IA DUNYO
Markaziy Osiyoda suv tanqisligi va iqlim o'zgaruvchanligi kuchayib borayotgan sharoitda O'zbekiston va Finlyandiya suv resurslarini samarali boshqarish bo'yicha ilmiy hamkorlikning yangi yo'nalishini amalga oshirmoqda. Bu hamkorlik raqamli innovatsiyalar va barqaror rivojlanish tamoyillarini birlashtirgan ilmiy diplomatiya namunasiga aylandi.
2021 yilda O'zbekiston Respublikasi Tog'-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Finlyandiya Geologiya xizmati (GTK) o'rtasida tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni takomillashtirish bo'yicha anglashuv memorandumi imzolangan edi. Ushbu hamkorlik loyihasi 2021–2024 yillarda amalga oshirilib, Markaziy Osiyo miqyosida suv resurslarini raqamli boshqarish sohasidagi ilg'or tajribalarni tatbiq etishga qaratilgan.
Qog'oz kartalardan raqamli ma'lumotlarga.
O'zbekistondagi ko'plab gidrogeologik ma'lumotlar yillar davomida faqat qog'oz kartalarda mavjud edi.

Finlyandiya bilan hamkorlikda ushbu ma'lumotlar ArcGIS platformasi yordamida raqamlashtirildi va yagona milliy ma'lumotlar bazasi yaratildi. Endi mutaxassislar yer osti suvlarining zaxiralarini kuzatib borish, suv balansini tahlil qilish va iqlim o'zgarishlarining ta'sirini bashorat qilish imkoniyatiga ega bo'ldi.
Fin ekspertlari tomonidan o'zbek mutaxassislari uchun maxsus o'quv seminarlari o'tkazilib, raqamli kartografiya va geoma'lumotlarni qayta ishlashning zamonaviy usullari joriy etildi. Bu nafaqat kasbiy salohiyatni oshirishga, balki ilmiy asoslangan va ochiq suv boshqaruvi tizimini shakllantirishga xizmat qildi.
Ilmiy hamkorlik amaliyoti: Ohangaron tajriba maydoni.
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida pilot maydoni tashkil etildi.
U yerda o'zbek va fin mutaxassislari hamkorlikda geofizik tadqiqotlar va yer osti suv oqimlarini raqamli modellashtirish ishlarini amalga oshirishdi. Hosil bo'lgan gidrogeologik modellar suv sathi o'zgarishlarini bashorat qilish, suv ta'minotini rejalashtirish va quruqchilik xavfi yuqori bo'lgan hududlarni aniqlash imkonini beradi.
MODFLOW dasturiy majmuasi asosida yaratilgan modellar suv resurslarini taqsimlashda ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilishga yordam beradi. Bu ayniqsa Markaziy Osiyo kabi suv zaxiralari cheklangan mintaqalar uchun juda muhimdir.
Evropa hamkorligi – iqlim barqarorligi sari.
O'zbekiston va Finlyandiya o'rtasidagi hamkorlik Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda iqlimga moslashuv va barqaror rivojlanishni qo'llab-quvvatlash bo'yicha keng qamrovli strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Yevropa texnologiyalari va O'zbekiston ilmiy salohiyatini birlashtirgan holda, loyiha suv xavfsizligi va ekologik barqarorlikni ta'minlashda xalqaro hamkorlikning samaradorligini namoyon etmoqda.
2025 yilda ushbu hamkorlik natijalari xalqaro miqyosda e'tirof etildi. Water jurnalida (Scopus bazasi) qo'shma ilmiy maqola — “Assessing Climate Change Impacts on Groundwater Recharge and Storage Using MODFLOW in the Akhangaran River Alluvial Aquifer, Eastern Uzbekistan” nashr etildi.
Shuningdek, Finlyandiya bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik Yevropa ilmiy muassasalari bilan yangi imkoniyatlar ochdi. Xususan, Italiyaning Paduya universiteti bilan geologik xavflarni monitoring qilish bo'yicha, Belarus Geologiya ilmiy-ishlab chiqarish markazi bilan yer osti suvlarini kuzatish sohasida qo'shma dasturlar yo'lga qo'yildi.
Barqaror kelajak sari.
Finlyandiya bilan hamkorlik nafaqat zamonaviy texnologiyalar almashinuvini, balki iqlim o'zgarish sharoitida tabiiy resurslardan mas'uliyat bilan foydalanish madaniyatini shakllantirmoqda. Milliy raqamli