Farrux Xakimov-“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo'lim boshlig'i
Ma'lumki, Yangi O'zbekistonni barpo etish va rivojlantirish bo'yicha qabul qilingan muhim strategik hujjatlar – “Raqamli O'zbekiston – 2030”, “2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” hamda “O'zbekiston – 2030” strategiyasida barcha hudud va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, raqamli infratuzilmani yanada rivojlantirish, shuningdek 2030 yilgacha BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida eng yetakchi 30 ta davlatlar qatoriga kirishga erishish hamda mamlakatni mintaqaviy “IT-hub”ga aylantirish kabi qator maqsad va vazifalar belgilangan.
Darhaqiqat, raqamli transformatsiya jamiyatni yanada modernizatsiya qilish, aholi farovonligini ta'minlash va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish kabi qator imkoniyatlarga ega. Raqamli transformatsiyaning samarali amalga oshirilishi ko'plab afzalliklarni, jumladan, barcha uchun qulay sharoit yaratish, jahon tovarlar va xizmatlar bozoriga kirish hamda davlat xizmatlarini to'liq raqamlashtirish imkonini beradi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyalari barcha asosiy sohalarda raqamli transformatsiyaga erishishga qaratilgan.
Raqamli transformatsiya va raqamli texnologiyalar mamlakatlar iqtisodiyoti va jamiyatni jadal o'zgartirar ekan, so'nggi yillarda O'zbekistonda raqamli infratuzilma va xizmatlarni rivojlantirishga katta e'tibor qaratilib, qisqa davr ichida salmoqli natijalarga erishilmoqda.
Jumladan, mamlakatimiz elektron hukumatining asosiy tizimi – Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (“My.gov.uz”) yangi texnologiyalarni joriy etish va raqamlashtirish natijasida 2024 yilning oktyabr oyi holatiga ko'ra, davlat xizmatlarining 60 foizidan ko'pi “My.gov.uz” orqali taqdim etilmoqda, mazkur elektron hukumat platformasida davlat xizmatlari soni esa 675 ga yetgan. Qolaversa, 2013-2023 yillar davomida “My.gov.uz” portali orqali kelib tushgan arizalar soni 100 milliondan oshgan bo'lsa, elektron hukumatning mobil ilovasi foydalanuvchilari soni 2,5 milliondan ortdi. Shu bilan birga, O'zbekistonda internetdan foydalanuvchilarning umumiy soni 2024 yilga kelib 31 milliondan ziyodni tashkil etmoqda.
Sohada erishilayotgan muvaffaqiyatlar xalqaro hamjamiyat tomonidan, xususan, BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish bo'yicha joriy yilda e'lon qilingan reytingida ham e'tirof etildi. Har ikki yilda belgilangan metodologiyaga asosan BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti (UN Department of Economic and Social Affairs) tomonidan nashr etiladigan mazkur reytingda O'zbekiston olti pog'onaga yuqorilab, ilk marotaba elektron hukumatni rivojlantirish indeksning “juda baland” ko'rsatgichga ega davlatlar guruhiga qo'shildi. Reytingda BMTga a'zo 193 davlatda raqamli hukumatning integratsiyalashganlik darajasi, samarali raqamli siyosati va elektron xizmatlarning qanday ta'minlanganligi kabi raqamli transformatsiyaning muhim jihatlari o'rganiladi.
Agar 2022 yil natijalariga ko'ra O'zbekiston mazkur xalqaro reytingda 0,7265 qiymat bilan 69-o'rinni egallagan bo'lsa, 2024 yilda 0,7999 indeks hisobiga 6 pog'onaga yuqorilab, 63-o'ringa chiqdi. Shu nuqtai nazaridan, mamlakatimizning BMT Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida 0,7999 indeks bilan baholanishi “Raqamli O'zbekiston – 2030” strategiyasining 2025 yil uchun mo'ljallangan maqsadli ko'rsatkichidagi – 0,75 indeks qiymatidan ham oshganliginidi ko'rsatadi.
