s.f.f.d. (PhD), dotsent-Gulamov A.G.

So'nggi yillarda suv xavfsizligini ta'minlash masalasi Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. O'zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining muhim yo'nalishlaridan biri aynan Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish masalaci bo'lib qolmoqda. Xususan, “O'zbekiston – 2030” strategiyasida Markaziy Osiyo mintaqasida amaliy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, shu jumladan, mintaqa davlatlari bilan turli yo'nalishlar, ayniqsa, ekologiya va tabiatni muhofaza qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish borasidagi yaqin hamkorlikni kuchaytirish (91-maqsad) hamda mamlakatimizda suv bilan bog'liq muammolarga bosqichma-bosqich yechimlar topish (62-73-maqsadlar) ustuvor maqsadlar sifatida qayd etilgan.


Markaziy Osiyoning muhim suv resurslarining katta qismi Tyan-Shan, Hindukush va Pomir tog'laridagi qor va muzliklarning erishi natijasida yuzaga keladi va umumiy suv manbalarida, asosan, Sirdaryo va Amudaryoda birlashadi. Shu o'rida qayd etish lozimki, Markaziy Osiyo aholisining aksariyati qishloq xo'jaligi faoliyati bilan bandligi, mintaqaning energiyaga bo'lgan ehtiyojlarining salmoqli ulushi gidroenergetika resurslari hisobidan qondirilishi hamda demografik ko'rsatkichlarning yil sayin o'sib borishi suvga bo'lgan talabni yanada ortishiga olib kelmoqda.
Markaziy Osiyo respublikalari mustaqillikka erishgan ilk kundan boshlab, transchegaraviy suv resurslari sohasidagi vaziyatni tahlil qilishga va bu boradagi o'zaro manfaatli hamkorlik mexanizmlarini yo'lga qo'yishga kirishdi. Bunda O'zbekistonning tashabbusi bilan dastlabki muhim siyosiy qadam – Markaziy Osiyo davlatlari milliy suv xo'jaligi idoralarining rahbarlari tamonidan 1991 yil 12 oktyabrda Toshkent bayonoti qabul qilindi. Ushbu holat mintaqa davlatlari o'rtasida transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish sohasidagi muzokaralar jarayonining boshlang'ich nuqtasi bo'lib, buning natijasi o'laroq 1992 yilning 18 fevralida Qozog'istonning Olma-ota shahrida “Davlatlararo suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishni birgalikda boshqarish sohasida hamkorlik to'g'risida”gi hukumatlararo bitim va “Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo'jaligi komissiyasini tashkil etish to'g'risida”gi hujjat imzolandi.
Shu o'rinda qayd etiz joizki, Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo'jaligi komissiya tarkibiga kotibiyat, Sirdaryo va Amudaryoning ikkita havza tashkiloti va ilmiy-axborot markazi kirib, u Markaziy Osiyodagi suv xo'jaligi siyosati, suv resurslaridan kompleks va oqilona foydalanish, uzoq muddatga mo'ljallangan suv ta'minoti dasturi, mintaqadagi har bir respublika suvdan foydalanishi uchun yillik me'yorlarni ishlab chiqish bilan shug'ullanadi.
Qolaversa, 1993 yil mart oyida mintaqa davlatlari rahbarlari hamkorligida Orol dengizi havzasida ekologik inqirozga barham berish va suv bilan bog'liq ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash maqsadida Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi tuzildi. Uning 1993 yil 13 iyul kuni Toshkentda o'tkazilgan birinchi yig'ilishida “Orol dengizi muammolarini hal etish konsepsiyasi” ishlab chiqildi. Jamg'armaning o'ziga xosligi shundaki, u mintaqada suvdan foydalanish bilan bog'liq dolzarb masalalarini birgalikda hal etish mexanizmi hisoblanadi.
