Bugungi kunda O'zbekiston-Xitoy hamkorligidagi ustivor vazifalaridan biri shubhasiz bu birgalikda, texnologiyalar integratsiyasi: qo'shma tadqiqotlar va amaliy ishlanmalarda ham hamkorliklar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumatlari o'rtasidagi “Pochta va telekommunikatsiya sohasidagi hamkorlik to'g'risida”gi Bitim (Pekin, 1999 yil 8 noyabr), O'zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va Xitoy Xalq Respublikasi Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi o'rtasidagi kelishuv “Aloqa va axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik to'g'risida” (Pekin, 2005 yil 25 may), “O'zbektelekom” AK va China Telecom kompaniyasi o'rtasida 2006 yildagi “O'zbekiston hududi bo'ylab aloqa kanalining kommutatsiyalanmagan (to'g'ridan-to'g'ri) tranzit xizmatlarini ko'rsatish, shuningdek, xususiy kanallarni ijaraga berish xizmatlarini ko'rsatish to'g'risida”gi operatorlararo shartnoma, “O'zbektelekom” AK va China Unicom o'rtasida 2015 yil 25 iyundagi xalqaro telekommunikatsiya xizmatlarini ko'rsatish to'g'risida shartnoma, “O'zbektelekom” AK va Tencent o'rtasida 2023 yil 5-iyun kuni xalqaro telekommunikatsiya xizmatlarini ko'rsatish bo'yicha shartnoma, “O'zbektelekom” AK va Tencent o'rtasida 2023 yil 1-iyuldagi shartnoma, “UZINFOCOM” MCHJ va “H3C Technologiyes Co., Limited.” o'rtasidagi “Qo'shma korxona to'g'risida deklaratsiya”.
Hamkorlik yo'nalishlari turli ko'rinishda ekanligi Xitoy tomonining ham O'zbekistonga qiziqishini bildiradi. Misol uchun, 2016-2025 yillarda “O'zbektelekom” AK tomonidan to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar hamda XXR moliya institutlarining umumiy qiymati qariyb 700 million dollarlik kreditlari jalb etilgan holda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha bir qancha investitsiya loyihalari amalga oshirildi.
Ushbu loyihalarni amalga oshirish doirasida mobil aloqa tarmog'ini kengaytirish uchun GSM/UMTS/LTE/HR standartidagi 27 mingdan ortiq baza stansiyalari ishga tushirildi. 3 milliondan ortiq abonent portlariga keng polosali aloqa xizmatlarini ko'rsatish uchun uskunalar o'rnatildi. Respublika bo'ylab 40 Tbit/s quvvatga ega transport tarmoqlari tashkil etildi. Umumiy quvvati 11,2 Pbayt bo'lgan maʼlumotlarni qayta ishlash va saqlash markazlari foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, 2017-2023 yillarda mobil aloqa operatorlari Beeline (Unitel), Mobiuz (UMS) va Ucell (Coscom) Xitoy kompaniyalari bilan O'zbekiston Respublikasida mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish bo'yicha umumiy qiymati 500 million dollardan ortiq bo'lgan qator loyihalarni amalga oshirdi.
Bugungi kunda aholiga ko'rsatilayotgan davlat xizmatlarining aksariyati elektron ko'rinishga o'tkazilgani fuqarolarga katta qulaylik yaratmoqda. Xitoyning Huawei kompaniyasi bilan birgalikda umumiy qiymati 58,4 million dollarlik “Elektron hukumat” tizimi uchun Data-markazni yaratish loyihasi amalga oshirilgani ushbu yo'nalishdagi katta qadamlardan biridir.
Bunday misollarni juda ko'p keltirish mumkin. Jumladan, autsorsing va AT eksportini rivojlantirish sohasida Xitoy kapitali ishtirokidagi IT-Park rezidentlari sifatida 13 ta kompaniya (2024-yil oxirigacha 7 ta kompaniya), jumladan, SOLUXYE CONSULTING, ZTE China va ONYE CLOUD ChINA TECh kabi eksportga yo'naltirilgan kompaniyalar ro'yxatdan o'tgan.
2025 yilning ikkinchi choragida ular tomonidan 632,1 ming AQSh dollari (2024 yil yakuniga ko'ra 455,4 ming AQSh dollari) eksport xizmatlari ko'rsatildi.
2025 yil 2-chorak yakuniga ko'ra, Xitoyga xizmatlar eksport qiluvchi kompaniyalar soni 24 tani tashkil etdi, jumladan, MONTFORT CA, FINANCIAL ChAIN CORPORATION, SOLUXYE CONSULTING va boshqalar. Bundan tashqari, 2025 yilning ikkinchi choragi yakuni bo'yicha Xitoyga eksport hajmi 7,4 million AQSh dollarini tashkil etdi (2024 yil yakuni bo'yicha – 2,7 million AQSh dollari).
Hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida IT-Park delegatsiyasi 2025 yil 23-26-mart kunlari Xitoyning Chongqing shahrida bo'lib o'tgan “Huawei Cloud Go Global Summit 2025” tadbirida ishtirok etdi Tadbir doirasida IT Park bosh menejeri J. Pak “O'zbekiston IT-sanoatining rivojlanishi, respublikada IT-kompaniyalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar” mavzusida taqdimot o'tkazdi. Bundan tashqari, delegatsiyaning xizmat safari doirasida Xitoyning bir qancha AT kompaniyalari bilan muzokaralar olib borildi, xususan, “Renrui Human Resources Technology Holdings Limited” kompaniyasi bilan muzokaralar olib borildi. Muzokaralar davomida Samarqand shahrida “Nol risk” dasturi doirasida call-markazni ishga tushirish masalasi muhokama qilindi. Kompaniya O'zbekiston Respublikasi hududida “RENRUI CA SERVICES” MCHJ yuridik shaxsini ro'yxatdan o'tkazdi va 2025 yil 17 iyunda IT Park rezidenti maqomini oldi.