Bundan tashqari, Jahon banki tomonidan har ikki yilda olib boriladigan GovTech yetuklik indeksi bo'yicha so'nggi o'rganishda (2022 yil) O'zbekistonda davlat boshqaruvini raqamlashtirish, elektron hukumat va raqamli xizmatlardan aholining foydalanishidagi imkoniyatlari yuqori baholangan. Ahamiyatlisi, mamlakatimiz GovTech yetuklik indeksida 2020 yilga nisbatan 37 o'ringa yuqorilab, 198 ta mamlakat ichida 43-o'rinni egallagan va “A” toifaga, ya'ni GovTech yetukligining barcha mezonlari eng yuqori davlatlar guruhiga kiritilgan. Shuningdek, “GovTech Enablers” indeksiga muvofiq, raqamli ko'nikmalar va davlat xizmatlaridagi innovatsiyalar bo'yicha O'zbekiston dunyodagi yetakchi to'rtta davlatlar qatoridan joy olgan.
Shunga qaramasdan, mamlakatimizda elektron hukumatni rivojlantirish, davlat boshqaruvini raqamlashtirish hamda fuqarolar va tadbirkorlarga raqamli xizmatlardan foydalanishlari uchun imkoniyatlarni yanada oshirish bo'yicha sa'y-harakatlar yanada jadallashmoqda.
Jumladan, “Raqamli hukumat” va “Raqamli hudud” dasturlari doirasida 2023-2024 yillarda amalga oshiriladigan 300 ta ustuvor loyihalar O'zbekiston Prezidentining tegishli qarori bilan tasdiqlandi. Qarorga ko'ra, davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo'yicha 112 ta ustuvor loyihalar, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini raqamlashtirish bo'yicha 51 ta ustuvor loyihalar hamda hududlarni raqamli transformasiya qilish bo'yicha 137 ta ustuvor loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Natijada, boshqa samarali ko'rsatgichlar qatori aholini sifatli raqamli infratuzilma bilan ta'minlash maqsadida barcha aholi yashash maskanlari 2024 yil yakuniga qadar keng polosali mobil aloqa va keng polosali ma'lumotlar uzatish tarmoqlari bilan to'liq qamrab olinishi belgilangan.
Ma'lumki, “O'zbekiston – 2030” strategiyasida davlat xizmatlarini raqamlashtirishning ko'lamini kengaytirish orqali aholi uchun “Servis davlat” tizimini joriy qilish, fuqaro va davlat o'rtasidagi munosabatlarda byurokratik tartibotlarga barham berish maqsadida davlat xizmatlarini “3 qadam”, “foydalanuvchi uchun moslashtirilgan”, “barchasi bir mobil ilovada” tamoyillari asosida raqamlashtirish hamda “elektron hukumat” tizimining yangi bosqichi – “Raqamli hukumat” tizimiga o'tilib, barcha hujjatlar va munosabatlarning raqamli shaklda bo'lishini ta'minlash ko'zda tutilgan.
Shuningdek, davlat boshqaruvini markaziy va hududiy bo'g'imlarini hamda ular xizmatlarini raqamlashtirish, xususan mahallalarda aholi bilan ishlashga qaratilgan jarayonlarni to'liq raqamlashtirib, har bir mahallada “elektron xizmat nuqtalari”ni ishga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatida jamoatchilik ishtiroki uchun zarur sharoitlarni yaratish, fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish, ularning faoliyatini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, bundan tashqari davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “Xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida tashkil etish maqsadida davlat boshqaruvida mavjud bo'lgan 5 mingga yaqin funksiyani amalga oshirish jarayonlarini 100 foiz raqamlashtirish ko'zda tutilgan.
Qolaversa, O'zbekiston Prezidentining tegishli qarori bilan tasdiqlangan Sun'iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida sun'iy intellekt asosida ko'rsatilayotgan xizmatlar ulushini 10 foizga yetkazish ham maqsad qilingan.
