Ibrohim Abdurahmonov-O'zbekiston Respublikasi qishloq xo'jaligi vaziri
Agrar sohaga alohida e'tibor qaratilmagan dunyoning har qanday davlatida iqtisodiy rivojlanishni tasavvur etish juda qiyin. Chunki har bir davlatda fuqarolarning farovonlik darajasi qishloq xo'jaligining qanday rivojlanganligiga bog'liq. Zero, agrar sohani rivojlantirish orqaligina, mamlakat aholisining hayot kechirish uchun zarur va sog'lig'i uchun foydali bo'lgan mahsulotlar yetishtiriladi va ularni qayta ishlash tizimi taraqqiy etadi. Bundan tashqari chekka hududlardagi qishloq aholisi uchun ish o'rinlari sonining ko'payishiga xizmat qiladi.
Shu bois, mamlakatimizda Davlatimiz rahbari tomonidan agrar sohani rivojlantirish, sohaga rivojlangan davlatlar tajribasi, ilm-fan va innovatsiyalarni keng joriy etishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston Respublikasi qishloq xo'jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo'ljallangan strategiyasini tasdiqlash to'g'risida” 2019 yil 23 oktyabrdagi
farmoni qabul qilindi va ushbu Farmon bilan qishloq xo'jaligini rivojlantirishning 9 ta ustuvor yo'nalishlari belgilandi.
Mamlakatimiz agrar tarmog'ida amalga oshirilgan izchil islohotlar tufayli, g'alla ekiladigan ochiq maydonlarning 200-250 ming gektariga zamonaviy resurs tejamkor seyalkalarda urug' ekish va shundan 50-60 ming gektarida lazerli usulda tekislash ishlari amalga oshirildi.
Oldingi yillarga nisbatan 2023 yil hosili uchun g'alla ekish 10-12 kun erta yakunlanib, ko'chat soni gektariga 4,8-5,5 mln donani tashkil etdi. Bu o'tgan yillarga qaraganda 500-600 ming tupga ko'p.
Raqamlarga e'tibor qaratadigan bo'lsak, 2021 yilda 6 mln 656 ming tonna yalpi hosil yetishtirilgan bo'lsa, 2023 yilda sohada qo'llanilgan innovatsion ishlanmalar va ilm-fan yutuqlari hisobiga 7 mln 123 ming tonna don yetishtirildi.
Bundan tashqari 2023 yila ichki imkoniyatlarni to'liq ishga solgan holda, aholining guruch mahsulotiga bo'lgan talabini to'liq qoplash maqsadida respublikamizda jami 141 ming gektarga (o'tgan yilga nisb. 35 ming ga ko'p) sholi ekildi, shundan asosiy maydonlarga 31 ming gektar (22%) va takroriy maydonlarga 110 ming gektar (78%) tashkil etadi.
Shuningdek suv tanqisligi muammolaridan kelib chiqib, 2023 yilda sholi ekilgan maydonlarda resurs va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga katta e'tibor qaratildi. Asosiy maydonlarning 16 ming gektari lazerli tekislandi,
15,6 ming gektarga zamonaviy seyalkalarda va 29,5 ming gektar takroriy maydonlarga sholi ko'chat usulida ekildi, ya'ni, lazerli tekislangan maydonlardan 20 foizgacha, don ekish seyalkalar yordamida quruqqa ekilgan maydonlardan 35 foizgacha, ko'chat usulida ekilgan maydonlardan 30 foizgacha suv va 50 foizgacha urug'lik sholi tejaldi.
2024 yil hosili uchun 139,3 ming gektar , shundan asosiy maydonlarda 39,6 ming gektar (28%) va takroriy maydonlarga 99,8 ming gektar sholi ekilib, o'rtacha gektaridan 49,2 sentnerdan, jami 685 ming tonna sholi yetishtirish rejalashtirilgan.
Mamlakatimiz iqlim sharoitiga mos tabiiy holatda o'sadigan va dehqon, fermer xo'jaliklari tomonidan yetishtirib kelinayotgan mahalliy floraga mansub
4,3 mingdan ortiq o'simliklarning 750 ta turi dorivor hisoblanib, ulardan 112 ta turi ilmiy tibbiyotda foydalanish uchun ro'yxatga olingan, shundan 70 ta turi farmatsevtika sanoatida faol qo'llanib kelinmoqda.
Shu bois, mamlakatimiz qishloq xo'jaligidagi mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda dorivor o'simliklarni ham yetishtirishga alohida e'tibor qaratilib, ularni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, madaniy plantatsiyalar tashkil qilish va xomashyoni qayta ishlash yo'nalishida ham sezilarli yutuqlarga erishilayotgani bor gap.