Bugungi kunda suv xavfsizligini ta'minlash bo'yicha mintaqa davlatlarining hamkorligini yanada kuchaytirish va umumiy sa'y-harakatlarni birlashtirishda mamlakatimizning roli tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, 2016 yilda SH.M. Mirziyoevning O'zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishi Markaziy Osiyodagi suv munosabatlarining keskin burilish nuqtasi bo'ldi. Rasmiy Toshkent suv muammolarini hal etish uchun qo'shni mamlakatlar bilan ikki va ko'p tomonlama formatlarda munosabatlarni rivojlantirdi hamda suv xavfsizligini ta'minlash borasida mintaqaviy yondashuv va tashabbuslarni ilgari sura boshladi. Bu borada O'zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyoning transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish hamda suv xavfsizligi bilan bog'liq barcha masalalarni xalqaro huquqning umume'tirof etilgan normalari, o'zaro hurmat va mintaqadagi barcha davlatlarning manfaatlarini hisobga olgan holda ko'rib chiqish va hal etishni izchil targ'ib qilib kelmoqda.
O'zbekiston Respublikasining mintaqa davlatlari bilan ikki tomonlama hamkorligi haqida so'z yuritganda, avvalo, transchegaraviy daryolarning yuqori oqimida joylashgan davlatlar – Tojikiston va Qirg'iziston bilan suv munosabalari xususida to'xtalib o'tish lozim. Jumladan, O'zbekiston hukumati Tojikistondagi Rog'un GESini qurishda respublikaning milliy manfaatlari hisobga olinishi sharti bilan uni qo'llab-quvvatlay boshladi. 2018 yilda tomonlar Farxod GES masalasida ham umumiy kelishuvga erishib, bu davlatlatlararo munosabatlarining tarixiy burilish nuqtasi bo'ldi. Ikki davlat o'rtasida Zarafshon daryosi havzasidagi suv-energetika resurslaridan (Samarqand, Navoiy, qisman Buxoro va Jizzax viloyatlaridagi 560 ming gektar unumdor sug'oriladigan yerlarni sug'orish manbai) birgalikda foydalanish bo'yicha kelishuvga erishildi. Tomonlar birgalikda ushbu daryoda umumiy quvvati 320 MVt bo'lgan ikkita GES qurishga kelishdi. Shu bilan birgalikda, joriy yilning avgust oyida O'zbekiston va Tojikiston suv resurslaridan kompleks foydalanish bo'yicha qo'shma ishchi guruhi yig'ilishida ikki davlat o'rtasida suv xo'jaligi sohasida yangi qo'shma transchegaraviy loyihalarni amalga oshirish masalalari, xususan, mintaqa va Osiyo qit'asining boshqa mamlakatlarini toza ichimlik suvi bilan ta'minlanish uchun Sarez ko'li resurslaridan birgalikda foydalanish muhokama qilindi.
Bir vaqtning o'zida, O'zbekiston tomoni Qirg'iziston bilan ham suv munosabatlari borasida bir qator bitimlarni imzoladi. Buning yorqin misoli sifatida 2019 yilda Karkidon suv ombori bo'yicha o'zaro manfaatli kelishuvga eriganligini hamda 2022 yilda ikki davlat o'rtasida Andijon (Kampir-Obod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to'g'risidagi bitimning imzolanishini keltirish mumkin. Qolaversa, rasmiy Toshkent Qirg'izistonda ham gidroinshootlar qurilishida ishtirok etishga tayyorligini ma'lum qildi. Natijada, 2024 yilda O'zbekiston, Qirg'iziston va Qozog'iston Energetika vazirliklari Qambarota GES-1 qurilishi va ekspluatatsiyasi loyihasini amalga oshirishga tayyorgarlik bo'yicha uch tomonlama bitim imzolab, uni qurish bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi donorlik qo'mitasi tuzildi hamda uning tarkibiga Jahon banki, OPEK fondi, OIIB, OTB, ITB, YETTB va boshqalar kiritildi.
O'zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini ta'minlash borasida nafaqat ikki tomonlama, balki ko'p tomonlama aloqalarni ham jadallashtirish lozimligini ta'kidlab, mintaqada doirasidagi uchrashuvlarda bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Xususan, Markaziy Osiyoda suv muammolarini yumshatish maqsadida O'zbekistonning rasmiy hukumati tashabbusi bilan mintaqada suv xavfsizligini ta'minlash sohasidagi oliy darajadagi uchrashuv 2021 yilning 6 avgustida Turkmanistonning Turkmanboshi shahrida bo'lib o'tdi. Ushbu uchrashuv yakuniga ko'ra, Markaziy Osiyodagi beshta respublika doirasida Qo'shma bayonot imzolanib, bunda mintaqada joylashgan davlatlarning manfaatlarini hisobga olgan holda, suv-energetika masalalarini hal etishga ko'maklashish hamda mavjud va qurilayotgan gidroenergetika inshootlarining muhimligi ta'kidlab o'tildi. Bunday yondashuv esa mintaqada transchegaraviy suvlardan foydalanish sohasida umumiy manfaatlarni belgilash boshlanganidan dalolat beradi.