Mazkur ustuvor vazifalar va rejalar, shuningdek, “Raqamli O'zbekiston – 2030” strategiyasini samarali amalga oshirish, jumladan, barcha hudud va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish maqsadida BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish bo'yicha xalqaro reytingi ko'rsatkichlari asosida O'zbekistondagi davlat va xo'jalik hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida raqamli transformatsiya holatini reyting baholash metodikasi ishlab chiqilgan bo'lib, mazkur metodikaga ko'ra doimiy monitoring olib borilmoqda. Hudud va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilishning baholash ishlari ochiqlik va elektron ishtirok, elektron davlat xizmatlari, axborot xavfsizligi va raqamlashtirish darajasi kabi yo'nalishlarda amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, mamlakat bo'ylab raqamli infratuzilmani takomillashtirish, xususan, davlat xizmatlarini ko'rsatish nuqtalarini kengaytirish maqsadida 2023 yilda 13 ta tijorat banki, onlayn to'lov tizimlari va mobil operatorlarning mobil ilovalari uchun 30 ga yaqin xizmat joriy etildi. Qolaversa, o'tgan yilda ustuvor tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish doirasida 100 ta dasturiy loyiha ishlab chiqilgan. Shuningdek, 500 dan ziyod yangi IT kompaniyalari tashkil etilib, sohaga 475 million dollar to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiya jalb qilingan. O'zbekistondan IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti jadal o'sishda davom etib, 2023 yilda bu ko'rsatgich 344 million dollarga yetdi.
Ta'kidlash joizki, mamlakatimizning raqamli kelajagi yoshlar va sohaning yetuk mutaxassislari qo'lidadir. Shuning uchun ham IT va yangi axborot texnologiyalari yo'nalishlarida ta'lim ko'lami va sifatini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Natijada, yurtimizda so'nggi yillarda turli bosqichdagi ta'lim muassasalari bilan bir qatorda, IT o'quv markazlari soni 300 dan oshdi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida ta'lim olib, sertifikatga ega bo'lgan yoshlar soni 1 million 200 ming nafarni tashkil etgan bo'lsa, hududlarda aholining elektron xizmatlardan foydalanish ko'nikmalarini oshirishga qaratilgan o'quv seminarlarida jami 20 ming nafardan ortiq fuqarlarimiz, tadbirkorlik sub'ektlari va yoshlar o'z malakalarini oshirdi. Shuningdek, kelgusida har yili 5 ming nafar iqtidorli yoshlarni saralash, o'qitish hamda halqaro mehnat bozoriga tayyorlash tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Umuman olganda, mamlakatimizda davlat boshqaruvini raqamlashtirish, elektron hukumatni rivojlantirish, aholiga raqamli xizmatlarni ko'rsatishni takomillashtirish hamda kompleks raqamli transformatsiyani amalga oshirish bo'yicha tizimli ishlar yo'lga qo'yilgan. Sohada erishilayotgan ijobiy o'zgarishlar “O'zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida 2030 yilgacha eng yetakchi 30 ta davlatlar qatoriga kirishga erishish, shuningdek ko'zda tutilgan boshqa ustuvor maqsadlar sari tashlanayotgan amaliy qadamlar natijisi, deyishimiz mumkin. Shu bilan birga, raqamli transformatsiyaning to'liq salohiyatiga erishish hamda “raqamli hukumat” tizimiga o'tish uchun infratuzilmani rivojlantirishni davom ettirish, barcha fuqarolar uchun raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, raqamli savodxonlikni oshirish, davlat idoralari axborot tizimlarining kiberxavfsizligini samarali ta'minlash, mahalliy IT kompaniyalarni qo'llab-quvvatlash, sohaga sarmoya kiritishga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish hamda mintaqaviy va global raqamli texnologiyalar bozoriga integratsiyalashuvni jadallashtirish maqsadga muvofiq. O'z navbatida, O'zbekistonning muvaffaqiyatli raqamli transformatsiyasi nafaqat mamlakatning texnologik imkoniyatlarini oshiradi, balki Markaziy Osiyo mintaqasida raqamli o'zaro bog'liqlikni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston tomonidan mintaqada elektron hukumat va raqamli davlat xizmatlarini rivojlantirishda idoralararo aloqalarni ta'minlash orqali hamkorlikni jadallashtirishi Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va integratsiyaga zamin yaratadi.






























