IA DUNYO
2025 yil 15–16 noyabr kunlari Toshkent shahrida bo'lib o'tayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-chi maslahat uchrashuvi mintaqadagi o'zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va strategik sheriklikni mustahkamlashda yangi bosqichni boshlab bermoqda.
Ushbu anjumanda iqtisodiy integratsiya, ekologik barqarorlik va transport aloqalarini rivojlantirish bilan bir qatorda, mehnat bozoridagi hamkorlik va inson kapitali rivoji ham asosiy yo'nalishlardan biri sifatida belgilanmoqda.
Markaziy Osiyoda umumiy mehnat makoni – barqaror taraqqiyot garovi
Bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlarini birlashtirib turgan eng muhim omillardan biri — inson salohiyatidir. Mintaqadagi mehnat resurslari ulkan iqtisodiy imkoniyatlarni anglatadi va ulardan samarali foydalanish barcha davlatlar uchun ustuvor vazifa hisoblanadi
.
Mehnat bozoridagi umumiy yondashuv, kadrlar harakatlanishini qonuniy asosda tashkil etish va malakali mutaxassislar almashinuvini yo'lga qo'yish orqali Markaziy Osiyoda umumiy mehnat makonini shakllantirish — bugungi kun talabi.
Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan “qonuniy, xavfsiz va tartibli mehnat migratsiyasi” siyosati mintaqaviy hamkorlikning muhim bo'g'ini sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
O'zbekistonning mehnat migratsiyasi sohasidagi zamonaviy yondashuvi
Tuzilganiga endigina bir yil bo'lgan, O'zbekistonning yangi Migratsiya agentligi mamlakat mehnat mobilligini boshqarish haqidagi tasavvurni tubdan o'zgartirmoqda — xorijda vaqtincha ish bilan bandlikdan tortib, xorijdan qaytgan fuqarolarni kasbiy reintegratsiya qilishgacha.
Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan agentlik tashqi mehnat migratsiyasi sohasida davlat siyosatini muvofiqlashtiradi, fuqarolarning xorijdagi huquqlarini himoya qiladi hamda malakali ish bilan ta'minlash uchun yangi ko'priklarni yaratmoqda.
Bugungi kunda O'zbekiston Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Slovakiya, Angliya, Sloveniya, Shvetsiya, Germaniya, Italiya, Bolgariya va boshqa davlatlar bilan rasmiy mehnat kelishuvlarini amalga oshirib kelmoqda. Bu yo'nalishdagi tizimli ishlar fuqarolar uchun yangi ish o'rinlarini yaratish bilan birga, xorijdagi yurtdoshlarimizning huquqiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Mintaqaviy hamkorlik – inson kapitalini rivojlantirishdagi strategik yo'nalish
Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasidagi mehnat va ta'lim sohasidagi hamkorlik nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy va madaniy yaqinlashuvni ham ta'minlaydi.
O'zbekiston bu jarayonda faol ishtirok etib, qo'shni mamlakatlar bilan mutaxassislar tayyorlash, mehnat bozori axborotlarini almashish, malaka tan olish tizimlarini uyg'unlashtirish borasida aniq tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Ayniqsa, migratsiya jarayonlarini raqamlashtirish, yagona ma'lumot platformalarini yaratish va mehnat faoliyatini qonuniylashtirish sohalarida mintaqaviy hamkorlik muhim ahamiyatga ega.
Inson kapitalini rivojlantirish – kelajak taraqqiyotining asosi
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, “Inson kapitali — mamlakatning eng katta boyligi va kelajak taraqqiyotining asosidir”
Shu nuqtai nazardan, mamlakatda kasbiy ta'lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, yoshlarni chet elda mehnat faoliyatiga tayyorlash va ularning malakasini tasdiqlash bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Migratsiya agentligi qoshida tashkil etilgan tayyorlov markazlari, xorijda talab yuqori bo'lgan kasblar bo'yicha ta'lim dasturlari hamda psixologik va huquqiy maslahat xizmatlari — inson kapitalini samarali rivojlantirishning amaliy ko'rinishi hisoblanadi.
Yakuniy xulosa
Toshkentda o'tkazilayotgan navbatdagi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi — mintaqamizning inson salohiyatiga tayanadigan, ochiq va hamkorlikka asoslangan kelajak sari qadamidir.
O'zbekiston bu jarayonda hamisha faol va tashabbuskor bo'lib, umumiy mehnat bozorini rivojlantirish, inson kapitalini oshirish va fuqarolar manfaatini ta'minlashga qaratilgan siyosatni izchil davom ettirmoqda.






























