DILSHODBEK NURUMOV-TDYu Sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura kafedrasi dots.nti, yu.f.f.d. (PhD)
O'zbekiston Respublikasida so'nggi yillarda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali institutlaridan biri sifatida advokaturaning roli va ahamiyatini oshirish bo'yicha keng ko'lamli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, advokatura instituti va advokatlarning mustaqilligini ta'minlash, sud jarayonlarining barcha bosqichlarida taraflarning tortishuvi tamoyili asosida ishni tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar ko'rildi, advokatlarning o'z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur qonunchilik bazasi yaratildi.
2023 yil 30 aprelda o'tkazilgan O'zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish yo'li bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi O'zbekiston Konstitutsiyasining oliy yuridik kuchga ega ekanligi,
mamlakatimizning butun hududida to'g'ridan-to'g'ri amal qilishi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishi belgilab qo'yildi. Shu bilan birga, Konstitutsiyada advokatura institutiga alohida bob ajratilganligi uning sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida muhimligidan dalolat beradi. O'zbekiston Konstitutsiyasining 141-142-moddalarini o'z ichiga olgan XXIV bobida advokatura institutiga oid asosiy qoidalar belgilangan. Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko'rsatish, advokatura faoliyatining tamoyillari, advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo'yilgan.
Mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada erkinlashtirish, fuqarolarning tergov va sud jarayonlarining har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqini mustahkamlovchi konstitutsiyaviy normani hayotga tatbiq etish, advokaturaning tashkiliy mustaqilligini ta'minlash, uni yuqori malakali kadrlar bilan ta'minlash, advokatlar mustaqilligining kafolatlarini kuchaytirish, advokatlik kasbining obro'si va nufuzini oshirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, mazkur institutdagi muhim o'zgarishlar advokaturaga oid asosiy normalarni belgilab beruvchi me'yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi bilan bevosita bog'liq. Bugungi kunda mamlakatimizda advokatura institutiga oid quyidagi qonunlar mavjud. Bular 1996 yil 27 dekabrda qabul qilingan “Advokatura to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonuni va 1998 yil 25 dekabrda qabul qilingan “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonuni.
Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 maydagi “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlar mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni muhim ahamiyatga ega bo'ldi. Xususan: advokatlarga nizolarni sudgacha hal etish, taraflarni yarashtirish choralarini ko'rish, shuningdek hakam sifatida faoliyat yuritish huquqi berildi; advokatlik faoliyati bilan shug'ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun advokatlik tuzilmasida majburiy stajirovkadan o'tish muddati olti oydan uch oygacha qisqartirildi, bunda davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimlari, shuningdek, sudya, tergovchi yoki prokuror lavozimida kamida uch yil ishlagan shaxslar majburiy stajirovkadan ozod etilishi belgilandi; advokatning uzrli sabablarsiz o'z kasbiy majburiyatlarini bajarmasligi muddati uch oydan olti oygacha uzaytirildi; advokatlik litsenziyasining amal qilishini to'xtatish faqat Adliya vazirligi murojaatiga ko'ra, Oliy malaka komissiyasining xulosasi asosida sud tomonidan amalga oshirilishi belgilandi; advokat maqomini olish uchun malaka imtihonini qayta topshirish muddati bir yildan olti oygacha qisqartirildi.
Milliy advokatura to'g'risidagi qonun hujjatlariga kiritilgan ushbu o'zgartish va qo'shimchalar xalqning advokatura institutiga bo'lgan ishonchini oshirish, advokat maqomini yanada mustahkamlash, advokatlarning kasbiy faoliyatni amalga oshirishdagi vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko'rsatish uchun asos yaratdi. Ijobiy jihatlardan biri shundaki, mamlakatimizda advokatlar ishtirokidagi sud jarayonlarida ijobiy o'zgarishlar sodir bo'lmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida o'tkazilgan odil sudlovni ta'minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida “Advokatura - odil sudlovning ajralmas qismi, adolatni qaror toptirishda ushbu institutning o'rni beqiyos” ekanligi ta'kidlandi. Bu ham advokatura institutiga qaratilayotgan e'tiborning yorqin namunasidir.
Advokatura to'g'risidagi qonunchilikka kiritilgan advokatlik tuzilmasi bo'lgan advokatlik byurosi bilan bog'liq muhim o'zgarishni alohida ta'kidlash lozim. 2018 yil 11 oktyabrda qabul qilingan qonunga muvofiq advokatlik byurolarini ta'sis etgan advokatlar o'z faoliyatini mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda o'ziga tegishli bo'lgan turar joylarda amalga oshirishi mumkin, bunda advokatga mulk huquqi asosida tegishli bo'lgan turar joylarni advokatlik byurosi faoliyatida foydalanish uchun noturar joy toifasiga o'tkazish talab etilmaydi. Bu esa advokatura institutiga kirayotgan yangi advokatlar uchun keng imkoniyatlar yaratdi. Shu sababli, bugungi kunda advokatlik byurosi eng ko'p tashkil etiladigan advokatlik tuzilmalari orasida yetakchi o'rinni egallaydi.
