Sherzod Muxammedov-O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi departament direktori

O'zbekistonda maktabgacha kichik yoshdagi bolalarni sog'lom va har tomonlama yetuk voyaga yetkazish, ularga zarur sharoitlarni yaratish, maktabgacha ta'lim tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohada nodavlat sektorning ulushini oshirish, aholiga maktabgacha ta'lim xizmatlari ko'rsatish sifatini yaxshilash hamda ta'lim-tarbiya jarayoniga samarali shakllar va usullarni joriy etishga qaratilgan maktabgacha ta'limning samarali tizimini tashkil etish bo'yicha keng ko'lamli islohotlarning amalga oshirilishi sohada boshqacha bir yangi davrni boshlab berdi.
Tizimdagi islohotlar sabab chekka hududlarda eskirgan, ta'mirtalab sharoiti yo'q binolar o'rnida yangi, zamonaviy ta'lim maskanlari barpo etildi.
Birinchilardan bo'lib, maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar nodavlat sektor ulushini oshirish va ular ko'rsatadigan xizmatlar turlarini kengaytirish uchun mustahkam poydevor bo'ldi.
O'tgan yillarni tahlil qiladigan bo'lsak, 2018 yildan boshlab, davlat-xususiy sheriklik tizimini joriy etilishi natijasida bugungi kunda nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari soni 31 342 taga yetkazildi.
Shuningdek, maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish, barcha hududlarda bolalarning sifatli maktabgacha ta'lim xizmatlaridan foydalanishlarida teng imkoniyatlar yaratish maqsadida maktabgacha ta'limning yangi muqobil shakllari joriy etildi.
Xususan, respublika bo'yicha maktabgacha ta'lim tashkilotlarini qurish imkonsiz bo'lgan, olis va chekka hududlaridagi 156 ta mahallalarda 72 ta avtobuslar negizida mobil guruhlar faoliyati yo'lga qo'yilib, o'yin maydonchalarda tashkil etilgan guruhlarga 9 yarim ming nafarga yaqin
3-6 yoshli bolalar qamrab olindi.
Shu bilan birgalikda xalqaro loyihalar doirasida Yunisef tashkiloti bilan hamkorlikda Namangan va Xorazm viloyatlarida maktabgacha ta'limning muqobil shakli bo'lgan 20 ta “Turli xil yoshdagi maktabgacha ta'lim guruhlari” (o'yin guruhlari) tashkil etilib, ularga jami 496 nafar bolalar qamrab olindi.
Jahon banki bilan hamkorlikda “Bolani erta rivojlantirish” loyihasi doirasida Namangan va Samarqand viloyatlarida “Ilk rivojlanish markazlari” 3 ta model bo'yicha faoliyat ko'rsatib ularga 1 712 nafar bolalar qamrab olingan.
Bunda, birinchi model (6 yoshgacha qamrab olinmagan bolalari bo'lgan oilalarga tashrif) bo'yicha jami 764 ta bolalar, ikkinchi model (o'yin guruhlari) bo'yicha 861 nafar bolalar, uchinchi model (sog'ligi tufayli imkoniyati cheklangan 2 yoshdan 6 yoshgacha bolalari bo'lgan oilalarga tashrif) bo'yicha 87 ta bolalar qamrab olingan.
Avvalgi yillarga nazar soladigan bo'lsak, Respublikaning minglab mahallalarida bog'chalar yo'qligi yoki yetishmasligi sababli maktabgacha yoshdagi bolalar 1-sinfga o'qishga chiqqandan keyin bog'chaga borgan bola bilan bog'chaga bormagan bolalarning farqi sezilarli darajada bilinib, bu nafaqat bolalarga, o'qituvchilarga ham qiyinchilik tug'dirar edi.
Respublika hududlaridagi barcha 6 yoshli bolalarga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida 7 601 ta boshlang'ich ta'limga bir yillik bepul majburiy tayyorlov guruhlari tashkil etilib, 182 ming nafardan ortiq 6 yoshli bolalarni boshlang'ich ta'limga sifatli tayyorlanmoqda.
Shu kabi islohotlarning amalga oshirilishi o'z navbatida sohaga malakali pedagog va boshqaruv kadrlarini jalb qilish, shu kunga qadar
300 ming nafarga yaqin ishsiz ayollarning ish bilan bandligini ta'minlashga imkoniyatlar yaratib berdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida Respublikada barcha turdagi maktabgacha ta'lim tashkilotlari soni 38 ming 233 tani tashkil etib, bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish ko'rsatkichi 75,0 foizga, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrab olish ko'rsatkichi 95,8 foizga yetkazildi.
“O'zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish va uning maqsadli ko'rsatkichlariga erishishda maktabgacha ta'lim yo'nalishi bo'yicha
2030 yilgacha bolalarni to'liq maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan to'liq qamrab olish kabi ustuvor vazifalar belgilangan.
Mazkur ustuvor vazifalar doirasida maktabgacha ta'lim tizimini to'liq raqamlashtirish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini tashkil etish va uni boshqarish,
ta'lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni, bolalarni maktabga tayyorlash bo'yicha yangi muqobil modellarni joriy etish, nodavlat sektor ulushini yanada kengaytirish, shuningdek, maktabgacha ta'lim tashkilotlari mavjud bo'lmagan va qamrov ko'rsatkichi past bo'lgan mahallalarda mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda yangi zamonaviy davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini qurish, hududlardagi mavjudlarini rekonstruksiya qilish bo'yicha chora-tadbirlarni amalga oshirilishi natijasida maktabgacha ta'lim tizimi yanada takomillashtiriladi.