Bunda esa, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 20 maydagi “Dorivor o'simliklar xomashyo bazasidan samarali foydalanish, qayta ishlashni qo'llab-quvvatlash orqali qo'shimcha qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni hamda “Dorivor o'simliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash hamda davolashda ulardan keng foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorlari muhim dasturilamal bo'lib kelmoqda.
Kezi kelganda aytib o'tish kerak, bugun biotexnologiya - fanning jadal rivojlanayotgan sohalaridan biri. Mamlakatimizda bu sohg'a rivojini O'zbekiston Fanlar Akademiyasi huzuridagi Genomika va bioinformatika markazisiz tasavvur etib bo'lmaydi. Prezidentimizning 2020-yil 25-noyabrdagi "Biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini ta'minlash tizimini takomillashtirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori soha rivojlanishida yangi davrni boshlab berib, o'simliklar genomini aniq tahrirlash va yaxshilangan xususiyatlarga ega bo'lgan biotexnologik o'simliklarni olish uchun «CRISPR» texnologiyasi joriy qilingan. Ushbu texnologiya inson salomatligi va atrof-muhit uchun xavfsiz bo'lgan yangi ekin navlarini yaratish imkonini beradi.
Shuningdek, joriy yilda paxtachilik sohasida xorijdan keltirilgan g'o'za navlari Hindistonning ko'sak qurtiga chidamli bo'lgan Nech-6 va Nech-51 g'o'za navlari hamda Xitoyning ko'sak qurti va gerbitsidga chidamli XinLuZao-52 va XinLuZao-78 navlarining genlari mahalliy 13 ta navga o'tkazilmoqda va 2025 yildan keng maydonlarda sinab ko'riladi.
Xorijiy navlar bo'yicha o'tkazilgan molekulyar-genetik tahlil natijalariga ko'ra, Xitoydan keltirilgan XinLuZao-52 navining genetik tozaligi - 82 foizni, XinLuZao-78 navining genetik tozaligi – 88 foizni va Chjuntay-2 navining genetik tozaligi – 89 foizni tashkil etib, ushbu navlardan urug'lik jamg'arilishi belgilandi. Ko'rsatkichlar 80 foiz bo'lsa navdorlik yuqori hisoblanadi.
2025 yilda gen-nokaut va markerlarga asoslangan seleksiya texnologiyasini qo'llab, qurg'oqchilikka, sho'rga va viltga chidamli mahalliy biotexnologik navlarning maydonlari kengaytiriladi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi tuproq-iqlim sharoiti uchun eskimo geni asosida qurg'oqchilikka, sho'rga va sovuqqa chidamli Matonat-1, Matonat-2 hamda Buxoro viloyati uchun fostua geni asosida viltga chidamli Bardosh navlari yaratildi.
Ushbu navlardan 2025 yilda 4,5 tonnadan urug'lik tayyorlanib,
200 gektarga hamda 2026 yilda 90 tonnadan urug'lik tayyorlanib,
4 ming gektarga ekiladi.
Fitoxrom A1 geni asosida Porloq-4 va Porloq-7 sho'rga chidamli, tolasi uzun va serhosil navlar ekilmoqda. 2025 yilda
4,2 ming tonna urug'lik tayyorlanadi va 100 ming gektarga ekiladi.
Shuningdek, HY5 va PhyB genlari asosida ertapishar, tolasi uzun va serhosil Genbio-7 va Genbio-8 g'o'za navlari yaratildi. 2025 yilda Davlat nav sinoviga topshiriladi va respublikaning shimoliy zonalarida 10 gektar maydonda birlamchi urug'chiligi yo'lga qo'yiladi.
Hozirgi kunda qurg'oqchilikka va sho'rga chidamli mahalliy Triticum aestivum L yumshoq bug'doy navidan biotexnologik BARKAMOL navi yaratildi. Kelgusi yilda 4 tonna urug' tayyorlanib, 20 gektar maydonga ekiladi.
Mahalliy Solanum tuberosum L kartoshkaning navidan BISYOR navi yaratildi. Kelgusi yilda 10 tonna urug' tayyorlanib, 10 gektar maydonda yetishtiriladi. Shu bilan birga, global iqlim o'zgarishlariga qarshi kurashish va havoga qishloq xo'jaligi ekinlari, xususan g'o'za qoldiqlari(poya va ildiz) parchalanishidan chiqayotgan korbonat angidrid (SO2) gazini chiqmasligini ta'minlash uchun ildiz va poyalarda judu sekin parchalanadigan suberin polimeri to'playdigan yangi avlod gen-nokaut liniyalari olindi va sinovdan o'tkazilmoqda. Bu O'zbekiston qishloq xo'jaligi ekinlarini yanada “yashilligi”ni ta'minlashga xizmat qiladi.
