O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yil 31 avgust – 1 sentyabr kunlari Xitoyning Tyanszin shahrida bo'lib o'tadigan SHHT sammitida ishtirok etadi. Shu munosabat bilan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O'zbekistonning SHHTga a'zo davlatlar bilan savdo-investitsiya hamkorligiga oid 8 yillik va 2024 yil uchun infografika tayyorladi
Shanxayhamkorlik tashkiloti
Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) – 2001 yilda tashkil etilgan xalqaro mintaqaviy tashkilot hisoblanadi. Hozirgi kunda SHHT tarkibiga 10 ta davlat a'zo: Belarus, Hindiston, Eron, Qozog'iston, Xitoy, Qirg'iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O'zbekiston.
Shanxay Hamkorlik Tashkilotida (SHHT) kuzatuvchi davlat maqomiga ega bo'lgan 2 ta davlat —Afg'oniston va Mo'g'uliston— hozirda tashkilot faoliyatida faol ishtirok etib kelmoqda. Shu bilan birga, 14 ta davlat SHHTning muloqot bo'yicha sheriklari sifatida tan olingan. Ular quyidagilardir:Ozarbayjon, Armaniston, Bahrayn, Misr, Kamboja, Qatar, Quvayt, Maldiv orollari, Myanma, Nepal, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Turkiya va SHri-Lanka.
2017 yilda Hindiston va Pokistonning, 2023 yilda Eronning, 2024 yilda esa Belarusning SHHTga qo'shilishi tashkilotning geografik qamrovi hamda siyosiy nufuzini sezilarli darajada kengaytirdi va uni dunyoning eng yirik mintaqaviy tashkilotlaridan biriga aylantirdi.
Shuningdek, yangi davlatlarning a'zo bo'lishi SHHT doirasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini ham kengaytirdi. Xususan, savdo, investitsiya va transport-logistika sohalaridagi hamkorlik uchun yangi sharoitlar yaratildi.
O'zbekistonning SHHT davlatlari bilan tashqi savdo ko'rsatkichlari
SHHTga a'zo mamlakatlar, ayniqsa, Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari, O'zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlari qatoriga kiradi.
2017–2024 yillar davomida O'zbekistonning SHHT davlatlari bilan tovar aylanmasi 2,5 barobar oshib, 12,9 mlrd. dollardan 32,5 mlrd. dollarga yetdi. Eksport hajmi 1,6 barobar o'sib, 5,8 mlrd. dollardan 9 mlrd. dollarga ko'tarildi, import esa 3,3 barobar oshib, 7,1 mlrd. dollardan 23,5 mlrd. dollarga yetdi.
Shu bilan birga, SHHT mamlakatlari bilan tovar aylanmasi ulushi umumiy tashqi savdoda 48,6%dan 49,4%ga ko'tarildi. Eksportda ularning ulushi 46,2%dan 33,4%ga pasaydi, importda esa 50,6%dan 60,4%ga o'sdi.
2024 yilda SHHT mamlakatlariga to'g'ri kelgan eksport ulushi umumiy ko'rsatkichning 33,4%ini ($9 mlrd.) tashkil etdi. Biroq, eksport tarkibidagi oltin (2024 yilda $7,48 mlrd.) asosan boshqa mamlakatlarga yo'naltirilgani uchun, oltinsiz hisoblaganda SHHT mamlakatlarining O'zbekiston umumiy eksportidagi ulushi 46,3%ga teng bo'ldi.
2024 yilda 2023 yilga nisbatan O'zbekistonning SHHT mamlakatlari bilan tovar aylanmasi 0,1%ga o'sib, 32,5 mlrd. dollardan 32,54 mlrd. dollarga yetdi. Eksport 3,5%ga kamayib, 9,33 mlrd. dollardan 9,01 mlrd. dollarga tushdi, import esa 1,6%ga ko'tarilib, 23,17 mlrd. dollardan 23,53 mlrd. dollarga yetdi.
2024 yilda O'zbekistonning SHHT mamlakatlari bilan tashqi savdosida eng katta ulush quyidagi davlatlarga to'g'ri keldi:
Tovar aylanmasida: Xitoy – $12,5 mlrd. (38,4%), Rossiya – $11,63 mlrd. (35,7%), Qozog'iston – $4,28 mlrd. (13,1%).
Eksportda: Rossiya – $3,7 mlrd. (40,9%), Xitoy – $2,1 mlrd. (22,8%), Qozog'iston – $1,45 mlrd. (16,1%), Qirg'iziston – $631,5 mln. (7,1%), Tojikiston – $605,0 mln. (6,8%).
Importda: Xitoy – $10,43 mlrd. (44,3%), Rossiya – $7,95 mlrd. (33,8%), Qozog'iston – $2,83 mlrd. (12%).
Shu bilan birga, 2024 yilda SHHT mamlakatlaridan O'zbekistonga yo'naltirilgan to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar umumiy hajmi $11,4 mlrd.dan oshdi(umumiy to'g'ridan to'g'ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarning 46,6%).
Muhim jihatlardan biri – SHHT davlatlari O'zbekistonning tayyor eksport mahsulotlari uchun asosiy bozorga aylandi. Xususan, O'zbekistondan eksport qilinayotgan meva-sabzavot va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, elektrotexnika tovarlari, shuningdek, to'qimachilik va avtomobil sanoati mahsulotlarining asosiy qismi (80%dan ortiq) aynan SHHT mamlakatlariga yetkazib beriladi.
O'z navbatida, O'zbekiston SHHT a'zo davlatlaridan iqtisodiyot rivoji uchun zarur bo'lgan mahsulot va xomashyo importini amalga oshiradi. Bu nafaqat ishlab chiqarish korxonalarining samarali faoliyat yuritishi, balki ichki bozordagi iste'molchilar talabini qondirishda ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, metall mahsulotlari, yog'och va neft mahsulotlarining asosiy qismi SHHT davlatlaridan keltiriladi.
Bundan tashqari, O'zbekistonga import qilinadigan mashinalar va uskunalarning 50%dan ortig'i, jumladan tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur bo'lgan butlovchi qismlar ham SHHT davlatlaridan, asosan Xitoydan olib kelinadi.
SHHT mamlakatlari O'zbekistonning oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda ham muhim o'rin egallaydi. Chunki umumiy oziq-ovqat importining taxminan 70%i SHHT mamlakatlari hissasiga to'g'ri keladi. Jumladan, Rossiya va Qozog'istondan asosiy hajmda yog'-moy hamda don mahsulotlari yetkazib beriladi.
Shu o'rinda ta'kidlash joizki, SHHTning asoschi davlatlaridan biri sifatida, O'zbekiston Markaziy Osiyoning markazida joylashgan va tashkilotga a'zo barcha davlatlar bilan yaqin, do'stona aloqalarni qo'llab-quvvatlaydi hamda ular bilan ko'p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdordir.






























