G'ayratulla SHukurov-millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi axborot xizmati rahbari.

Birlashgan Millatlar tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar, jumladan, Yevropa davlatlari yetakchilari, mashhur kompaniyalar rahbarlari O'zbekistonning Markaziy Osiyodagi betakror o'rnini, ayniqsa, nafaqat mamlakatda, balki butun mintaqada barqarorlikka erishish, osoyishtalikni asrab-avaylash masalasida yuzaga keladigan vaziyatlarda favqulodda yechim topa olish, mintaqa va butun dunyo mamlakatlari bilan do'stona va xayrixoh munosabatni yo'lga qo'yish qobiliyatini e'tirof etishmoqda.
Ko'p millatli xalqimizning o'ziga xos birdamligi, jipsligi bugungi kun tahdidi va xavfiga qarshi turishda beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Afg'oniston dunyodagi eng noyob davlatlardan biri, jahon sivilizatsiyalari, irqlari, dinlari, ko'p asrlik madaniyatlari, an'analari va turmush tarzi kesishgan joy.

Urushlar, bosqinlar, ko'chirishlar, shu bilan birga, bu mamlakatning ajoyib odamlarining hayot va ozodlikka, mehnatga va tinch bunyodkorlikka bo'lgan hayratlanarli muhabbati Osiyoning bu chorrahasida o'chmas iz qoldirdi. Afg'oniston zamini dunyoning boshqa mintaqalariga qaraganda ko'proq bosqinlarni ko'rgan davlat.
Afg'onistondagi voqealarga o'zbek xalqi hech qachon befarq bo'lmagan. Sharqda: “Uzoq qarindoshdan yaqin qo'shni afzal” deb bejiz aytishmagan. Ammo bu mamlakatda uzoq vaqtdan beri davom etgan fuqarolar urushi, siyosiy va harbiy to'qnashuvlar yaxshi qo'shnichilik aloqalarini mustahkamlash va kengaytirish imkonini bermadi. Bundan tashqari, harbiy jarayonlar mintaqaning Afg'oniston bilan chegaradosh davlatlari – O'zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston uchun keskin vaziyat yaratdi.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Afg'oniston Islom Respublikasini mintaqaviy xavfsizlikka potensial tahdid sifatida emas, balki Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida ko'rib chiqishni taklif qildi. Shuningdek, u Afg'onistonga tinchlik va barqarorlik Markaziy Osiyo va butun Yevroosiyoning strategik rivojlanishi uchun yangi istiqbollarni ochayotgan davlat sifatida yangicha qarashni taklif qildi. Buning uchun, dedi Prezident, bu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalarga jalb qilish, umumiy loyihalarni amalga oshirish, transport infratuzilmasini rivojlantirish zarur.
Hozirgi Markaziy Osiyo mamlakatlari hududlari bir vaqtlar yagona davlat – Kushonlar, Somoniylar, Temuriylar, G'aznaviylar xududlari birlashtirgan. Buyuk Ipak yo'li esa ko'p asrlar davomida umumiy madaniy va iqtisodiy taraqqiyotning bog'lovchi bo'g'iniga aylangan. Aynan mana shu madaniy-tarixiy an'analarning umumiyligi Markaziy Osiyoning yagona madaniy-iqtisodiy makonga integratsiyalashuvi uchun asos bo'lishi, bunda mintaqaning barcha xalqlari esa o'zlarini bir katta va do'stona oiladek his qilishi kerak.
O'zbekiston janubiy qo'shnisiga nisbatan hamisha samimiy do'stona aloqada bo'lib kelgan. Ayniqsa, uning uchun og'ir kunlarda, og'ir harbiy vaziyatga qaramay, o'zbek mutaxassislari Afg'onistonda korxonalar qurish, yo'llar yotqizish va ta'mirlash ishlarida mehnat qilgan. Afg'onistonliklar bu aloqalarni yuksak qadrlaydilar va doimo o'z munosabatlarini bildiradilar. O'zbeklar bu ko'p millatli mamlakatda soni bo'yicha uchinchi o'rinda turganini hisobga olsak, bir-birini bog'lovchi bundan kuchliroq rishtani tasavvur qilish qiyin.
Bugungi kunda Amudaryo O'zbekiston va Afg'oniston o'rtasidagi chegara daryosi bo'lib, u bir vaqtlar xalqlarimizni bir-biridan ajratmagan, balki birlashtirgan umumiy savdo yo'li bo'lgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, Amudaryo bo'yida tillari o'xshash, yagona muqaddas din, mushtarak ma'naviy qadriyatlarni birlashtirgan xalqlar azaldan yashab kelmoqda. Daryo har doim umumiy hayot manbai bo'lib kelgan, lekin hech qachon erkin harakatlanish, savdo aloqalarini rivojlantirish, fan yutuqlari almashinuvi va madaniyatlarni o'zaro boyitish uchun to'siq bo'lmagan.
