Valisher Davlyatov-O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti direktori o'rinbosari
So'nggi yillarda O'zbekiston tobora yangicha rivojlanish bosqichiga shiddat bilan qadam qo'ymoqda. Mamlakatning demokratik qiyofasi o'zgarmoqda. Iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy yangilanishlar yuz bermoqda.
Asosiysi, yurtimizda har bir shaxsning fundamental huquq va erkinliklarini ta'minlashga jiddiy kirishildi. Xususan, davlat organlari faoliyatining mazmunini inson huquqlarini ta'minlash tashkil etishi, xususiy mulk dahlsizligini ta'minlash, so'z erkinligini kafolatlash kabi umuminsoniy qadriyatlar shular jumlasidandir.
Eng muhimi, ushbu islohotlar zamiriga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri” “inson – jamiyat – davlat”, “davlat – inson uchun”,
“inson qadrini ulug'lash” kabi tamoyil va tushunchalar real hayotimizga chuqur kirib bormoqda. O'zbekistonda qaysi soha yoki tarmoqda bo'lmasin, amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning tagzamirida inson qadrini ulug'lash, xalqimizni o'ylantirayotgan masalalarga yechim topish maqsadi turganiga barchamiz guvoh bo'lyapmiz.
Yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida “O'zbekiston – huquqiy davlat” prinsipi mustahkamlandi. Bu esa, qonunchilik qonunchilikning maqbulligi, mukammalligi, xalqchilligi va samaradorligini ta'minlashning muhim ekanligini ko'rsatadi.
Ta'kidlash joizki, qonun ijodkorligi o'ziga xos murakkab usul va vositalar majmuidan iborat. Jamiyatda unga bo'lgan ehtiyojni aniqlashdan to qonunchilik hujjatini qabul qilish va uning ijrosiga qadar bo'lgan barcha jarayonni qamrab oladi.
Bugungi kunda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarni huquqiy jihatdan to'laqonli ta'minlash maqsadida qonun ijodkorligi faoliyati ham takomillashib bormoqda. Chunki islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi ko'p jihatdan qonun ijodkorligi jarayoni sifatiga bevosita bog'liq.
O'zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida norma ijodkorligi sohasida o'ta dolzarb vazifalar turganligini nazarda tutib, quyi palataning qonun ijodkorligi borasidagi ishining sifatini yanada oshirishga katta e'tibor qaratilmoqda.
“Qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom ma'noda xalq bo'lishi shart” degan ustuvor tamoyil asosida bir qator yangi demokratik tartib-qoidalar joriy etildi.
Parlament quyi palatasida qonun loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o'tkazish tartibi belgilandi. To'g'ridan-to'g'ri amal qiluvchi, ya'ni ijro etish uchun qo'shimcha hujjat ishlab chiqish talab etmaydigan qonunlarni qabul qilishga bo'lgan e'tibor kuchaytirildi.
Ayni vaqtda butun bir sohani tartibga soluvchi qonunchilik jarayoni qayta ko'rib chiqilmoqda va qator yaxlit qonunlar qabul qilinmoqda. Bu qonunchilik bazasining tizimliligini va kompleksliligini ta'minlashga xizmat qilmoqda.
Qonunchilik palatasi har bir qonun loyihasi bo'yicha xolis bahs-munozara va tortishuvlar maydoniga, chinakam «demokratiya maktabi»ga aylanib bormoqda. Qonun loyihalari muhokamasida tashabbuskor idoralar vakillari bilan birga soha ekspertlari, mutaxassislari va olimlar faol ishtirok etib, ularga o'z fikrlarini bildirishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda.
Bugungi kunda Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi faoliyati ko'lami ham, ish hajmi ham yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga hamohang bo'lmoqda. Jumladan, 2016 yilda 19 ta qonun qabul qilinib, Senatga yuborilgan bo'lsa, 2023 yilda bu ko'rsatkich 99 tani tashkil etgani so'zimizning tasdig'idir.