Umuman olganda, Turkmanboshida boshlangan uchrashuv yakuni mavjud murakkab vaziyatda qo'shni davlatlar o'rtasidagi amaliy hamkorlikning muvaffaqiyatli namunasi bo'la oldi. Bunda O'zbekiston va Qozog'iston qish mavsumi boshida Qirg'izistonga vegetatsiya davrida To'xtagul GESidan suv oqimi evaziga zarur hajmdagi elektr energiyasini yetkazib berishga kelishuvga erishildi. Buning natijasida esa Turkmanistondan Qirg'izistonga qo'shimcha energiya oqimlari respublikamiz hududi orqali tranzit sifatida jo'natilishi yo'lga qo'yildi.
Qayd etish joizki, O'zbekiston, Tojikiston hamda Turkmaniston davlat rahbarlarining 2023 yil 4 avgust kuni Ashxobodda o'tkazilgan yuqori darajadagi uchrashuvining asosiy maqsadi ham Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini ta'minlash masalasini kelishib olishga qaratilgan edi. Jumladan, ushbu yig'ilish doirasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M. Mirziyoev mintaqada suv tejaydigan ilg'or texnologiyalarni joriy etish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, suv resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, sel va toshqin suvlarini to'plash va saqlash uchun infratuzilmani birgalikda rivojlantirish kabi yo'nalishlarda o'zaro hamkorlikni faollashtirish taklifi bilan chiqdi. Davlatimiz rahbarining ta'kidlashicha, Markaziy Osiyo davlatlari nafaqat Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasining salohiyatini ishga solgan holda, balki Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kabi sherik tashkilot va tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni ishga solish lozim ekanligini o'z nutqida keltirdi.
Joriy yilning avgust oyida Ostona shahrida o'tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvidagi navbatdagi sammitda SH.M. Mirziyoev “Transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan oqilona foydalanishning mintaqaviy strategiyasi”ni ishlab chiqish va qabul qilish taklifini ilgari surdi. Shu o'rinda ta'kidlash lozimki, ushbu hujjatning qabul qilinishi Markaziy Osiyodagi mavjud transchegaraviy suvlardan unumli foydalanishga, bu borada mintaqaviy yondashuvning shakllanishi va rivojlanishiga va umuman olganda, suv xavsizligini ta'minlash borasida mintaqa davlatlarining yagona siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishga zamin yaratadi.
Qayd etish joizki, Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini ta'minlash borasida so'z yuritganda “Qo'shtepa” kanalining qurilishiga ham alohida to'xtalib o'tish lozim. Mazkur kanalning to'liq ishga tushishi va Afg'oniston tomonining suv borasidagi bir tomonlama siyosat yuritishi mintaqadagi mavjud vaziyatni yanada og'irlashtirishiga olib kelishi hamda suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan o'zgartirib yuborishi mumkin. Shu munosabat bilan, davlatimiz rahbari 2023 yilning 15 sentyabrida Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi ta'sischi davlatlari rahbarlari kengashi majlisidagi nutqida “Qo'shtepa” kanalining qurilishi va uning Amudaryo suvidan foydalanish tartibiga ta'siri bilan bog'liq barcha jihatlarni mamlakatlarimizdagi tadqiqot institutlarini jalb etgan holda o'rganish bo'yicha Qo'shma ishchi guruhini shakllantirish zarurligini hamda Afg'oniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo'yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini ko'rib chiqishni taklif etdi.
Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyoda suv bilan bog'liq kuzatilayotgan muammolar muvofiqlashtirilgan va izchil chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etadi. Mintaqada suv xavfsizligini samarali ta'minlashda davlatlarning nafaqat milliy, balki mintaqaviy darajada siyosatni olib borishi hamda o'zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirishi lozim sanaladi. Ushbu voqelikni anglagan holda O'zbekiston Respublikasi ham mintaqa davlatlari bilan ikki va ko'p tomonlama suv munosabatlarini rivojlantirayotganligi yaqin kelajakda Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini ta'minlashning muhim omili bo'lishi mumkin.