Hozirgi Afg'oniston hududida Abu Rayxon Beruniy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi O'rta Osiyo Uyg'onish davrining atoqli namoyandalari – buyuk ajdodlarimiz yashab ijod qilganlar. Bugun esa O'zbekiston Afg'oniston bilan mavjud siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni yangi bosqichda rivojlantirmoqda. Va bu munosabatlarni mubolag'asiz juda samimiy, birodarlik munosabatlar deb atash mumkin.
Ta'lim sohasidagi hamkorlik ham yaqinlashuvning yangi vositasiga aylandi. Shu tariqa, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Termiz shahrida Afg'oniston fuqarolarini o'qitish ta'lim markazi tashkil etildi. Uning asosiy vazifasi oliy, o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limining o'zaro kelishilgan ta'lim dasturlari bo'yicha malakali kadrlar tayyorlash, turli yo'nalishlar bo'yicha mutaxassislarning malakasini oshirishdan iborat.
Ayni paytda bu yerda afg'onistonlik yigit-qizlar tahsil olmoqda. Ular nafaqat til va adabiyot o'qituvchisi, balki hamshiralik va transport kommunikatsiyalarini boshqarish yo'nalishlarini ham o'zlashtirmoqda.
O'zbek tili Afg'onistonda o'nga yaqin shimoliy viloyatda asosiy rasmiy til, mamlakat bo'yicha esa tan olingan rasmiy tillardan biri hisoblanadi. O'quv markazi faoliyatining istiqbolli yo'nalishlari sifatida temir yo'l transporti va xizmat ko'rsatish sohasi bo'yicha mutaxassislar tayyorlash ham belgilandi. Afg'oniston fuqarolarini mamlakat iqtisodiyoti ehtiyojlari va rivojlanishi uchun haqiqatda talab qilinadigan mutaxassisliklar bo'yicha o'qitishga ustuvor ahamiyat berildi.
Xalq diplomatiyasi sohasida mamlakatlarni bir-biriga yaqinlashtirish uchun ko'p ishlar qilinmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi va ko'magida 2018-yilda “O'zbekiston-Afg'oniston” do'stlik jamiyati tashkil etilgani, uning asosiy maqsadi ikki mamlakat xalqlari o'rtasida gumanitar, ma'naviy-madaniy, ilmiy-ma'rifiy, ta'lim sohalaridagi aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgani muhim tarixiy voqea bo'ldi. Jamiyatga taniqli afg'onshunos olim, filologiya fanlari doktori Abdurahim Mannonov rahbarlik qiladi. Jamiyatning maqsadlari ikki xalq o'rtasidagi do'stlik va hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish, ularning ma'naviy-madaniy asoslarini mustahkamlash, Afg'oniston xalqini mamlakatimizda madaniyat, san'at, fan va ta'lim va boshqa sohalarda erishilayotgan yutuqlar bilan yaqindan tanishtirishdan iborat.
2020-yil fevral oyida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasida Afg'oniston Islom Respublikasining 15 nafar olim, yozuvchi va shoirlaridan iborat bo'lgan va O'zbekistonga taklif bilan tashrif buyurgan salmoqli delegatsiya bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Delegatsiya rahbari, Kobul universitetining taniqli olimi Muhammad Ashraf Sharifiy delegatsiya nomidan Qo'mita va O'zbekiston hukumatining tarixiy va madaniy yaqin xalqlar o'rtasidagi do'stlik rishtalarini mustahkamlashdagi o'rni va bu boradagi ishlarni amalga oshirish imkoniyatlarini yuqori baholadi. Afg'oniston va O'zbekiston o'rtasida turli sohalarda uzoq muddatli qo'shma loyihalar imzolandi.
O'zbekiston Prezidentining siyosiy irodasi va Afg'oniston rahbariyatining kuchli ko'magi tufayli O'zbekiston-Afg'oniston munosabatlarida tizimli yutuqlarga erishildi. O'zbekiston ikki tomonlama o'zbek-afg'on hamkorligi ikki qo'shni xalq manfaatlari yo'lida rivojlanishi va mustahkamlanishi uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshirmoqda.
Asosiy boyligimiz – millatlararo totuvlik va «xilma-xillikdagi birlik»ni asrab-avaylashimiz, kelgusi avlodga yetkazishimiz lozim. Samimiy va do'stona munosabatga asoslangan o'zaro hurmat muhiti dunyodagi turli millat vakilari yagona oila a'zolaridek yashashiga xizmat qiladi.