Qonun loyihalarini ko'proq Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo'mitalarida muhokama qilish amaliyoti qaror topmoqda. Ushbu amaliyot qonun loyihalarini tashabbuskor sub'ekt vakillari, soha mutaxassislari, ekspertlar va olimlar ishtirokida har tomonlama ko'rib chiqqan holda maromiga yetkazishda, shu jumladan, qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlarda saylovchilar manfaatlarini yanada to'liq ifodalashda hamda ushbu qonunlarni hayotga samarali joriy qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ta'sirchan parlament nazorati islohotlar
samaradorligini ta'minlamoqda
Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbuslari, g'oyalari asosida parlamentning nazorat-tahlil faoliyatini tubdan oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Uning qonunchilik bazasi mustahkamlanmoqda. Parlament nazoratining yangidan-yangi shakllari joriy etilmoqda.
Jumladan, Qonunchilik palatasida hukumat a'zolarining deputatlar savollariga javoblarini eshitish tartibi – “Hukumat soati” instituti joriy etildi. 2019 yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi a'zoligiga nomzodlarni quyi palata majlisida ko'rib chiqish amaliyoti tatbiq qilindi.
Quyi palatada tashkil etilgan Davlat byudjeti boshqarmasi byudjetni shakllantirish va ijrosi ustidan samarali nazorat o'rnatishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda, yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida parlamentning nazorat faoliyati mutlaqo yangi bosqichga ko'tarildi, desak mubolag'a bo'lmaydi.
Tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, yangilangan Konstitutsiyaning parlament faoliyati qismiga kiritilgan yangiliklarning aksariyati parlament quyi palatasining nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan.
Masalan, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari, shu jumladan nazorat funksiyalarini bajarishi chog'ida kuzatilayotgan parallellik va bir-birini takrorlash hollarini bartaraf etish maqsadida qayta ko'rib chiqildi.
Ta'kidlash joizki, Oliy Majlis palatalarining nazorat faoliyatidagi parallellik davlat organlari faoliyatining samaradorligiga salbiy ta'sir ko'rsatardi, nazoratning ta'sirchanligini pasaytirardi. Chunonchi, ayni bitta idoraga takroran so'rovlar yuboriladigan va ular rahbarlarining eshituvlari o'tkaziladigan faktlar aniqlangan (2020 yilda IIVga 4 ta so'rov yuborilgan, IIV rahbariyatining 6 ta eshituvi o'tkazilgan). Bir xil hududlarda aynan bir xil masalalar yuzasidan qayta-qayta o'rganishlar o'tkazish hollari mavjud (2021 yilda palatalar tomonidan Andijon viloyatida 8 ta o'rganish o'tkazilgan bo'lsa, boshqa hududlarda esa 1–2 tadan o'rganish o'tkazilgan).
Yana bir muhim jihat. Oliy Majlis palatalarning birgalikdagi vakolatlariga, O'zbekiston Respublikasi davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash kiritildi.
Ushbu vakolat qonun normalari bilan tartibga solingan bo'lib, Konstitutsiya darajasida belgilanmagan edi. Masalan, Oliy Majlisning davlat qarzining eng ko'p miqdorini belgilashga doir vakolati Byudjet kodeksida (152-modda), «Tashqi qarz to'g'risida»gi Qonunda (4-modda) mustahkamlab qo'yilgan. Shundan kelib chiqib, davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash Oliy Majlis palatalarining umumiy vakolatlari doirasiga kiritildi.
Bundan tashqari, Parlamentning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi tutgan o'rnini kuchaytirish maqsadida O'zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risidagi milliy ma'ruzani ko'rib chiqish belgilandi.
Shuningdek, parlament tekshiruvi samaradorligini oshirish, ushbu tekshiruvni o'tkazishga parlament ikkala palatasining jalb etilishi va ishtirokini ta'minlash maqsadida parlament tekshiruvlari faqat qo'shma shaklda o'tkazilishi nazarda tutildi.
