O'zbekiston mustaqillikni qo'lga kiritgandan keyin, ayniqsa, so'nggi 8 yilda jahonning barcha davlatlari bilan teng hamkorlik qilish, har sohada zamonaviy tendensiyalarni o'zlashtirish, jamiyat hayotining turli jabhalariga joriy etish, bu jarayonda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, aholi turmushi farovonligini ta'minlashga alohida e'tibor berib kelinmoqda.
Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari rivoji barcha sohalarning jadal taraqqiyotiga xizmat qiladi, odamlarga qulaylik yaratadi.
Hozirgi zamonda xizmatlarning katta qismi axborot texnologiyalari orqali ko'rsatilyapti. Boshqa sohalarning ham samaradorligi shunga bog'liq. Shuning uchun bu yerdagi sharoitlarni kengaytirib, zamonaviy axborot texnologiyalari xabiga aylantirish kerak.
Demak, mazkur yo'nalishda ham xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. O'zbekistonda raqamlashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli ta'lim, telekommunikatsiya, sun'iy intellektga mas'ul tashkilot sifatida Raqamli texnologiyalar vazirligi bu borada aniq maqsad va rejalarni belgilab olgan holda faoliyat yuritib kelmoqda. Vazirlik AQSh, Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Qozog'iston, Turkmaniston, Tojikiston, Ozayrbayjon kabi xorijiy davlatlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o'rnatgan bo'lib, Xitoy Xalq Respublikasi alohida o'rin tutadi.
XXR bilan O'zbekistonning mazkur davlat bilan har tomonlama, xususan, AKT yo'nalishidagi yaqin hamkorlik aloqalarini o'rnatish manfaatli.
Hozirgi kunda Xitoy bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ikki tomonlama hamkorlik 10ga yaqin kelishuvlar asosida amalga oshirilmoqda.
Raqamli iqtisodiyot va innovatsiyalarni rivojlantirishda faol hamkorlik olib borilmoqda. 2025 yil 29-mart kuni Olmaota shahrida bo'lib o'tgan AlmatyFair.ai sun'iy intellekt ko'rgazmasi doirasida IT Park, Qozog'istonning Astana Hub kompaniyasi va Xitoyning Growth Vision Pro Ltd kompaniyasi o'rtasida uch tomonlama memorandum imzolandi. Memorandum startaplarni qo'llab-quvvatlash, Xitoyning AT bozoriga investitsiyalarni jalb qilish va mintaqaga investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan hamkorlikni yo'lga qo'yishni nazarda tutadi. Hamkorlik doirasida tomonlar akseleratsiya dasturlarini ishlab chiqish, biznes missiyalarini tashkil etish, investorlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish va ilmiy-tadqiqot (RI&D) tashabbuslarini kuchaytirish rejalashtirmoqda.
Shuningdek, “BYD Auto Industry Company” bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasi hududida yetkazib beriladigan avtomashinalar uchun bulut xizmati tashkil etildi.
Hamkorlikning yana bir muhim yo'nalishlaridan biri bu pochta aloqasi hisoblanadi. O'zbekistondan pochta sohasida milliy operator hisoblangan “O'zbekiston pochtasi” AJ Xitoyning pochta operatori bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Birgina 2025 yilning 6 oyi davomida O'zbekiston Respublikasi va Xitoy o'rtasida kiruvchi va chiquvchi xat yozishmalar 3085 kgni, buyurtma xatlar esa 6014 donani tashkil qilgan. Bundan tashqari, Xitoy pochta operatori bilan pochta jo'natmalarini onlayn-do'konlarda buyurtma qilingan tovarlar bilan almashish bo'yicha ikki tomonlama hamkorlik bo'yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, “O'zbekiston pochtasi” AJ Xitoyning AliExpress, Temu, Shein kabi bozorlarida buyurtma qilingan tovarlar bilan pochta jo'natmalarini qabul qiladi, qayta ishlaydi va yetkazib beradi. Bunday pochta jo'natmalari O'zbekistonga Xitoy, Latviya va Vanuatuning belgilangan operatorlaridan keladi. Shuningdek, Xitoy bozorlarida buyurtma qilingan tovarlarni yetkazib berish “O'zbekiston pochtasi” AJ va logistika kompaniyalari o'rtasida tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbirlar natijasida 2025 yilning 6 oyi davomida “O'zbekiston pochtasi” AJ tomonidan 226 tonnadan ortiq pochta jo'natmalari yetkazib berildi.
Ayni paytda mamlakatlarimiz o'rtasida pochta jo'natmalari hajmini oshirish maqsadida Xitoyning tayinlangan operatori “China Post” bilan o'zaro manfaatli hamkorlikning yangi yoʻnalishlari muhokama qilinmoqda.
O'zbekiston va Xitoy ta'lim muassasalari o'rtasidagi hamkorlik kelgusida har ikki mamlakat hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki jahon andozalariga mos shart-sharoitlarda bilim olgan yoshlar yurt kelajagidir. Shu maqsadda 2023 yilda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Xitoyning Sian universiteti, Shimoli-g'arbiy politexnika universiteti, Xitoy aloqa instituti va ZTE universiteti bilan inson resurslarini rivojlantirish va akademik almashinuv dasturlarini yaratish bo'yicha ikki tomonlama mmorandumlar imzolangan.
Shu bilan birga, Xitoyning Huawei kompaniyasi va ZTE hamkorligida TATU, shuningdek, Huawei axborot va tarmoq texnologiyalari akademiyasida “Raqamli ta'lim kabineti” tashkil etildi.
“Seeds For The Future” ta'lim dasturi doirasida 50 dan ortiq talaba Huawei kompaniyasining Xitoydagi bosh ofisida amaliyot o'tashdi.
Xitoyda kaft tomirlarini aniqlash texnologiyasi bo'yicha hamkorlarni qidirish doirasida Hubei Yi Chen engineering and construction Co., LTD bilan hamkorlik olib borilmoqda. Ushbu bosqichda Xitoyning Shengdian Century Technology Co, Ltd kompaniyasi bilan MyID Palm apparat va dasturiy ta'minot tizimlarini birgalikda ishlab chiqish va sotish bo'yicha muloqot olib borilmoqda.
Biz yuqorida ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik doirasida AKT yo'nalishida amalga oshirilgan ishlar to'g'risida qisqacha ma'lumot berib o'tdik. Xo'sh, hamkorlikning hozirgi holati qanday?
2024 yil 24-25-yanvar kunlari Sian shahrida bo'lib o'tgan O'zbekiston-Xitoy biznes forumida Xitoy va O'zbekiston kompaniyalari o'rtasida umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq bo'lgan 12 ta shartnoma imzolandi.
Ushbu kelishuvlar 2024-2028 yillarda telekommunikatsiya infratuzilmasi va mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, 2024 yilning 18-23-noyabr kunlari Xitoyning Shanxay shahriga xizmat safari chog'ida Xitoyning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari akademiyasida (CAICT) Xitoy telekommunikatsiya texnologiyalari laboratoriyasi (CTTL) rahbariyati Pan Huang va Chen Chje bilan uchrashuv bo'lib o'tdi, unda kompaniyalar o'rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Memorandum loyihasi ishlab chiqildi, shuningdek, CAICT bilan hamkorlik memorandumi loyihasini imzolash rejalashtirilgan.
Bugungi kunda dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri hisoblangan Xitoy Xalq Respublikasi bilan raqamlashtirish, AKT, telekommunikatsiya, sun'iy intellekt, pochta aloqasi va raqamli ta'lim yo'nalishidagi ikki tomonlama manfaatli hamkorlik aloqalari kelgusida ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.