Iskandar O'roqboev-“Taraqqiyot strategiyasi” markazi Iqtisodiy sohadagi islohotlarni monitoring va tahlil qilish bo'limi bosh mutaxassisi
O'zbekiston o'zining boy madaniy merosi, tarixiy obidalari va go'zal tabiati bilan, turizmni rivojlantirishga katta e'tibor qaratadigan davlatlar qatoriga kiradi. “O'zbekiston – 2030» Ctrategiyasida O'zbekistonda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini oshirish vazifasi qo'yilgan.
Xorijiy turistlar tashrifi bo'yicha O'zbekiston pandemiyadan oldingi darajaning 98 foizini tashkil etdi. Jumladan, 2019 yilda O'zbekistonga 6 mln. 748 ming nafar xorijiy turistlar tashrif buyurgan bo'lsa, 2023 yilga kelib 6 mln. 626 ming nafarga yetdi. Bu esa mamlakatimizda turizm sohasining tez sur'atlar bilan tiklanayotganini ko'rsatadi.
O'zbekistonga xorijiy turistlarni yanada ko'proq jalb qilish maqsadida viza rejimini soddalashtirish chora-tadbirlari, yangi yo'nalishlarni ishlab chiqish, soha bilan bog'liq loyihalarga investitsiya kiritish, yirik tadbirlarni o'tkazish kabi amaliy ishlar olib borilmoqda.
Masalan, 2023 yilda umumiy qiymati 9,5 trln. so'mlik 508 ta loyiha amalga oshirilganligi hisobiga jami 9 492 ta yangi ish o'rni yaratildi. 183 ta yangi mehmonxona va 232 ta xostel faoliyati yo'lga qo'yilib, jami joylashtirish vositalari soni 5 526 taga yetdi. Shuningdek, 452 ta oilaviy mehmon uyi tashkil qilinib, ularning umumiy soni 3 458 taga yetdi. Turistlar uchun xizmat ko'rsatuvchi 810 ta yangi turistik tashkilot va turagentlar faoliyati yo'lga qo'yilishi natijasida ularning soni 2 649 taga yetdi.
2017-2023 yillar davomida O'zbekistonga xorijiy turistlar soni yil sayin ortib bordi. Xususan, 2017 yilda 2,7 mln. nafarni tashkil etgan bo'lsa, 2023 yilga kelib 6,6 mln. nafarni tashkil etdi, bu esa 2017 yilga nisbatan 2,5 barobarga, 2022 yilga nisbatan esa 1,3 barobarga oshganini ko'rishimiz mumkin.
Sayyohlar soni 2023 yilda Yaponiyadan – 5 barobar, Hindiston va Italiyadan – 3,5 barobar, AQShdan – 2 barobarga ortdi.
O'zbekistonga 2023 yilda kelgan xorijiy turistlarning 80,7 foizi qo'shni davlatlar, 11,5 foizi qolgan MDH davlatlari hamda 7,8 foizi boshqa davlatlar hisobiga to'g'ri kelmoqda. Shu bilan birga, turistlarning o'rtacha qolishi 4-5 kunni tashkil etib, 2022 yilga (3 kun) nisbatan 1,5 baravarga ortdi. Bu esa mamlakatda turistlarga har tomonlama qulaylik yaratilganligining natijasidir.
Ichki turizmni rivojlantirish bo'yicha ham bir qator amaliy choralar ko'rilmoqda. "O'zbekiston bo'ylab sayohat qil!" dasturi doirasida 15 mln. nafar aholi sayohatga chiqdi va hududlar bo'ylab 21 mln. tashrif uyushtirildi. Ijtimoiy ko'mak sifatida 1,1 ming nafar imkoniyati cheklangan shaxs va 570 ming nafar yoshlar sayohatga chiqarildi.
2023 yilda turistik xizmatlar eksporti 2 mlrd. 143,5 mln. doll.ni tashkil etdi, bu 2022 yilga nisbatan 1,3 barobar oshganini ko'rsatadi. Shuningdek, turizm va unga yondosh sohalar yo'nalishida 70 ming nafarga yaqin yangi ish o'rni yaratildi. Bu esa mamlakatda turistlarga har tomonlama qulaylik yaratilganligining natijasidir.
Turizmning rivojlanishi, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro reytinglarda yuqori o'rinlarni egallashini ta'minlamoqda. Masalan, "Jahon musulmon sayohati indeksi" (GMTI-2023) xalqaro ziyorat turizmi reytingida O'zbekiston 140 ta mamlakat ichida 13-o'rinni egalladi. "Halal In Travel Awards 2023" tadbirida Xiva shahri "Yilning islom merosi turizm manzili" sovrinini qo'lga kiritdi.
2023 yilda Samarqand shahrida bo'lib o'tgan UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasida Navoiy viloyatidagi Sentob qishlog'i "Best Tourism Village 2023 Awards" nominatsiyasi bo'yicha g'olib bo'ldi. Bundan tashqari, "Lonely Planet" xalqaro nashriyot kompaniyasi tomonidan 2024 yil uchun "O'zbekiston – eng yaxshi sayohat maskani" nominatsiyasi g'olibi bo'lganligi munosabati bilan O'zbekistonga maxsus sertifikat topshirildi.
O'zbekistonning 2024 yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi davlatlar ro'yxatiga kiritilishi va "World of Statistics" tomonidan bu haqda e'lon qilinishi, xorijiy turistlar soni ortishi va turizm eksporti hajmining oshishiga xizmat qiladi. Bularning barchasi mamlakatimizning xalqaro maydonda yanada tanilishiga yordam beradi.
Umuman olganda, O'zbekistonda turizm sohasining hozirgi holati va rivojlanish tendensiyalari ijobiy natijalarni ko'rsatmoqda. Mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va kelajakdagi istiqbollar haqidagi tahlillar ushbu sohaning strategik ahamiyatini tasdiqlaydi. Shuningdek, “O'zbekiston – 2030» strategiyasida nazarda tutilgan turizmni rivojlantirishga oid vazifalar aholi daromadi oshishi, yangi ish o'rinlari yaratilishi va xalq farovonligini ta'minlashga xizmat qiladi.






