2021-2024 yillarda fermer va klasterlarga mahsulot yetishtirishda davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash, jumladan imtiyozli kredit mablag'larini ajratish, qishloq xo'jaligi texnikalarini sinovdan o'tkazish, xodimlar bilim va malakalarini oshirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, texnika va texnologiyalarni joriy qilishga subsidiyalar ajratish, yerlarni ijaraga berish kabi qator muhim yo'nalishlarda amaldagi mavjud axborot tizimlariga qo'shimcha tarzda yangi 16 ta axborot va geoxborot tizimlari foydalanishga tushirildi.
Oxirgi yillarda sohada agrosanoat klasterlarini tashkil etish, ular faoliyatini qo'llab-quvvatlash va yanada takomillashtirish bo'yicha bir qator islohotlar amalga oshirildi.
Ushbu islohotlar natijasida bugungi kunda sohada 671 ta agrosanoat klasterlari faoliyati tashkil etilib, ular tomonidan yetishtirilgan mahsulotlarni chuqur qayta ishlash, saqlash va sotish bo'yicha bir qator imkoniyatlar yaratilgan.
So'nggi 3 yil ichida sohani reforma qilish va bozor munosabatlarini joriy qilish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 6 ta Farmoni hamda 9 ta Qarori qabul qilindi.
Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar bilan paxtachilik, g'allachilik, meva-sabzavotchilik, choravachilik, pillachilik va ipakchilikda tadbirkorlik sub'ektlarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash, sohada qo'shilgan qiymat yaratish va uni rag'batlantirish, mahsulotlarni erkin bozorda sotish bo'yicha yangi mexanizmlar joriy qilindi.
Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan paxta-to'qimachilik klasterlari va fermer xo'jaliklari o'rtasidagi iqtisodiy-huquqiy munosabatlarni to'g'ri yo'lga qo'yish bo'yicha bir qator bozor islohotlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, birinchi bor paxta xomashyosi birja savdolariga chiqarildi hamda klasterlar tomonidan joriy yilda birja orqali 1,7 mln tonna paxta xomashyosi xarid qilinib, fermerlar bilan f'yuchers shartnomalari tuzildi.
Bundan tashqari, ushbu farmonga asosan fermer xo'jaliklari tomonidan ixtiyoriy birikishlari hisobiga kooperatsiya munosabatlari joriy qilinmoqda.
Shuni ham alohida ta'kidlash kerakki, kooperatsiya munosabatlarini tartibga solish, ularning huquqiy maqomlarini mustaxkamlash bo'yicha O'zbekiston Respublikasi "Qishloq xo'jaligi kooperativlari to'g'risida"gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonuning qabul qilinishi, qishloq xo'jaligi bilan shug'ullanuvchi sub'ektlarning o'zarpo hamkorligini ta'minlash bilan birga, ularning o'z tashabbuslari bilan qishloq xo'jaligi kooperativlarini tashkil etish, ularni professional va demokratik yo'l bilan boshqarish hamda qishloq xo'jaligida muvaffaqiyatli faoliyat yuritish imkonini beradi.
Qishloq xo'jaligi sohasida aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, qulay agrobiznes muhitini va qo'shilgan qiymat zanjirini yaratish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, qishloq hududlarini rivojlantirish ustuvor yo'nalishlardan biri bo'lib hisoblanadi.
Shunga asosan, O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi tomonidan Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi, Osiyo taraqqiyot banki va Qishloq xo'jaligi rivojlantirish xalqaro jamg'armasi ishtirokida oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi sohasida investitsiya loyihalari amalga oshirilib kelinmoqda.
Xususan, Xalqaro moliya institutlari ishtirokida qishloq xo'jaligi sohasida umumiy qiymati 2 mlrd 62 ming dollarlik 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
O'tgan davr, 2016-2023 yillar davomida ushbu loyihalar doirasida jami umumiy qiymati 1 mrld 45 ming dollarlik 2 ming 671 ta tashabbuskorlar faoliyati moliyalashtirilib, natijada 50 ming 978 nafar yangi ish o'rinlari yaratilgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi
Farmoni hamda qarorlari asosida Qishloq xo'jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi hamda 13 ta hududiy Agroxizmatlar markazlari tashkil etilgan edi.
Bugungi kunda Agroxizmatlar markazlarida davlat korxonalari tomonidan yagona darcha tamoyili asosida 17 ta yo'nalishda 100 dan ortiq xizmatlar shuningdek, xususiy sektor tomonidan 18 ta yo'nalishda yangi, zamonaviy xizmatlar ko'rsatib kelinmoqda.
Agroxizmatlar markazlari tomonidan vazirlik tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari bilan hamkorlikda 2021-2023 yillar davomida 3,4 mingdan ortiq seminar-treninglar o'tkazilib, mazkur seminar-treninglarda qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi sub'ektlarida faoliyat yurituvchi 74 ming nafardan ortiq mutaxassislarning malakasi oshirilgan.






