Parlament faoliyatida olib borilayotgan bu kabi islohotlar, ayniqsa, hisobdorlikning bunday shakllari joriy etilishi hukumatning ochiqligini va mas'uliyatini tubdan oshirmoqda. Joylarda aholi tomonidan ko'tarilayotgan masalalarni hukumat oldiga qo'yishda ayni muddao bo'lmoqda.
Xalq vakillari – xalq irodasining
chinakam ifodachisiga aylanmoqda
Saylovchilar bilan muloqotni kengaytirish, aholi muammolarini aniqlash va ularni parlament nazorati shakllaridan samarali foydalangan holda hal etish masalasi deputatlar korpusi faoliyatining eng muhim yo'nalishlaridan biri hisoblanadi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoevning deputat bilan saylovchilar o'rtasida mustahkam munosabatlar o'rnatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir tashabbuslari parlamentga aholini qiynab kelayotgan muammolarni chuqur o'rganish, xalq va davlat institutlari o'rtasida ko'prik bo'lish, saylovchilarning manfaatlarini to'laroq ifodalash imkoniyatini bermoqda.
O'tgan davrda xalq vakillari faoliyatida saylovchilar deputat oldiga emas, deputat o'z saylovchilari huzuriga borishi shart, degan tamoyil ustuvorlik kasb etgani tufayli aholi bilan doimiy muloqot sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tarildi.
Avvallari deputatlar bir yilda uch-to'rt marta uchrashuvlarga chiqqan bo'lsa, endilikda har oyning oxirgi haftasi deputatlarning saylov okrugida ishlashi uchun belgilandi. Bu saylovchilar manfaatlarini to'laqonli ifoda etish borasidagi yana bir muhim qadam bo'lib, deputatlar o'z saylovchilarining ehtiyojlari, muammolari va u yerdagi haqiqiy vaziyat to'g'risida axborot olishini ta'minlovchi barqaror mexanizm shakllandi.
Deputatlar o'z hududidagi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalari bilan doimiy aloqa o'rnatdi. Deputatlar tomonidan saylov okruglaridagi faoliyati davomida Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda fuqarolarning qabullari ham tashkil etildi. Ularda birgina 2023 yilda 12,5 mingdan ziyod fuqaro ishtirok etdi.
Xalq noiblari nafaqat fuqarolar tomonidan bildirilayotgan muammo va kamchiliklarni o'rganmoqda, balki ijtimoiy hayotning muhim jabhalaridagi hal qilinishi lozim bo'lgan masalalarga xalqning fikri hamda aholi manfaatlarini inobatga olgan holda alohida e'tibor qaratmoqda.
Xalqaro aloqalarni mustahkamlash va parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish Qonunchilik palatasi faoliyatining muhim yo'nalishlaridan biri hisoblanadi.
O'zbekiston dunyodagi eng nufuzli xalqaro parlament tashkilotlari bo'lgan Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlament Assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi Parlamentlararo Assambleyasi bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
Hozirgi kunda Oliy Majlisda jami 58 ta xorijiy davlat parlamenti bilan parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyat yuritmoqda. Ushbu parlamentlararo hamkorlik guruhlari xorijiy davlatlarning qonun chiqaruvchi organlari bilan aloqalarni yanada rivojlantirish uchun doimiy muloqot maydoni vazifasini o'tamoqda va o'z navbatida, chet ellik parlament vakillari bilan ochiq, konstruktiv va jonli muloqot olib borishning qulay mexanizmiga aylanmoqda.
Muxtasar aytganda, Yangi O'zbekistonda milliy parlamentarizmning asosiy yo'nalishlarining rivojlanishi mamlakatimizda ko'p millatli olijanob xalqimizning xohish-istaklari, orzu-umidlari bilan mushtarakdir.
Oliy Majlisning muhim va mustaqil institut sifatidagi faoliyati mamlakatimizning barqaror rivojlanishini ta'minlash, chinakam huquqiy davlatni shakllantirish, mamlakatda konstruktiv va bunyodkorlik muhitini yaratish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.






