Advokatura faoliyatidagi ortiqcha sansalorlik, byurokratiya va qog'ozbozlikni bartaraf etish, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari bilan elektron hujjat almashinuvini yo'lga qo'yish maqsadida 2022 yil 30 mayda O'zbekiston Prezidentining “Advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga ko'ra muhim o'zgarishlar sifatida quyidagilarni ta'kidlash lozim: advokatlik faoliyati bilan shug'ullanish huquqini beruvchi litsenziya berish jarayoni talabgor tomonidan malaka imtihonini topshirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi va rasmiylashtiriladi; advokatlik tuzilmalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish, qayta ro'yxatdan o'tkazish va tugatish faqat “yagona darcha” tamoyili asosida O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda amalga oshiriladi; advokatlik faoliyatini boshlashda malaka imtihonini topshirish, advokatlik faoliyatiga litsenziya olish va advokatlik byurosini davlat ro'yxatidan o'tkazish bo'yicha kompleks xizmat ko'rsatish alohida ta'kidlangan.
Bundan tashqari, fuqarolarga yuridik yordam ko'rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek, boshqa davlat organlari faoliyati bilan integratsiya qilishni nazarda tutuvchi “Yuridik yordam” axborot tizimining ishga tushirilishi advokatlar uchun qator imkoniyatlar yaratdi. Xususan, advokatlarning elektron reestri va advokatlarning shaxsiy elektron kabinetini shakllantirish, advokat maqomini o'z arizasiga ko'ra to'xtatib turish elektron xabarnoma shaklida amalga oshirilishi belgilandi, advokatlik tuzilmalari tomonidan muayyan ishni yuritish uchun advokatlarga beriladigan an'anaviy shakldagi order maqomiga teng bo'lgan maxsus QR-kodga ega “Elektron advokatlik orderi”ni berish amaliyoti joriy etilmoqda. “Yuridik yordam” axborot tizimi joriy etilishi munosabati bilan asosiy o'zgarishlardan biri advokatlarni inson omilisiz elektron tarzda tasodifiy tanlash orqali davlat hisobidan ishga jalb etish tartibi belgilanganligidir.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 7 dekabr kuni O'zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 27 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi murojaatida advokatura institutida muhim o'zgarishlar amalga oshirilishi zarurligi ta'kidlangan edi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida”gi Prezident Farmonining 19-maqsadi quyidagicha ifodalangan: inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda advokatura institutining salohiyatini tubdan oshirish, shuningdek, aholi va tadbirkorlik sub'ektlarining malakali yuridik xizmatlarga bo'lgan ehtiyojini to'liq qondirish. Mazkur farmon advokaturaning tizimli muammolariga maqbul yechimlar taklif etganligi bilan ahamiyatlidir. Xususan, advokatura institutini to'laqonli o'zini o'zi boshqarish tizimiga o'tkazish, Advokatlar palatasi boshqaruv organlarining advokatlar hamjamiyati oldidagi hisobdorligini kuchaytirish, tizimga yosh malakali kadrlarni jalb etish, advokatlik faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali ortiqcha byurokratiya va sansalorlikni bartaraf etish, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari bilan elektron hujjat almashinuvini yo'lga qo'yish, nafaqat jinoiy, balki fuqarolik va ma'muriy ishlar bo'yicha ham ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga bepul yuridik yordam ko'rsatish tizimini joriy etish nazarda tutilgan. Bularning barchasi advokatura institutini yanada takomillashtirish va uning jozibadorligini oshirishga xizmat qildi.
2023 yil 16 iyunda O'zbekiston Respublikasining “Davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatish to'g'risida”gi qonuni O'ZQ-848 qabul qilindi. Ushbu qonunga ko'ra, Adliya vazirligi davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi sifatida belgilandi. Shuningdek, qonunda davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatishning asosiy tamoyillari, bunday yordam ko'rsatuvchi shaxslar, davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatiladigan ishlar toifalari, davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatishni rad etish va to'xtatish asoslari, hamda davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatishni moliyalashtirish asoslari va manbalari belgilab berildi.
O'zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi faoliyati to'g'risidagi statistik ma'lumotlarga ko'ra, 2024 yil 1 yanvar holatiga advokatlar 85339 ta ishda tayinlangan tartibda (barcha asoslar bo'yicha) ishtirok etgan. Bu esa mazkur ko'rsatkichlarning yildan-yilga keskin oshishiga olib keldi. Mamlakatimizda advokaturaga ishga qabul qilish hamda advokatlik faoliyati bilan shug'ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish tartibini soddalashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shuni ta'kidlash lozimki, 2023 yil 1 oktyabr holatiga ko'ra, O'zbekistonning doimiy aholisi soni 36599764 nafardan ortiqni tashkil etgan. Advokatlar palatasining ma'lumotlariga ko'ra esa, 2023 yil 1 iyun holatiga mamlakatimizda 5665 nafar advokat advokatlik faoliyati bilan shug'ullangan. Ushbu statistik ma'lumotlar tahlili shuni ko'rsatadiki, 2023 yil 1 oktyabr holatiga ko'ra, O'zbekistonda har 6460 nafar aholiga o'rtacha 1 nafar advokat to'g'ri keladi. “Advokatura to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonuniga advokatlik faoliyati bilan shug'ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun imtihon topshirishga talabgor shaxsning yuridik mutaxassislik bo'yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo'lishi to'g'risidagi talabni bekor qiluvchi o'zgartirishlar kiritildi. Bu esa advokatlikka talabgorlar sonining keskin ko'payishiga, sog'lom raqobatning vujudga kelishiga va advokatura sohasining jozibadorligini oshirishga, shuningdek, sohaga yosh kadrlarni jalb etishning samarali tizimini yaratishga xizmat qildi.






























