatlashib, chuqur oʻylagan holda, men Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga senator Tanzila Kamalovna Narbayeva nomzodini taqdim etmoqchiman.

Tanzila Kamalovna soʻnggi 30 yilda turli masʼul rahbarlik lavozimlarida samarali mehnat qilib kelmoqda. 1995-2010-yillarda Vazirlar Mahkamasida onalik va bolalik, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy muhofaza masalalari bilan shugʻullangan. 2010-2016-yillarda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi, 2016-2019-yillarda Bosh vazir oʻrinbosari – Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi raisi lavozimlarida samarali mehnat qildi. Oxirgi olti oyda Senat raisi sifatida katta ishlarni amalga oshirdi.

Tanzila Kamalovna boshqaruv, jamoat ishlarida katta tajriba toʻplagan malakali rahbar kadrlarimizdan biri, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Muhtaram senatorlar!

Bugun barchangiz ushbu nomzodni toʻliq qoʻllab-quvvatlaganingiz va oʻz hurmatingizni bildirganingiz Tanzila Kamalovnaga katta ishonch va gʻayrat bagʻishlashi shubhasiz.

Hurmatli Tanzila Kamalovna, Sizga masʼuliyatli faoliyatingizda yangi omadlar va ulkan zafarlar tilayman.

Endi Senat Raisining oʻrinbosarlari lavozimiga nomzodlar haqida gapiradigan boʻlsak, men bu vazifalarga quyidagi nomzodlarni tavsiya etmoqchiman.

Senat Raisining birinchi oʻrinbosari lavozimiga senator Sodiq Solihovich Safoyev nomzodini tavsiya etaman.

Bu kishi salkam 30 yil davomida tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy masalalar sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda. Turli yillarda tashqi ishlar vaziri, Oʻzbekistonning Germaniya va AQSHdagi Favqulodda va muxtor elchisi boʻlib ishlagan. 2005-2016-yillarda Oliy Majlis Senatining Tashqi siyosat masalalari qoʻmitasi raisi, 2016-yildan buyon esa Senat raisining birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Sodiq Solihovichni barchangiz mohir diplomat, xalqaro maydonda taniqli jamoat arbobi sifatida yaxshi taniysiz. Bu rahbar ham oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni munosib ado etishiga tilakdoshman.

Senat Raisi oʻrinbosari lavozimiga senator Musa Tajetdinovich Yerniyazov nomzodini tavsiya etaman.

Bu olijanob inson, oqsoqolimiz oʻz faoliyatini qurilish sohasida boshlab, keyinchalik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi oʻrinbosari lavozimida xizmat qilgan. Qoraqalpoq elining katta hurmat va ehtiromini qozonib, 2002-yildan buyon Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, bir paytning oʻzida Oliy Majlis Senati Raisining oʻrinbosari sifatida ishlab kelmoqda.

Oʻtgan yili mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash, islohotlar jarayonlaridagi fidoyiligi, ibratli faoliyati uchun Musa Tajetdinovichga “Oʻzbekiston Qahramoni” yuksak unvoni berilganidan barchangiz xabardorsiz.

Bu koʻpni koʻrgan, tajribali va tashabbuskor rahbar, kamtarin va mehnatkash inson bilan senatorlar birgalikda samarali ishlaydilar, deb ishonaman.

Senat Raisi oʻrinbosari lavozimiga senator Zayniddin Mahamatovich Nizamxodjayev nomzodini tavsiya etaman.

Tibbiyot fanlari doktori, professor, “Oʻzbekiston Qahramoni” Zayniddin Mahamatovichni bu yerda oʻtirganlarning hammasi yaxshi taniydi, deb oʻylayman. Uzoq yillar davomida xalqimizning sihat-salomatligi, fan, taʼlim, madaniyat va sport sohalari taraqqiyoti yoʻlida katta ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Bu kishi oxirgi 5 yilda Oliy Majlisning tegishli qoʻmitasi raisi sifatida faol ish olib bordi.

Zayniddin Mahamatovich yangi masʼuliyatli lavozimda sizlar bilan yaqin hamkorlikda muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatishiga ishonaman.

Hurmatli Senat aʼzolari!

Albatta, hozir aytib oʻtilgan vazifalar barcha senatorlardan yuksak masʼuliyat, tashabbuskorlik va fidoyilikni talab etadi. Ushbu vazifalarning samarali amalga oshirilishi Senatni kelgusida professional palataga aylantirish borasida dastlabki muhim qadam boʻladi, deb ishonaman.

Bugun koʻpmillatli xalqimiz biz rahbarlardan, avvalambor, yangi saylangan deputat va senatorlardan hayotimizni yanada erkin, obod va farovon etishga qaratilgan amaliy ishlarni kutmoqda. Barchamiz saylovchilar oldida, yurtdoshlarimiz oldida bizga bildirilgan yuksak ishonchga har tomonlama munosib boʻlishimiz kerak.

Har kuni, har soatda vijdonimiz oldida hisobot berib, halol-pok boʻlib, el-yurt manfaatini oʻylab ishlasak, men aminman, xalqimiz ham, Yaratgan ham bizdan rozi boʻladi.

Mana shunday ezgu maqsad yoʻlida barchangizga sihat-salomatlik, kuch-gʻayrat va omad tilayman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.